Biroq maslaklaridan qatʼi nazar, barcha mutaxassislar siyosatda davlat arboblari, harb ishida sarkardalar, ilmda olimlar, madaniyatda shoir, yozuvchi, sanʼatkorlar, iqtisodda sarmoyachilar, dinda paygʻambarlar, avliyolar turish-turmushini oʻrganadi, qilgan ishlarini yo olqishlaydi, yo qoralaydi. Shaxsning tarixdagi oʻrni masalasiga bagʻishlangan maxsus izlanishlarning oʻzi ham har xil zamonlardagi turli mutafakkirlarning bu boradagi qarash va nazariyalari muhokamasidan iboratligi koʻzda tutilsa, tarixiy shaxs omilidan hech qanaqasiga yuz oʻgirib boʻlmasligi oydinlashadi.
Uzoqqa borib nima qilamiz, siyosiy oʻtmishimiz haqida soʻz ketganda, tilimizga birinchi boʻlib keladigani buyuk shaxslarimiz emasmi Alp Er Toʻnga (Afrosiyob), Tomir xotun (Toʻmaris), Shiroq, Kujula Kadfiz, Kanishka, Istami, Ismoil, Tamgʻachxon, Mahmud Gʻaznaviy, Sulton Sanjar, Sulton Muhammad, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Shohrux, Abu Saʼid, Shayboniyxon, Abdullaxon, Yalangtoʻsh Bahodir, Ibrohimbek, Mahmudxoʻja Behbudiy...
Ilm-fan va madaniyatda-chi? Ha, birinchi boʻlib Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshgʻariy, Mahmud Chagʻminiy, Ulugʻbek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Mashrab, Uvaysiy, Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va yana koʻplab ulugʻlarimizni eslaymiz.
Diniy eʼtiqodimizning boy va rang-barang tarixiga gal kelganda esa Zardoʻsht, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahoviddin Naqshband, Eshon Boboxon kabi oʻnlab buyuk shaxslarni tilga olamiz.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Qarshi, Shahrisabz, Termiz, Toshkent, Qoʻqon va yana qator kentlarimizdagi yuzlab tarixiy imoratlar taʼrifini, eng avvalo, ularni qurdirgan, bosh-qosh boʻlgan shaxslardan boshlashimiz ham tabiiy va zaruriydir.
Demak, tarix – biror millat va davlat taraqqiyot yoʻlini belgilashda ulugʻ shaxslarning oʻrni boʻlgan, bor va boʻladi! U yoki bu zamonda keskin burilish, butkul oʻzgarish yasagan kishilar faoliyati oʻlaroq baholaganda esa tarixiy bosqichlar, yangiliklarni buyuk shaxslar yaratishi, aynan ular el-yurtni yuksak marralar sari boshlagani, ilojsiz tuyulgan chigallarni yechib tashlagani, hech kim kutmagan kashfiyotlar qilgani ayonlashadi. Buning isboti uchun esa oʻz oʻtmishimizga bir sidra boqish yetarli.
Amir Temur – kishilik boshiga ne balolarni solmagan moʻgʻullarning 150-yillik umumjahon hukmronligiga chek qoʻygan, sillasi quritib boʻlingan davlatni ulkan va madaniy saltanatga aylantirolgan va Temuriylar oltin davri – Ikkinchi Uygʻonish zamoni singari barcha tomonidan tan olinadigan tarixiy bosqich negizini yaratgan buyuk shaxs.
Zahiriddin Muhammad Bobur – jahon, ayniqsa, Hindiston tarixida oʻchmas iz va tengsiz meros qoldirgan Boburiylar sivilizatsiyasining asoschisi.
Jaloliddin Manguberdi – Chingizxon va uning galalariga bas kelolgan, oʻn yildan ortiq muddatda moʻgʻul bosqinchilariga qarshilik koʻrsatib, ularning Gʻarb tomon yurishiga toʻsiq boʻlolgan birdan-bir sarkarda va buyuk arbob.
Muhammad Xorazmiy – jahon xalqlari tarixida ilk raqamlashtirish davri tamal toshini qoʻyib bergan daho.
Ibn Sino – tibbiyotni nazariy va amaliy jihatdan bir tizimga solgan, sogʻliqni saqlashning zamonaviy tuzilishi poydevorini yaratgan ulugʻ shaxs.
Ulugʻbek – rasadxona va “Zij” yaratgan astronomiya asoschilaridan biri.
Alisher Navoiy – sheʼriyat mulkining sultoni.
Imom Buxoriy – muhaddislar peshvosi.
Faoliyati natijalari oʻz yurti chegaralaridan oʻtib, butun dunyo roʻshnoligi va yuksalishiga tatigan atoqli ajdodlarimiz roʻyxati uzunligi maʼlum. Ularning tarixiy xizmatlarini belgilab beruvchi omillarni ham bilamiz: uzoq muddat hal etilmagan-etilolmagan, yetilganu yechilolmagan, ogʻir va xatarli muammolarni bartaraf etish, necha-necha avlodlar armonini ushaltirish, milliy, mintaqaviy, umumjahon hamda biror yoʻnalish evrilishining keyingi sifat yuksalishini taʼminlab berish.
Shu oʻrinda bir gapning xonasi keldi, deb bilamiz. U ham boʻlsa, biz uzoq yillar oʻtmishimiz, jumladan, ulugʻ tarixiy shaxslarimiz bilan faxrlanib keldik, ularni ibrat oʻlaroq koʻz-koʻz qildik. Bunga haqimiz ham, asosimiz ham bor, albatta. Shu bilan birga, endi voqeligimiz qadrini anglash, zamondoshlarimiz bilan gʻururlanish uchun dalillarimiz yetarli, desak oshirib yubormagan boʻlamiz.
Gap shundaki, 2016-yil kuzida boshlanib, salkam yetti yilda bizninggina emas, balki butun mintaqamiz va undan-da kengroq doiralar hayoti, yuksakroq darajalar yurish-turishida burilish yasagan bosqich – yangi Oʻzbekistonning tarixiy mohiyatiyu kelgusi taʼsir kuchini bugun hech kim inkor etolmaydi. Ochigʻini aytadigan boʻlsak, bu chindan ham buyuk va hal qiluvchi oʻzgarishlar shashtini tushirib, dovrugʻini kesib, ahamiyatini yerga urish yoʻlida har tarafdan kuzatilayotgan tizimli urinishlar tinmayotgani esa ushbu kuchning qimmati va zaruratini oshirsa oshiryaptiki, zinhor kamaytirayotgani yoʻq. Yaʼni yangi Oʻzbekistonga hech kim befarq emas, befarq boʻlolmaydi ham. Nega?
Birov buni tan olishi-olmasligidan qatʼi nazar, yetti yil burun oʻzbek jamiyatida boshlangan har tomonlama uygʻonish va yana yuksalish jarayoni ertami-kech oldiniga butun mintaqa va soʻng esa yanada koʻlamliroq makonga koʻchishi turgan gap edi.
Oʻtgan salkam yetti yil – oʻta qisqa muddatda maqtasa va maqtansa arzigulik, koʻpchilikni quvontiradigan yutuqlarga erishib ulgurildi. Biroq ushbu marralar osonlikcha qoʻlga kiritildi, deganlar adashadi. Necha asrlik gʻaflatchilik, 126-yillik mustamlakachilik, chorak asrlik – oldiniga oʻta ogʻir shart-sharoitlarda oyoqqa turish, soʻng mahdudlik va turgʻunlik davru davronlarini boshdan kechirib, necha-necha avlodlari ular asoratida “qovurilgan” ommani yana ulkan maqsadlar tomon safarbar etish oʻta qiyin kechganini esdan chiqarishga haqimiz yoʻq.
Shu maʼnoda tabiiy savol tugʻiladi: yangi Oʻzbekistonning kuchi nimada, uni olgʻa boshlagan va boshlayotgan omillar-chi?
Birinchidan, nihoyat, oʻzbek jamiyatida ham rosmana erkinlik paydo boʻldi. Uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega boʻlganimiz holda davlatimiz doimo yakkahukmdorlik negizida tuzilib kelganini tan olishimiz lozim. Toʻgʻri, boshqa xalqlar ham uzoq asrlar shu yoʻsinda yashab kelgan. Ammo ulardan bir qanchasi inson haqlari va erkinliklari ustuvor tuzum asoslarini yaratishga bel bogʻlab, soʻnggi ikki-uch yuz yilda oʻta qiyin, hatto fojiali yoʻlni bosib oʻtib, pirovardida oʻz maqsadlariga erishib, yashash, shaxs va mulk daxlsizligi, bordi-keldi, uy-joy, soʻz, eʼtiqod, fuqarolik, majburiy mehnatga tortilmaslik singari koʻpdan-koʻp haq-huquqlar kafolatlangan sharoit va muhit yarata oldi. Ular bilib-bilmay shu tariqa inson va shaxs omilini yuzaga chiqarolgani, oxirgi asrlarda siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, taʼlimdek hal qiluvchi yoʻnalishlarda qoʻlga kiritilgan tengsiz yutuqlari aynan uning sharofati bilan bogʻliqligi koʻzda tutilsa, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy turish-turmushimizning barcha yoʻnalishlarida sillamiz qurib boʻlingani sharoitida “uzoq yillar ongli ravishda ongsiz qilib kelingan” ommani uygʻotgan, yangi Oʻzbekistonni qurish zaruratiga ishontirgan kuch ayonlashadi: erkinlik!
Chindan ham, 2016-yil kuzida tugʻilgan, aniqrogʻi, uzoq yillar bilinar-bilinmas yetilib kelgan oʻta ogʻir vaziyatda oʻzgarishlarga allaqachon tayyorligini anglab-anglolmayotgan, bir yarim asrlik zoʻravonlik muhitida tugʻilib, suyagi qotib, yuragini oldirib qoʻygan, biroq har qanday tirik jon kabi odamga oʻxshab yashash mayli oʻlmagan jamiyatimiz birinchi boʻlib qoʻlga kiritgan qudrat va boylik aynan umummilliy erkinlik boʻlgandi! Taʼbir joiz boʻlsa, erkinlik yangi Oʻzbekistonning bismillosidir! Qaysi yoʻnalish va masalada boʻlmasin, oʻtgan oʻta qisqa muddatda erishilgan har bir katta-kichik marra, yutugʻimiz, kelajak moʻljallarimiz ijobatining bosh kafolati ham erkinligimizdir!
Ikkinchidan, haqlari teng, imkonlari turlicha yaratilgan kishilik tugʻilibdiki, adolat istab kelgan. Bu yoʻlda ne-ne ishlar boʻlib oʻtmadi: dinlar, davlatlar paydo boʻldi, buyuk koʻchishlaru minglab urushlar yuz berdi, adolat haqida yostiqdek-yostiqdek kitoblar yaratildi. Turmush qanday kechmasin, ezgulikning yovuzlik, rostlikning yolgʻon, adolatning haqsizlik ustidan gʻalaba qozonishi (Avesto), oʻshandagina “fozil odamlar shahri” qurilishi (Abu Nasr Forobiy) va shu tariqa demokratiya (yunon falsafasi) yaralishi gʻoyasi, umidi hech qachon soʻngan emas.
Ilgʻor millat va davlatlar zamonaviy tushunchadagi demokratiya yoʻlidan shaxdam yura boshlaganidan buyon asrlar oʻtayotgani sharoitida biz uzoq vaqt davlat hokimiyatining manbai xalq, deyishdan nariga oʻtolmadik. Aksincha, undan ajaldan qoʻrqqandek choʻchib yashadik. Ogʻizda demokratiya deb koʻpirdik, turli narsalarni bahona qilib, “demokratiyaga oʻtish”ni paysalga soldik. Shu tariqa, yaqindagina mustamlakachilar zanjiridan qutulgan xalqimizni “mustaqil va demokratik davlat” xizmatkori – itoatkoriga aylantirdik-qoʻydik. Oqibati maʼlum: adolat kuchda, haqiqat pulda boʻlib qoldi.
Bugun koʻpchiligimizning esimizdan chiqib ulgurgan, mohiyat eʼtibori bilan, bir yarim asr ichida koʻnikmaga aylanib boʻlgan kechagi muhit va yozilgan-yozilmagan tartib-qoidalarni, hech qursa, bir sidra yodga olsak, 2016-yil kuzining oʻrtalarida yangragan “bundan buyon odamlar emas, davlat odamlar xizmatida boʻladi” xitobining tarixiy va milliy ahamiyati har narsadan ulugʻligi ayonlashadi. Negaki, 3000-yillik davlatchilik tarixiga ega millat boʻlib, biz ham, nihoyat, tom maʼnodagi demokratiya – hokimiyat xalqchilligi bosqichiga qadam qoʻydik.
Oyligini ijro hokimiyati belgilab beradigan sud hokimiyati, hokimga choy tashish, vazirga xushomad qilishga oʻrgatilgan qonunchilik hokimiyati, mahallasi oqsoqolini eplab saylab ololmaydigan omma sharoitida birdaniga butun davlat hokimiyati tizimini odamlar xizmatiga safarbar etishning magʻzini endi-endi chaqyapmiz: busiz ming yillar ichra suyagiyu beti qotib ketgan yakkahukmdorlikdan ochiq jamiyat – demokratiyaga oʻtishning oʻzga iloji yoʻq ekan. Aks holda, ildizi chuqur eskicha qarash va koʻnikmalar tez orada har qanday tashabbusni chippakka chiqarishi turgan gap ekan.
Eng oliy hakam sanalmish vaqt bunday – “yo bugun, yo hech qachon” yondashuvi qanchalar toʻgʻri qoʻllanganini isbotladi. Agar endilikda butun diqqat-eʼtibor davlat va jamiyat boshqaruvining birlamchi boʻgʻini – mahallaga berilayotgani, siyosiy hayotimizning kelajak arboblari ham aynan shu bosqich va muhitda “qovurilib” chiqishlari koʻzda tutilsa, yillar oʻtgani sayin, nihoyat, bizda ham taraqqiyotning oʻzak murvati – har bir inson va jamiyat oʻz aravasini oʻzi tortishi qonuniyatining samarasi bilinib boraveradi. Zero, oʻzi manbasi boʻlgan davlat hokimiyatini nazorat qila olish uchun xalq, avvalo, oʻzini nazorat qila olishi lozim boʻladi. Oxir-oqibat erkinlik aslida masʼuliyat ekanini anglab yetadi.
Uchinchidan, yangi Oʻzbekiston yana bir ulugʻ va inqilobiy voqeasi bilan ham tarixga kirdi: chalakam-chatti emas, rosmana bozor iqtisodiyotiga oʻtish boshlanib, kishilarimizga egalik huquqi qaytarildi.
Mustamlaka davri oʻz yoʻliga, biroq oʻz davlatimizda yashab turib ham aqliy va moddiy mulkimiz ertasi ikkilik boʻlib qolganini kim bilmaydi deysiz. Eng fojialisi, ota-bobolardan meros qolgan, peshona teri bilan qurilgan uy, ishbilarmonlik yoʻli bilan koʻtarilgan imorat buzib tashlanishi, topilgan mol-mulk bir bahona bilan tortib olinishiga jamiyatimiz koʻnikib, davlatimiz oʻrganib qolganida edi. 30-40 yil mehnat qilgan inson oʻz qonuniy pensiyasining yarminigina olishga haqli boʻlgani tabiiylik kasb etib ketgani-chi?
Mazkurlarning bari bugun oʻtmishga – yomon tushga aylandi! Eng asosiysi, 30-aprel kuni barchamiz bir boʻlib tasdiqlab berganimiz – yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga yer xususiy mulk boʻlishi mumkinligi borasidagi qoida kiritilganini har birimiz, kelgusi avlod – milliy roʻshnoligimiz uchun qimmatini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi! Agar 100-yil burun bolsheviklar ota-bobolarimizdan xuddi shu – maxluqni inson, podani jamiyatga aylantirgan omil – mulk huquqini tortib olib, millionlab kishilarni qul va manqurtlarga aylantirganlarining barcha oqibatlari koʻzda tutilsa, bir asr burun yoʻqotilgan ushbu tabiiy va tarixiy huquqimiz qaytarib berilishining ahamiyati yaqqol oydinlashadi. Yanada chuqurlashsak, egalik tuygʻusi bor insonda iqtisodiy qadr paydo boʻladi. Bunday tuygʻu va qimmatga ega kishilarning yurt va millat qaygʻusi darajasi ham oʻzgacha boʻlishidan kelib chiqilsa, gap moddiyatdan-da koʻra yuksakroq qadriyatlar haqida ekani ayonlashadi, albatta.
Toʻrtinchidan, necha-necha avlod umrini behuda sovurgan, endilikda quruqqina “majburiy mehnat” deya atalayotgan bir asrlik zanjirbandlik fojiasidan qutulganimizning ahamiyatini barchamiz ham teran anglaymiz deyolmaymiz, afsus.
Mustamlaka zamonida paxta dalalarida quldek ishlatilganimiz tabiiy edi. Negaki, biz shuning uchun bosib olingan edik! Jadidlarimiz, qoʻrboshilarimiz – milliy istiqlol va davlatchilik uchun otlangan buyuk va botir ajdodlarimiz bitta qoʻymay qirib tashlanganining bosh sababi ham aslida shunda edi. Zero, qizil bosmachilar davlatchilik, maʼnaviyatchilik, maʼrifatchilik bayroqlari hilpirab turgan elni qul qilib boʻlmasligi, boyliklarni talashda davom etishning iloji yoʻqligini juda yaxshi bilgan.
Eng falokatli va achinarlisi, mustaqillik yillarida ham ushbu siyosat davom ettirildi. Majburiy mehnatsiz milliy iqtisodiyotimizning sezilarli boʻlagi sanalmish dehqonchilik tizimini tasavvur etib boʻlmay qoldi. Xarajatlari ham ichida boʻlgan paxtachilikning yillik daromadi atigi 1 milliard dollardan oshmagani “ulovidan tushovi qimmatga tushgani”ga oid maqol uchun ishonchli misol boʻlishi oʻz yoʻliga, ammo yuz yillik “majburiy mehnat”ning millatimiz zehniyatiga keltirgan zarar va asoratlari koʻlamini hatto tasavvur qilish qiyin. Ertami-kech ularning hisob-kitobi qilinib borilgani sari mazkur ofatdan qutulolganimizning ahamiyati yorqinlashib boraveradi. Bugun uzil-kesil aytishimiz mumkin boʻlgani shuki, bir yilning toʻqqiz oyi taʼlimga toʻgʻri kelishi va uning toʻrt-besh oyi dalada oʻtgani koʻzda tutilsa, oʻzbekning soʻnggi yuz yildan toʻqson yilining yarmi – qirq besh yilning kuli koʻkka sovurilgani maʼlum boʻladi...
Beshinchidan, musulmonchilik oʻchogʻi, islom dinining quvvati boʻlmish Turkiston yuragi – Oʻzbekistonda yetti yil burun eʼtiqod masalasi qanday edi? Koʻcha-koʻyda iftorlik qilish mumkinmidi? Ijtimoiy tarmoqlarda juma, hayit bayramlari bilan qutlashning imkoni bormidi? Davlat xizmatchisi masjidda emin-erkin namoz oʻqiy olarmidi? Haj va umraga yuborish ishlariga musulmonchilikka gʻirt teskari narsalar aralashib ketgani-chi?! Yigirma mingga yaqin musulmon-eldoshimizning “qora roʻyxat”da turgani-chi?!
Islom dinining ilmiy asoslarini yaratgan, musulmonchilikni turli gʻoyaviy tahdid va buzgʻunchiliklardan asrab kelgan ulugʻ olimlarimiz merosini rosmana oʻrganish, ommalashtirish uchun yetarlicha imkon hamda sharoit bormidi?
Bugun-chi? Bugun Oʻzbekiston musulmonobod boʻldi! Islom dunyosidagi oʻz tarixiy oʻrnini tiklay boshladi. Islom dinining ilmiy asoslarini yaratib bergan buyuk ajdodlarimiz xizmatlari tizimli ravishda yuzaga chiqarilmoqda, xotiralari abadiylashtirilib, ziyoratgohlarga aylantirilmoqda. Hadischilik, aqida, kalom singari tamal masalalarga qandaydir shubhali majburiyat emas, balki gʻoyaviy zarurat oʻlaroq qarala boshlandi, ular boʻyicha rosmana ilmiy markazlar tashkil etildi.
Bir soʻz bilan aytganda, eʼtiqod erkinligi oʻzining azaliy tabiiyligini tikladi, uzoq yillar afyun oʻlaroq sanab kelingan din shaxs va jamiyat kamoloti hamda birdamligini taʼminlashda samarali kuchga aylantirildi. Shu choqqacha oʻrnashib qolgan bir fikr bilan kirib, boshqacha – oʻzbeklarning bu boradagi tengsiz xizmatlarini anglab, “gap bu yoqda ekan-ku” fikri bilan chiqib ketishi moʻljallanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi esa imoni butun millatimizning yaratuvchilik va yangilanuvchilik imkonlarining oʻziga xos va dalil-isbotli koʻrgazmasi boʻlishiga shak yoʻq!
Oltinchidan, ming yillar ichra bizni kishilikning eng oldi millati va davlatlaridan biri oʻlaroq yuksaltirib, “ergashuvchi emas, ergashtiruvchi xalq” maqomimizni kafolatlab kelgan kuch-qudrat bilim va ilm ekanini isbotlashga hojat yoʻq. Xolis tan olganda, ulugʻ Amir Temur barpo etib, Oʻrtayer dengizidan Xitoy devori, Moskvadan Dehligacha yastangan ulkan saltanat yoʻq boʻlib ketgani holda Sohibqiron bobomiz asos solgan, matematika, geometriya, astronomiya, adabiyot, sanʼat, meʼmorlik rivoji choʻqqisini oʻzida mujassamlashtirgan, kishilikning kelgusi taraqqiyotiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatgan Temuriylar oltin davri bebaho meros boʻlib qoldi. Eng muhimi, shu tariqa millatimiz isteʼdodi va davlatimiz imkonlari koʻlami qanchalar cheksizligi namoyon boʻldi, Turonning raqabotbardoshligi tiklandi...
Keyingi asrlardagi siyosiy uquvsizligimiz tufayli mazkur marralarni qoʻldan berib borganimiz oqibatlari ham maʼlum: oldiniga uchga boʻlinib ketgan goʻzal Turkistonimiz bosqinchilar domiga tushdi. Avvaliga bosib olingan oʻlkalar ahli maʼrifatchiligidan manfaatdormaslikka yoʻgʻrilgan mustamlakachilik siyosati, soʻng esa “majburiy mehnat”ning kishi bilar-bilmas zugʻumi ostida kechgan bir yarim asr “maza”sini bugun birov eslasa eslaydi, boʻlmasa, yoʻq (nimagadir yomon kunlar tez unutilar ekan)...
2016-yil oxirlariga kelib, iqtisodiy vaziyat juda ogʻir, ijtimoiy ahvol oʻta achinarli boʻlishiga qaramay, Oʻzbekistonda chindan ham yangilanishlar davri boshlanganini yaqqol koʻrsatgan ilk yirik qadamlar ilm-fanga eʼtibor va har qanday avlod zehniyatining “toshga oʻyiladigan” pallasi – maktabgacha taʼlimni tubdan oʻzgartirish bilan bogʻliq boʻlgani yaxshi maʼlum.
Taʼlim tizimini turli harom-harishlik va “majburiy mehnat”dan tozalash, olim va oʻqituvchi obroʻsini tiklash, daromadini bir necha barobar oshirish, ilgʻor chet tajribaga rosmana yoʻl ochish, taʼlim andoza va talablari, oʻqitish yoʻsinlari, oʻquv adabiyotlarini butunlay takomillashtirish, xususiy taʼlimni izchil rivojlantirish, maktab va bogʻchalar qurishni zamonaviy asos va maqsadga muvofiq yoʻlga qoʻyish, taʼlimda raqobat muhitini yaratish borasida salkam yetti yilda bajarilgan, kechagina ilojsiz, hatto tushdek tuyulgan tarixiy ishlar Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlari bobolarimiz tajribasidan oʻtib, oʻzini oqlagan oltin qoida – “najot – bilimda”ligini isbotladi.
Yettinchidan, yangi Oʻzbekistonda milliy-maʼnaviy merosimiz oʻzining haqqoniy egasi – har birimiz va millatimizga qaytarib olib berilganining qimmatini soʻz bilan tushuntirish oʻta qiyin. 126-yil talangan, oʻgʻrilangan, buzilgan, oyoq osti qilingan, buyuk ahamiyati yerga urilgan ushbu bisotimiz mustaqil boʻlib ham ilma-teshikligicha qolavergani, har yonga tortqilangani, ayrim hollarda esa atayin yuzaga chiqarilmagani koʻpchilikka ayonmasdir, biroq biz buni juda yaxshi bilamiz. Qandaydir oʻn-oʻn besh yil burun yozilgan maqolalarimizdagi “millat” soʻzi “xalq”, “jamiyat”, “odamlarimiz” singari atamalar bilan almashtirib qoʻyilganiga bugun birov ishonadi, birov esa yoʻq. Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy kabi qator jadidlarimizning bino ichki devoriga qadab qoʻyilgan suratlariga qarata, “yoʻqot bularingni”, qahrli buyrugʻi yangarganini esa koʻpchilik bilmaydi. Oʻttiz yillar burun “oʻzbek davlatchiligi tarixi” mavzusini ilmiy asoslashga kirishganimizda, “oʻzbek, davlatchilik?” deya istehzo qilganlari hech qachon yodimizdan chiqmaydi. Necha yillar yuragimizni qon, ongimizni karaxtlab kelgan shu yangligʻ misollar boshqalarda ham yigʻilib yotganiga shubha qilmaymiz.
Shu maʼnoda, 3000-yillik davlatchilik tariximiz, bitta millat, bitta davlatligimiz dalil-isboti – Mustaqillik yodgorligi tugʻilishi, mustamlaka zamoni oʻz yoʻliga, biroq istiqloldan keyin ham ilmiy ishlar, oʻquv adabiyotlariga kiritilmagan Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlari oʻzbek millati va davlatining kishilik roʻshnoligi yoʻlidagi tengsiz xizmatlari oʻlaroq eʼtirof etilishi, oʻta chuqur maʼnoga ega “Temurbeklar maktablari” tuzilishi, el-yurt ozodligi uchun guldek umri, shirin jonidan kechgan minglab ajdodlarimiz – milliy-ozodlik harakati qahramonlariyu jadidlar qadr-qimmati tiklanishi, davlat tilimiz maqomining rosmana yuksalishi, milliy cholgʻuchiligimiz ildizlari sanalmish baxshichilik, maqomchilik ilmiy asoslari yaratilishi, milliy kinochilik va teatrchilik jonlanishi, milliy hunarmandlikka har tomonlama kuch bagʻishlanishi, madaniy boyligimizni ogʻizda emas, amalda asrash tizimi yoʻlga qoʻyilishi, adabiyot va sanʼat ahliga rosmana gʻamxoʻrlik – barcha-barchasi kechagina xomxayol tuyulgan, biroq qandaydir yetti yilda bajarib ulgurilgan, jamiyatimiz maʼnaviy hayotini buguni va ertasini belgilab beruvchi ulugʻ tarixiy ishlardir.
Sakkizinchidan, kishilik tugʻilibdiki, oʻzbek davlati uning keng maydonlarida ot surib kelgani, dunyoni boshqargan yetakchi kuchlardan boʻlganini hech kim inkor etolmaydi. Ajdodlarimiz Sharq va Gʻarb bozorlarini bogʻlab, Amir Temur bobomiz taʼbiri bilan aytganda, olamni obod qilib kelgan savdo ahli sanalgani, Samarqand, Buxoro, Xorazm yuz yillar ichra jahonning siyosiy, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, diniy markazlari oʻlaroq tan olingani haqiqatiga ham hech kim qarshi chiqolmaydi. Ming afsuski, chindan ham olamshumul mazkur marralarimiz choʻpchakka aylanib, uzoq asrlar taraqqiyotdan ortda qolganimiz sababini “buyuk jugʻrofiy kashfiyotlarga” agʻdarish, tashqi dunyoga chiqish, jumladan, dengizlarga langar tashlashni faqat tushda koʻradigan boʻlib, oʻz qobigʻimizda oʻralashib qolganimiz ham bor gap. Jahon kazo-kazolari u yoqda tursin, hatto qoʻni-qoʻshnilarimiz, turkiy, musulmon, umuman, Sharq ahli bilan ham oddiygina muomalani yoʻlga qoʻyolmaganimizni yurtdoshlarimiz yaxshi bilishiga shubha yoʻq.
Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekistonda yuritila boshlangan mutlaqo yangicha tashqi siyosat tufayli keksa Turon-Turkiston – endigi Markaziy Osiyoni tinchlantirib va birlashtirib, uning xalqaro munosabatlardagi azaliy mavqei tiklangani, Amerikadan Yaponiyagacha ulkan kenglikdagi mintaqa va davlat, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-madaniy tashkilotlar diqqati va manfaati yana oʻzimizga qaratilayotgani, Hind okeani va Xitoy devorlari tomon yoʻl ochilayotgani, Turkiy dunyoning tarixiy anʼanalariga jon bagʻishlanayotgani, Islom olamidagi azaliy mavqeimiz egallanayotgani-yu, millatlar tashkiloti minbarida ilk bor Imom Buxoriy nomi tilga olingani, eng muhimi, soʻnggi asrlarda yoʻqotilgan marralarimiz, boy berilgan haqlarimiz maqsadga muvofiq va oʻta mohirlik bilan qaytarib olinayotganining tarixiy qimmati va kelgusi ahamiyatini qancha urgʻulasak, shuncha oz.
Toʻqqizinchidan, boshqa tirikliklardan oʻz ustunligi omili – aqlini qanchalar peshlamasin, inson tabiat uchun uning bir boʻlagi, xolos. Tabiat – tiriklikning bosh tuzuki esa yangilanib turishdir. Yangilanish yosharishdir. Yosharish oʻzgarishlardandir va oʻzgarishlardir. Bunday imkoni susaygan, cheklangan, tortib olingan jamiyat yoʻqlikka mahkumdir. Yoshlari bilim olish, oʻz ustida ishlashga intilmagan, hayot lazzatlariga erishish, turmush muammolarini yechishning birdan-bir yoʻli pul va kuch, deb bilgan millat ne koʻylarga tushishi mumkinligiga kechagi kunlarimiz guvoh.
Shu maʼnoda, davlat va jamiyatimizning soʻnggi yillardagi turish-turmushining qaysi yoʻnalishini olmang – siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy faoliyatning turli boʻgʻin-pogʻonalarida yetakchilik qilayotgan, kecha tasavvur qilib boʻlmas marralarni zabt etayotgan, eng muhimi, millatimiz obroʻsini yuksak tutib borayotganlar yoshlar ekanini ilgʻash qiyinchilik tugʻdirmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston yoshlar va cheksiz imkoniyatlar yurtiga aylandi.
Yangi Oʻzbekiston, uning xalqimiz va davlatchiligimiz tarixidagi yuksak oʻrni va tengsiz ahamiyati haqida hali koʻp oʻrganishlar, tahlil boʻlishi aniq. Bu boradagi qarash, yondashuvlar bir xil boʻlmasligini ham oldindan chamalash qiyin emas. Biroq bir masalada birdan-bir xulosa qilinishiga ikkilanmaymiz: 3000-yillik milliy davlatchilik taraqqiyotida demokratiya, bozor iqtisodiyoti, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatiga asoslangan yangi Oʻzbekiston asoschisi Shavkat Mirziyovdir!
Xalqiga erkinlik bergan, fuqarolarining oʻz davlati, mol-mulki, milliy-maʼnaviy merosi, diniy eʼtiqodiga egalik huquqini kafolatlagan, ularni majburiy mehnatdan xalos etgan, yurtdoshlari ongiga har qanday muammo va ofatdan qutulishning birdan-bir yoʻli bilim ekanini singdirgan, qitʼalarni yurti manfaatlari atrofida birlashtirgan, jamiyatning yangilanish va yosharish qobiliyatini tiklagan, shu tariqa barpo etilayotgan buyuk Oʻzbekistoni, millati, xalqi uchun jonidan ham kechishga tayyor shaxs Shavkat Mirziyoyevdir!
Azamat ZIYO,
tarix fanlari doktori, professor