Ukraina intellektual mahsulot eksporti boʻyicha TOP 25talik ichida

Ukraina Sobiq Ittifoqdan ajralib chiqqach, barcha mustamlakachilar qatori kuchsiz va himoyasiz edi. Oradan yillar oʻtib, hukumatning IT va ilm-fanga bergan katta eʼtibori oʻz mevasini bera boshladi. 2011-yilda IT xizmatlaridan kelgan daromad mamlakat tarixida birinchi marta qurol eksporti hajmidan oshib ketdi va iqtisodiyotni koʻtaradigan asosiy tarmoqlardan biriga aylandi.

Bugun ukrainalik aytishniklar onlayn oʻyinlarni ishlab chiqishdan tortib, turli jarayonlarni optimallashtirish va avtomatlashtirishgacha boʻlgan xizmatlarni bajarishadi. Xalqaro savdo markazining maʼlumotlariga koʻra, Ukraina dunyodagi intellektual mahsulotlarning eng yirik 25 eksportchisi qatoriga kiradi, eksportning 70 foizi maxsus dasturiy taʼminotlarni tashkil etadi.

Bugungi kunda mamlakatda 4 mingdan ortiq IT xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniya, 200 mingdan ortiq IT mutaxassislari bor. Bu sonlar yildan-yilga oshib bormoqda.

IT sohasida shuncha natijalarga erishishiga qaramasdan Ukraina oʻz IT bozorini jahon miqyosida tanitish uchun global marketing kompaniyalariga katta pul tikadi. Qolaversa, bu sohaga investitsiya kiritish va ichki bozorda kompaniyalararo sogʻlom raqobatni rivojlantirishga ham katta ahamiyat beriladi.

IT mutaxassislari taqchilligini yoʻqotish Isroil tajribasi qanday edi?

Isroil IT sohasi endigina rivojlana boshlaganida yaxshi mutaxassislarning boshqa davlatlarga ketib qolishi muammosiga duch keldi.

Xoʻsh, mamlakatda IT sohasi mutaxassislari yetishmovchiligini qanday bartaraf etdi?

Birinchidan, IT sektorini jozibador qilish uchun hukumat mamlakatda startap loyihalari, biznes markazlari rivojini qattiq qoʻllab-quvvatladi, bu borada qator imtiyozlar berdi. Natijada, investorlar innovatsiya olamida isteʼdodli gʻoyalarga pul tika boshladi. Bu esa IT mutaxassislariga ehtiyojni birdan oshirib yubordi.

Ikkinchidan, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining IT boʻyicha bilimlari bozor talablariga mos emasligi aniqlanadi. Natijada, vaqtdan yutish maqsadida,mutaxassislarni tez va sifatli tayyorlovchi xususiy markazlarga eʼtibor kuchaytiriladi. Shuning uchun ham bugun Isroilda birorta yirik kompaniya diplom talab qilmaydi va oʻz xodimlarini oʻqitish bilan shugʻullanmaydi: mutaxassislar bilimni asosan xususiy markazlarda va amaliyot chogʻida oladilar.

Bugun mamlakatda 9,467 million aholi yashasa, shundan 200 mingdan ortigʻi IT mutaxassislaridir. Ular bugun dunyo IT bozorida oʻz oʻrniga ega.

Isroilning asosiy yutugʻi IT — kelajak sohasi ekanligini aksariyat davlatlardan oldin, 25 yil ilgari proznoz qilib, bor kuchni uning rivojiga qaratganidir.

Gruziyani botqoqdan nima qutqargan?

Bundan oʻn yetti yil ilgari Gruziyada “rangli inqilob” natijasida hokimiyat tepasiga kelgan Saakashvilining nomi eslanganda uning Gruziyada amalga oshirgan islohotlari tilga olinadi.

Saakashvili mamlakatdagi jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borgan, koʻplab vazirlik va tashkilotlarni tugatib, ixchamlashtirgan. Ungacha boʻlgan 20 turdagi soliqdan, bor yoʻgʻi yettitasini qoldirib, qolganini bekor qilgan.

U boshqa sohalar qatori taʼlim tizimini oʻzgartirishga ham katta eʼtibor bergan.

2010-yilda Saakashvili maktab oʻquvchilariga noutbuk tarqatish gʻoyasini ilgari suradi va oʻsha yili bir nechta maktabda bu ish amalga oshiriladi. 2011-yilda esa butun Gruziya boʻylab, birinchi sinfga borgan har bir oʻquvchiga davlat tomonidan bepul noutbuklar tarqatilgan.

Oʻquvchilarga berilgan noutbuklarda, asosan, oʻquv dasturlari, turli xorijiy tillarni oʻrganish, matematika va turli fanlarni oʻyinlar yordamida oʻzlashtirish dasturlari oʻrnatilgan edi.

Gruziyada bugun ham oʻsha dastur ishlayapti va birinchi sinfga boradigan oʻquvchilarga noutbuk tarqatiladi.

Ayni paytda Gruziya Sobiq Ittifoqdan qolgan eski tizim bilan boshqariladigan qoloqlik botqogʻidan chiqib olib, shiddat bilan rivojlangan davlatlardan biri. Uni, shubhasiz, taʼlim va kompyuter texnologiyalariga boʻlgan eʼtibor shu darajaga olib chiqdi.

Bugungi kunda Gruziya etakchi dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchilari va boshqa axborot texnologiyalari kompaniyalari uchun jozibador mamlakatga aylangan.

Eng muhimi, Gruziyaning IT mutaxassislari dunyoning istalgan eng kuchlikompaniyalarida bemalol ish topib keta oladi!

IT — Belorussiya iqtisodiyotining motori?

Bir paytlar Belorussiya tang ahvolda qolayotgan davlat edi. Na eksport qiladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, na tabiiy boyliklari boʻlgan ushbu mamlakat iqtisodiy tanglikdan chiqish yoʻlini IT taʼlimida deb bildi va bu mutlaqo toʻgʻri edi.

2006-yili IT kompaniyalari uchun birinchi imtiyozlar joriy etila boshlandi. Oradan oʻn yil oʻtib, kompyuter xizmatlarining eksporti 30 baravar koʻpayib, 956 million dollardan oshdi. 2017-yilda milliarddan oʻtdi. 2018-yil oxiriga kelib esa, bu sonlar deyarli 2 milliard dollarga etgan.

Bugungi kunga kelib, Belorusiya iqtisodiy oʻsishining chorak qismi IT sohasi tomonidan taʼminlanadi. Belaruslik dasturchilari tomonidan ishlangan “World of thanks” va Wargaming kampaniyasidagi shunga oʻxshash oʻyinlar, shuningdek, soʻnggi yillarda Google va Facebookga koʻpgina loyihalar katta pulga sotilgan. Taniqli muvaffaqiyatli loyihalar qatorida Kiprda roʻyxatdan oʻtgan Maps.me, MSQRDlarni misol keltirish mumkin.