Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi

    Moliya 25 Oktabr 2023 1280

    Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi, unda soliq va byudjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan qonun hamda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.

    Dastavval, “Soliq va byudjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet, Soliq kodekslari, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.

    Xususan, Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va byudjetnomani Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament palatalariga kiritish muddati aniq belgilanadi.

    Byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash maqsadida tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish boʻyicha maʼlumotlarni oʻz rasmiy veb-saytlari, shuningdek, “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirib borishi Byudjet kodeksida aks ettirilyapti.

    Shuningdek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasiga begʻaraz yordam doirasida kelgan tibbiy asbob-uskunalardan pullik xizmatlar koʻrsatish uchun foydalanish imkoni yaratilmoqda.

    Bundan tashqari, byudjet tashkilotlariga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan soliq undirish va toʻlash tartibini, foydalanilmayotgan binolar, ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalariga nisbatan tegishli soliqlarning oshirilgan stavkalarini qoʻllash tartibi bekor qilinyapti.

    Soʻngra majlisda Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini oʻrganish natijalariga ham batafsil toʻxtalib oʻtildi.

    Xususan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi doirasida qator natijalarga erishilganligi hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan qator masalalar mavjudligi aniqlangan.

    Jumladan, 2023-yil yanvar-sentyabr oylarida yalpi hududiy mahsulot hajmi Buxoro viloyatida 37,1 trillion soʻmni, Qashqadaryo viloyatida 41,6 trillion soʻmni tashkil etgan.

    Shuningdek, investitsiya dasturlari doirasida Buxoro viloyatida 463 ta loyiha ishga tushirilib, 351,3 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan boʻlsa, Qashqadaryo viloyatida 795 ta loyiha ishga tushirilgan hamda 245,5 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan.

    Iqtisodiy faollikning oshishi natijasida yangi kichik tadbirkorlik subyektlari soni Buxoro viloyatida qariyb 4,5 mingga yetib, faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 27,5 mingdan oshgan. Qashqadaryo viloyatida esa qariyb 5 mingga yaqin yangi kichik tadbirkorlik subyektlari tashkil etilishi hisobiga faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 29 mingdan oshgan.

    2023-yilgi ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida Buxoro viloyatida 63 ta obyektda 7,0 trillion soʻmdan ziyod qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan, shundan 35 ta obyekt foydalanishga topshirilgan. Qashqadaryo viloyatida mazkur dastur doirasida 166 ta obyektda 1,0 trillion soʻmdan ziyod qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan va shundan 98 tasi foydalanishga topshirilgan.

    Shuningdek, oʻz vaqtida tegishli choralar koʻrilmaganligi tufayli amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, ikkala hududda ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini taʼminlashda muammo va kamchiliklar mavjudligi taʼkidlandi hamda ularni oldini olish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar kelishib olindi.

    Majlisda hududlarda bandlik dasturi ijrosini taʼminlashda ham qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilib kelinayotganligi qayd etilib, masʼul rahbarlarning axborotlari eshitildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarolari qabul qilindi.