Ushbu jahon anjumani Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari boʻyicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bagʻishlanadi.
Boʻlajak Toshkent xalqaro forumining asosiy milliy tashkilotchisi – Oʻzbekiston Hukumati nomidan – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi. Mamlakatimizdagi barcha yoshlar tashkilotlari xalqaro anjumanga faol jalb etilyapti.
Xalqaro forumni tashkil etishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi.
Onlayn va oflayn tarzda oʻtkaziladigan Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari qatnashadi.
Xalqaro forumda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi saʼy-harakatlar va ilgʻor tashabbuslar uchun istiqbolda mustahkam tagzamin vazifasini oʻtaydigan asosiy natijalar va amaliy tavsiyalar oʻz mujassamini topadigan yakuniy hujjat – Markaziy Osiyo yoshlari deklaratsiyasi ishlab chiqilishi va qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.