Qoraqalpogʻiston turizmini rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi

    Turizm 5 May 2023 1738

    Madaniyat va turizm vazirligi Germaniyaning “Gesellschaft für internationale Zusammenarbeit — GIZ” tashkiloti bilan yaqindan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish yuzasidan bir qator ishlar tashkil etilyapti.

    Jumladan, ikki tashkilot hamkorligida Qoraqalpogʻiston Respublikasini noyob sayyohlik yoʻnalishi sifatida namoyon etuvchi «2023-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizmni barqaror rivojlantirish” strategiyasi ishlab chiqildi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasining strategiyasi maqsadi — turizm mahsulotlarini diversifikatsiya qilish va xizmatlar sifatini koʻtarish, infratuzilmani yaxshilash, yangi sayyohlik yoʻnalishlarini yaratish, eksportni oshirish va tashqi turizm bozorlarida targʻibot ishlarini olib borish, yangi ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirilgan.

    Strategiyaga muvofiq, bir qator ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati. Unga koʻra:

    - Qoraqalpogʻiston hududida mehmonxonalar tizimida diversifikatsiya qilish, yaʼni hududda yulduz toifali, shu jumladan, 4 va 5 yulduzli mehmonxona tashkil etish;

    - mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun transport-logistika tizimini yaxshilash, xususan, mahalliy hamda xorijiy avia/temir yoʻl qatnovlarni tashkil etish. Kelgusida Qoraqalpogʻistonni mamlakatning turizm shaharlari, jumladan, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlari bilan transport aloqalarini oʻrnatish;

    - tajriba va bilimga ega boʻlgan ingliz, rus, nemis, fransuz, italyan, turk, ispan tillarida soʻzlashuvchi gidlarni tayyorlash, turizm sohasida kasb-hunar va oliy taʼlim sifatini oshirish;

    - ushbu hududda sayyohlarning qolish davomiyligi (tunash) va ular tomonidan sarflanadigan xarajatlarni yiliga oʻrtacha 7-10 % ga oshirish;

    - 2026-yilga kelib Qoraqalpogʻistonga keluvchi xorijiy turistlar sonini 180 000 (2022-yilda 50 ming) va mahalliy turistlar sonini 1 million nafarga yetkazish (2022-yilda 552 ming), turizm xizmatlari eksportini 13,5 dan 60 million dollarga yetkazish, joylashtirish vositalarida xonalar sonini 1 005 tadan 1 905 taga yetkazish;

    - Eko, etno, madaniy-tarixiy, ziyorat, arxeologik, gastronomik va safari turizm yoʻnalishida yangi mahsulotlar yaratish hamda turistik dasturlar ishlab chiqish;

    - Xorazm viloyati bilan qadimiy qalʼalar boʻylab turizm marshrutini rivojlantirish, Savisky muzeyi, Orol dengizi, Sudochye koʻli va Ustyurt platosi imkoniyatlaridan samarali foydalanish;

    - Marketing choralarni koʻrish va xalqaro sayyohlik platformalarida Qoraqalpogʻiston turizm mahsulotlarini joylashtirish.