Probatsiya xizmati qonun bilan tartibga solinadi

    Xavfsizlik 27 Oktabr 2023 1910

    Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida “Probatsiya toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlanganidek, soʻngi yillarda mamlakatimizda ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda probatsiya xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Probatsiya xizmati huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ularga barham berishga, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablarini va ularga imkon beradigan shart-sharoitlarni aniqlashga, bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirib kelyapti.

    Jumladan, 2021-yilda probatsiya boʻlinmalari nazorati ostidagi shaxslar tomonidan 1 086 ta jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 845 tani, 2023-yilning 9 oyida esa 353 tani tashkil etgan.

    Shu bilan birga, bugungi kunda sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish, ozodlikni cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish va majburiy jamoat ishlari jazolarini ijro etish, shuningdek, shartli hukm qilingan va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilishni tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi huquqiy boʻshliq va ayrim hollarda ziddiyatlarga olib kelyapti.

    Shu boisdan, Ushbu Qonun bilan probatsiyani amalga oshirish sohasidagi munosabatlar, jumladan probatsiya tizimining asosiy tushunchalari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazorati va ijtimoiy moslashtirish shakllarini qoʻllash tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, ularga nisbatan elektron kuzatuv vositasini qoʻllash masalalari tartibga solinyapti.

    Xususan, probsiyani amalga oshirish sohasida Hukumat, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining vakolatlari aniq belgilab qoʻyilyapti.

    Probatsiya nazoratini amalga oshirishga koʻmaklashuvchi subyektlar jumlasiga mehnat organlari, davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sogʻliqni saqlash muassasalari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda uning hududiy boʻlinmalari, taʼlim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va taʼlim tashkilotlari, Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy boʻlinmalari kiritilyapti.

    Shuningdek, probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularning taʼlim olishiga, kasb-hunar oʻrganishiga va ishga joylashishiga koʻmaklashish vositasida jamiyatning toʻla huquqli aʼzosiga aylanishiga qaratilgan faoliyat tartibga solinyapti.

    Probatsiya nazoratidagi shaxslarga ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatish, jumladan, tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalarining vakolatlariga kirmaydigan ijtimoiy va huquqiy masalalar boʻyicha probatsiya nazoratidagi shaxslarga tuman (shahar) probatsiya boʻlinmalarining yoʻllanmasi asosida davlat organlari tomonidan ijtimoiy va huquqiy yordam koʻrsatilishi nazarda tutilgan.

    Bundan tashqari, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan nazorat qilish uchun elektron kuzatuv (elektron braslet) vositasini taqish va yechish hamda foydalanish tartibi belgilanadi.

    Jumladan, elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga, homilador ayollarga, uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga, tibbiy koʻrsatmalarga koʻra elektron kuzatuv vositasini (elektron brasletni) taqish tavsiya etilmaydigan boshqa shaxslarga qoʻllanilishi mumkin emas.

    Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi probatsiya tizimidagi huquqiy boʻshliq va ziddiyatlarni bartaraf etishga, milliy xususiyatlar va sharoitlarni eʼtiborga olgan holda xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani implementatsiya qilishga, shuningdek probatsiya amaliyotida yuzaga kelayotgan masalalarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.