Tadbir gender tamoyillarini siyosiy hayotda targʻib qiluvchilar boʻlmish milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, siyosiy partiyalarning xotin-qizlar qanotlari va mahalliy Kengashlar aʼzolarining salohiyatini oshirish, imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berish uchun kerakli koʻnikmalar bilan qurollantirish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir doirasida “Siyosat sohasidagi yetakchi ayol: oʻrnak boʻladigan inson” mavzusidagi eng yaxshi ssenariylar tanlovining gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Mazkur tanlov joriy yil mart oyida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan.
Siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik oʻzgarishlar boʻlayotgan bugungi kunda gender sezuvchan parlamentlarga ehtiyoj har qachongidan ham koʻproq. Buning uchun siyosiy iroda, yetakchilik, introspeksiya, strategik rejalashtirish, islohot, resurslar va javobgarlik talab etiladi.
Siyosatdagi gender tenglik barchaning xilma-xil va bir-biriga mos keladigan ehtiyojlarini hisobga olgan holda inqirozlarga yaxshiroq javob berishga imkon beradi va shu bilan yanada samarali natijalarga erishiladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan 50 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.
Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashi kafolatlangan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2023-yil 18-dekabrda imzolagan Qonunda (OʻRQ–883-son) saylovlarda ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi belgilandi.
Oʻzbekiston BMT Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umumeʼtirof etilgan normalariga sodiq ekanligini doimo koʻrsatib kelgan.
2023-yil 1-yanvarda Parlamentlararo ittifoq tomonidan eʼlon qilingan “Ayollar siyosatda” jahon reytingida dunyoning 190 milliy parlamenti orasida mamlakatimiz 45-oʻrinni egalladi.
Oʻtgan yil sentyabr oyida eʼlon qilingan ochiq gender maʼlumotlari indeksida Oʻzbekiston 69,7 ball bilan dunyoning eng yaxshi 20 ta mamlakati qatoriga kirdi.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari tarmogʻi hisobotiga koʻra Oʻzbekiston 8 pogʻonaga koʻtarildi, 166 mamlakat orasida 69-oʻrinni egalladi (2022-yilda 77-oʻrinda edi).