Jahon andozalari darajasida bilim olgan, zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlar tayyorlash oʻqitish tizimining tashkil etilganiga bogʻliq. Shu bois, taʼlim sohasining barcha bosqichini isloh qilish, xalqaro andoza va zamonaviy talablar asosida tashkil etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan ezgu gʻoyasi hamda uzluksiz taʼlim tizimida ishlayotgan murabbiylar, pedagoglar, professor-oʻqituvchilar, umuman, ziyolilar yangi Uygʻonish davrining toʻrt tayanch ustuni sifatida koʻrilayotgani buning yaqqol ifodasidir.

Shuning uchun uzluksiz taʼlim tizimining barcha bosqichida zaruriy islohotlar kechmoqda. Yaqin yillarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5 mingdan 29 mingga oshirilib, tarbiyalanuvchilar qamrovi 24 foizdan 70 foizga yetkazildi. Umumiy oʻrta taʼlim 11 yillik qilindi. 9-sinf bitiruvchilari uchun professional kasb-hunar taʼlimi muassasalari va texnikumlar tashkil qilindi. Oliy taʼlimga qabul jarayonida uchrayotgan muammmolarni bartaraf qilish maqsadida qabul mexanizmida ham tegishli islohotlar oʻtkazildi. Xususan, maktab bitiruvchilari uchun kirish test imtihonida bir-biriga yaqin boʻlgan biryoʻla 5 ta yoʻnalishli oliy taʼlim muassasasini tanlash imkoniyati yaratildi. Oliy taʼlimga qamrov qisqa muddatda 9 foizdan 38 foizga koʻtarildi. Natijada oliy taʼlim muassasalari soni 77 tadan 210 taga yetdi. Bakalavriatga qabul kvotalari 5 barobar, magistraturaga 8 barobar, doktranturaga 10 barobar oshdi. Shuningdek, toʻlov-shartnoma asosida qabul kvotalariga qoʻshimcha abituriyent qabul qilish mexanizmi ishlab chiqilib, tizimda shu paytgacha uchragan korrupsion omillar yoʻq qilindi.

Oliy taʼlimda faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilarning maoshi bir necha barobar oshirilib, oʻquv yuklamasi kamaytirildi. Ilmiy darajalar beruvchi kengashlar koʻpaytirilib, ilmiy daraja va unvonlar berish tartibi soddalashtirildi. Jahon tajribasi asosida oliy taʼlim muassasalarining 40 tasiga akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillik berildi. Oliy taʼlimni optimallashtirish orqali sifat darajasini oshirish, oʻqituvchi va talabalarning oʻquv yuklamasini kamaytirish orqali fanlarni yaxshi oʻzlashtirishiga keng yoʻl ochildi.

Prezidentimiz Sirdaryo viloyatidagi saylovchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda taʼlim sohasida belgilangan rejalar haqida toʻxtalib, ilm-fan va innovatsiyalarsiz yutuqlarga erishib boʻlmasligini taʼkidladi. Buning uchun 2030-yilga borib oliy taʼlimga qamrovni 50 foizga yetkazish, OTMlar uchun qator imkoniyat va imtiyozlar berilishi haqida soʻz yuritdi. Endi qabul jarayonida abituriyent avval test sinovini topshirishi, toʻplagan baliga mos oliy oʻquv yurtini tanlash mexanizmi ishlab chiqilishi, chekka va olis hududlardagi real ehtiyojlarga qarab maqsadli qabul kvotalari shakllantirilishi, kadr tayyorlash yoʻnalishlari qayta koʻrib chiqish asosida takomillashtirilishi, ayrim yoʻnalishlarda oʻqish davrini 3 yil belgilash, talabalar turar joylari va kutubxonalar oʻrnini oshirish shular jumlasidan. Shuningdek, davlatimiz rahbari OTM professor-oʻqituvchilarining oʻquv yuklamasini kamaytirish orqali ilmiy tadqiqot ishlariga jalb qilish surʼati oshirilishi, yiliga 200 nafar professor-oʻqituvchining davlat hisobidan xorijda ilmiy tadqiqot qilish uchun sharoit yaratilishi, yangidan qurilayotgan uy-joylardan 20 foizdan ortigʻi oliy oʻquv yurtlari pedagoglari uchun imtiyozli kredit asosida ajratilishini bildirdi. Pedagogika oliy taʼlim muassasalariga qabul davlat granti asosida boʻlishi, bunday OTMlar uchun alohida hayʼat kengashlari tashkil qilinishi, ularni rivojlantirish boʻyicha tizimli islohotlar olib borilishi haqida maʼlumot berildi.

Bugun maktab taʼlimini rivojlantirish masalasi umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib ketganiga guvoh boʻlib turibmiz. Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining “Keling, oʻzimizga savol beraylik: bizning eng katta kamchiligimiz nimada? Kadrlar darajasida, bilimda, dunyoqarashda, vatanparvarlikda. Bularning barchasi unday emas, desak adolatdan boʻlar edi. Maktablarni oʻzgartirmay, biz insonni, jamiyatimizni oʻzgartira olmaymiz. Bu aksioma, buni hech kim rad eta olmaydi”, degan fikrini yana bir bor esga olish darkor. Mazkur fikrni mantiqiy davom ettirsak, yana bir aksioma paydo boʻladi: oliy pedagogik taʼlimni oʻzgartirmasdan, maktab taʼlimini oʻzgartira olmaymiz. Chunki taʼlim kelajak xazinasi boʻlsa, pedagogika oliy taʼlim tashkilotlari uning drayveri vazifasini oʻtaydi.

Oliy pedagogik taʼlimni isloh qilishga doir saʼy-harakatlar izchil davom ettirilmoqda. Bunga Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti misolida guvoh boʻlish mumkin. Jumladan, Prezidentimizning 2022-yil 11-maydagi “2022–2026-yillarda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni bilan universitet hamda uning huzuridagi taʼlim va ilmiy tashkilotlar Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi. Shu bilan birga, universitet pedagogika yoʻnalishi boʻyicha oʻquv rejasi va dasturlarini ishlab chiqishda yetakchi OTM etib belgilandi.

Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 21-iyundagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida OTMni 2026-yilgacha xalqaro talablarga muvofiq transformatsiya qilish hamda maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi.

Ayni paytda maktabgacha, umumiy oʻrta hamda professional taʼlim muassasalari uchun universitetda 31 bakalavriat yoʻnalishi va 30 magistratura mutaxassisligi boʻyicha pedagog kadrlar tayyorlanmoqda. OTMning 24 mingdan ortiq talabasiga 800 nafardan ortiq professor-oʻqituvchi soha sirlarini oʻrgatmoqda. Professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati 52 foizni, oʻrtacha yosh koʻrsatkichi 48 yoshni tashkil etadi.

Islohotlar samarasi oʻlaroq, Toshkent davlat pedagogika universitetida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, xalqaro reytinglarda yuqori koʻrsatkichlarga erishish, taʼlim sifatini oshirishda muayyan natijalarga erishilmoqda. Jumladan, oʻquv rejasi va dasturlarini ishlab chiqish uchun 2020/2021 oʻquv yilida 2 ta turdosh oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik qilingan, biroq jarayonga birorta ham xorijlik ekspert jalb etilmagan edi. 2022/2023-yilga kelib esa mazkur yoʻnalishda 14 ta turdosh OTM bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyildi hamda 30 nafar xorijlik ekspert jarayonda ishtirok etdi.

Universitet va uzluksiz taʼlim integratsiyasini taʼminlash maqsadida OTMda ish beruvchilarning doimiy faoliyat koʻrsatuvchi kengashi ishi yoʻlga qoʻyildi. Kadrlar buyurtmachilari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijalari va ularning takliflari asosida oʻquv rejalariga ayni paytda oʻta muhim va zarur hisoblangan “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati”, “Inklyuziv taʼlim va gospital pedagogika”, “Uzluksiz taʼlimdagi tendensiyalar va zamonaviy yondashuvlar” nomli yangi fanlar kiritildi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 21 nafar oʻqituvchisi universitetda ilmiy tadqiqot ishlari olib borishga jalb qilindi. OTMda tahsil olayotgan 2–4-bosqich talabalarining malakaviy amaliyotini Toshkent shahridagi Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi 1 ta Prezident, 3 ta ixtisoslashtirilgan, 234 ta umumtaʼlim maktabi, 6 ta maxsus maktab-internat, 26 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 3 ta akademik litsey va 5 ta professional taʼlim muassasasida tashkil etish boʻyicha shartnomalar tuzildi.

Universitet va turdosh oliy taʼlim muasssasalaridan shakllangan yetakchi professor-oʻqituvchilardan iborat mualliflar tomonidan 2022-yilda 157 ta oʻquv adabiyoti yaratilgan. 2023-yilning birinchi yarmida joriy yil uchun fanlardan yetishmayotgan 108 ta oʻquv adabiyoti nashr qilindi. OTMda ilmiy darajalar beruvchi 3 ta ilmiy kengash mavjud boʻlib, ularda 6 ixtisoslik boʻyicha ilmiy ishlar yoqlovi tashkil etilgan. 2021-yilda universitetdagi ilmiy kengashda 78 ta, 2022-yilda 179 ta dissertatsiya muvaffaqiyatli himoya qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida 144 ta dissertatsiya yoqlandi.

Oʻquv muassasamiz 2022-yilda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda OTMlar taʼsirini baholovchi THE Impact Rankings xalqaro reytingidan joy oldi. Shuningdek, 2023-yil uchun QS Osiyo universitetlar reytingida yetakchi 1000 talikdagi kuchli universitetlar qatoriga kirdi.

Talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon qilishiga imkoniyat yaratish asosiy vazifalarimizdan. Shu maqsadda universitetda 180 ta kasbiy va ijodiy toʻgarak tashkil etildi. Mazkur saʼy-harakatlar tufayli OTMlar talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan intellektual olimpiadada Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari umumjamoa hisobida 3-oʻrinni egallab, Prezidentimizning 100 ta noutbukdan iborat maxsus sovgʻasini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, “Maʼrifat maydoni” tanlovining final bosqichida universitetimizning “Avloniy izdoshlari” jamoasi 2-oʻrinni egallab, 25 million soʻm pul mukofotiga ega boʻldi.

Yoshlarning sifatli taʼlim olishi uchun munosib sharoit yaratish maqsadida OTMlar orasida birinchilardan boʻlib davlat-xususiy sheriklik asosida universitetning professional taʼlim fakulteti oʻquv binosi hududida ming oʻrinli talabalar turar joyi qurilishi boshlandi. Bundan tashqari, musiqa madaniyati fakulteti uchun 720 oʻrinli oʻquv binosini qayta taʼmirlash yakuniga yetkazilmoqda. Oʻquv binomiz hududida talabalar uchun 500 oʻrinli oshxona qurilishi tugallanayotir.

Albatta, yutuqlar oʻzimizniki. Shu bilan birga, oldimizda turgan muhim vazifalar ham kam emas. Binobarin, bugun davr shiddat bilan oʻzgarib, barcha sohalar qatori pedagogik taʼlim tizimi oldiga ham oʻta dolzarb va murakkab masalalarni qoʻymoqda. Maktabgacha va maktab taʼlim tizimini rivojlantirish, yuqori salohiyat va innovatsion tafakkurga ega oʻqituvchilarni tayyorlash hamda kasbiy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, ilgʻor xorijiy tajribalarga asoslangan yangi oʻqitish usullarini ishlab chiqish shular jumlasidan.

Mamlakatimizda zamon talablariga mos pedagog kadrlar tayyorlash, sohadagi islohotlarning samaradorligini oshirish, shuningdek, pedagogika sohasida taʼlim, ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash uchun oldimizda qator vazifalar turibdi.

Birinchidan, abituriyentlarni pedagogik OTMlarga qabul qilish tizimini takomillashtirish zarurati mavjud. Amalda yoshlarning pedagoglik kasbiga qiziqishi va moyilligi oʻrganilmagani sababli taʼlim olish va mehnat faoliyati davrida oʻqituvchilik bilan shugʻullanishni istamaydigan talabalar uchramoqda. Vaholanki, davlatimiz rahbarining “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida dastlabki mexanizmlar belgilab berilgan. Unga koʻra, 2024/2025 oʻquv yilida tajriba-sinov tariqasida universitetning pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga (alohida iqtidor talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari bundan mustasno) qabul jarayonini ikki bosqichda, jumladan, birinchi bosqichda — dastlabki imtihon shakli, ikkinchi bosqichda — kirish test sinovlari orqali amalga oshirish belgilangan. Dastlabki imtihonlarda aniq pedagogik vaziyatlarga yechim topish orqali talabgorlarning kasbiy moyilligi oʻrganish hamda ijobiy baho olgan abituriyentlarning test sinovlariga qatnashishiga ruxsat etish mexanizmini ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Pedagog kadrlar tayyorlashni nazarda tutuvchi taʼlim yoʻnalishlari xususiyati va talabidan kelib chiqib, qabul chegarasini 130 balldan kam boʻlmagan holatda etib belgilash va shundan kam ball toʻplagan abituriyentlarni oshirilgan toʻlov-shartnoma bilan ham oʻqishga qabul qilmaslik boʻyicha aniq mexanizmlarini hayotga tatbiq etish zarur.

Ikkinchidan, pedagoglikka oʻgʻil-qizlarni umumiy oʻrta maktabning quyi sinflaridan boshlab yoʻnaltirish va maqsadli tayyorlash, shuningdek, maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim sohasida bajarilayotgan ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini tajriba-sinovdan oʻtkazish uchun universitet huzurida maktabgacha va umumtaʼlim muassasalari, pedagogik kollejlar mavjud emas. Shu bois, pedagogik klaster tashkil etish maqsadida OTMga kamida bittadan maktabgacha taʼlim tashkiloti, umumiy oʻrta taʼlim maktabi hamda Toshkent shahridagi pedagogika kolleji biriktirilishi maqsadga muvofiq boʻlar edi. Pedagogik klasterga biriktirilgan taʼlim muassasalari oʻquvchilarini sohaga maqsadli yoʻnaltirish, oʻquv dargohlarida iqtidorli talabalarning kurs loyihalari, bitiruv-malakaviy ishlari, magistrlik hamda doktorlik dissertatsiyalari boʻyicha tajriba-sinov ishlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Uchinchidan, maktabgacha va maktab taʼlimi uchun kadrlar tayyorlovchi OTMlarning oʻzaro hamkorligini yetarli darajada yoʻlga qoʻyilgan, deb boʻlmaydi. Pedagog kadrlar tayyorlovchi boshqa oliy taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi alohida tizimga zarurat sezilmoqda. Oʻquv-uslubiy, ilmiy tadqiqot va boshqa sohalarda tajriba almashish, ishlab chiqilayotgan va amalda foydalanilayotgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi maslahat kengashlari ishini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, nodavlat OTMlarda pedagog kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish maqsadga muvofiq.

Toʻrtinchidan, sohaning oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda pedagogika OTMlari uchun oʻqitishning kredit-modul tizimini ishlab chiqish, tizimning moslashuvchanligi va samaradorligiga erishish zarur. Shuningdek, pedagogika taʼlim yoʻnalishida oʻqitishning sirtqi va masofaviy shakllarida kadrlar tayyorlashni toʻxtatish zarur. Mazkur oʻqitish shakllari yuqori nazariy bilim, amaliy koʻnikma va malaka, kompetensiyalar, pedagogik mahoratni shakllantirishga toʻliq imkon bermaydi. Pedagogik kompetentlik darajasi yetarli boʻlmagan, fanini chuqur bilmaydigan oʻqituvchilar taʼlim sifatini koʻtarishga emas, pasaytirishga xizmat qiladi.

Beshinchidan, soʻnggi vaqtlarda OTMlarda professor-oʻqituvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalarini tuzish ommalashmoqda. Bu pedagogika oliy taʼlim muassalari uchun jiddiy xatarni yuzaga keltirmoqda. Sababi, boʻlgʻusi muallim oʻqishning dastlabki bosqichidan to bitirgunicha ustoz-shogird tizimida tahsil olib, amaliyot oʻtashi, yuqori malakali professor-oʻqituvchilar qoʻlida shakllanishi lozim. Shu bois, pedagogika OTMlari uchun tanlov asosida professor-oʻqituvchining 5 yillik shartnoma boʻyicha faoliyat yuritishi masalasini oʻz kuchida qoldirish maqsadga muvofiq.

Oltinchidan, pedagogika oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining malaka oshirish tizimini liberallashtirish lozim. Ehtiyojga koʻra, mehnat taʼtili vaqtida ularning mustaqil malakasini oshirish shaklini yoʻlga qoʻyish samara berishi mumkin. Bu orqali oʻquv yili davomida oʻqituvchilarni ortiqcha yuklamadan xalos qilish mumkin.

Maktab taʼlimi va oliy pedagogik taʼlim bir vaqtning oʻzida uygʻun tarzda isloh qilib borilsa, sifatli oʻqitishga erishiladi. Buning uchun yaxlit oʻquv-tarbiya jarayonining barcha tarkibiy qismlari yangilab borilishi va monitoring jarayoni tizimli amalga oshirilishi lozim.

Mamlakat taraqqiyoti kafolati boʻlmish azmu shijoatli yoshlarning yuqori bilim va malakaga ega, raqobatdosh yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun amalga oshirilayotgan barcha yangilanishlar biz, soha xodimlariga qoʻshimcha kuch va gʻayrat bagʻishlaydi. Ayni chogʻda zimmamizga ulkan vazifalarni ham yuklaydi. Ana shu zalvorli vazifalar ijrosida kamarbasta boʻlish, sidqidildan mehnat qilish faoliyatining asosiy mezoni taʼlim-tarbiya boʻlgan har bir inson uchun ham qarz, ham farzdir.

Abdugʻaffor QIRGʻIZBOYEV,

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat

pedagogika universiteti rektori,

tarix fanlari doqtori, professor