Sifatsiz qurilishlar buzib tashlandi

    Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 1215 ta  koʻpqavatli uy-joy,  bino va inshoot obyektlarida nazorat tekshiruvlari oʻtkazildi.

    Aniqlangan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan buyurtmachi texnik nazoratchisi, loyihachining mualliflik nazoratchisi hamda pudratchilarga “Qurilishda davlat nazorati” milliy axborot tizimida bajarilishi majburiy boʻlgan holatlar boʻyicha 1531 ta yozma koʻrsatmalar berildi. Berilgan koʻrsatmalarni oʻz vaqtida bartaraf etmagan 73 ta mansabdor shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida«gi Kodeksning 99-moddasiga asosan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanildi.

    Loyihalashtirish va pudrat tashkiloti ishlaridagi kamchilik va xatoliklari uchun litsenziya va ruxsatnomalarni toʻxtatishga, nazorat paytida ishlatilgan va ishlatishga moʻljallangan sifati past, yaroqsiz qurilish materiallar va buyumlarni muvofiqlik sertifikatini bekor qilish, mualliflik va texnik nazorati, ish yurituvchilar ishlaridagi kamchilik va xatoliklariga yoʻl qoʻyganlik uchun qurilish obyektidan chetlashtirish yuzasidan 23 ta taqdimnomalar kiritildi.

    — Sifatsiz va loyihadan chetlangan holda bajarilgan 23 ta qurilish ishlari poydevor, gʻisht devor, temir-beton konstruksiyalar hamda izolyatsiya va pardozlash ishlari buzdirildi, — deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi Bakirjon Ahmadjonov. — Monitoring oʻtkazish jarayonlarida aniqlangan 42 holatda esa noqonuniy qurilish-montaj ishlarini vaqtincha toʻxtatish toʻgʻrisida buyurtmachilarga ogohlantirish xatlari berildi.

    Qurilish obyektlarida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmayotganlik bilan bogʻliq koʻplab kamchiliklar bor. Qurilish maydonidagi barcha shaxslar himoya kaskalarida boʻlishi lozim boʻlsada, amalda bunday vositalari bilan taʼminlanmagan. Yuqori qavatlarda ishlovchilar uchun maxsus belbogʻlar yoʻq. Shikastlanganlarga dastlabki yordam koʻrsatish uchun dori aptechkalar, zambillar, qisib quyish uchun shina va boshqa zaruriy vositalarga ega boʻlgan xona yoki joylar ajratilmagan. Qurilish maydonchasining tashkil etishda xavfli zonalar xavfsizlik belgilari va belgilangan shakldagi yozuvlar bilan belgilab qoʻyilmaganligi aniqlandi.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.