Unda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilish rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Shuningdek, yillik rejaga asosan Qurolli Kuchlar qurilishi, uni yanada rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni oʻtashi va mamlakat harbiy xavfsizligini taʼminlashga oid boshqa masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, 2023-yilning oʻtgan davrida Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida mudofaa vazirining axboroti eshitildi.
Dastlab majlis ishtirokchilari «2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi, “Soliq va byudjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlarni koʻrib chiqdilar.
Qonunlarga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan senator va ekspert oʻzlarining fikrlarini bildirib, qonun tashabbuskorlaridan yangi kiritilayotgan normalar yuzasidan tushuntirishlarni soʻradi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng majlisda Mudofaa vazirligi tizimidagi ishlarga eʼtibor qaratildi.
Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining doimiy jangovar shayligini saqlash maqsadida joylarda 1 000 dan ortiq toʻsatdan tekshiruvlar real jangovar vaziyatlarga yaqinlashtirilgan sharoitda oʻtkazildi.
Buning natijasida operativ tayyorgarlik tadbirlarining soni oʻtgan yilga nisbatan 1,2 barobarga koʻpayib, qoʻmondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishildi.
Mudofaa vazirligida qoʻshinlarning jangovar tayyorgarligini tashkil etishda asosiy eʼtibor batalyon va divizionlarning avtonom tarzda jang olib borish qobiliyatlarini oshirishga qaratilgan.
Qoʻshinlardagi barcha amaliy mashgʻulotlar va taktik oʻquvlar asosiy bosqichining 50 foizi real jangovar harakatlar dinamikasiga yaqinlashtirilgan holda tungi vaqtlarda oʻtkazilgan.
Shu bilan birga, joriy yilning oʻtgan davrida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish hamda xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish tadbirlari rejali amalga oshirilgan.
Jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, shuningdek, bilim saviyasi boʻyicha yuqori koʻrsatkichlarga erishgan 5 mingga yaqin muddatli harbiy xizmatchiga oliy oʻquv yurtlariga imtiyozli oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar berildi.
Joriy yilning oʻtgan davrida Qurolli Kuchlar Akademiyasida harbiy pedagogika va psixologiya mutaxassisliklari boʻyicha 2 yillik maxsus sirtqi taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Qoʻshinlarni yangi namunadagi qurol-aslaha va texnikalar bilan taʼminlash, modernizatsiya qilish va taʼmirlash ishlari davom ettirilgan.
Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati tizimli yoʻlga qoʻyilgan.
2023-yilning 11 oyida Mudofaa vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan 4 074 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 826 tasi ijobiy hal etilgan, 2 005 ta murojaatga huquqiy maslahat berilgan va 243 tasi oʻrganib chiqilyapti.
Mudofaa vazirligi rahbariyati va masʼul xodimlari tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabullarda 814 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilingan va ularga tegishli amaliy yordam koʻrsatilgan.
Oʻz navbatida, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining muhokama etilgan masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.
Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi farmon va qarorlarda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida, sifatli bajarilishini taʼminlash, masʼul rahbarlarning bu boradagi shaxsiy masʼuliyatini yanada oshirish, fuqarolar murojaatlarida eng koʻp koʻtarilgan masalalarni tahlil qilish va ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan har bir muammoli masalalarga oʻz vaqtida hamda asosli munosabat bildirish, murojaatlarni oʻrganishda xodimlarning masʼuliyatini yanada oshirish hamda ichki nazoratni kuchaytirish boʻyicha aniq choralarni koʻrish masalalari qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.