Temiryoʻllardagi koʻrsatiladigan xizmatlar sifati bizni toʻliq qoniqtiradimi?

    Fikr 27 Dekabr 2022 1961

    Odam evolyutsiyasining bosqichlari tahlili shu narsani koʻrsatadiki, raqobat har doim mavjud boʻlgan, raqobat muhitiga har doim ehtiyoj sezilib kelgan va shu orqali rivojlanish hamda oʻsish taʼminlangan.

    Hech kimga sir emaski, bugungi kunda respublikamiz poytaxti eng aholi gavjum nuqtalardan biriga aylanib boryapti, bu yerda talabalar deyarli aholining sezilarli qismini tashkil etib ulgurgan, bu esa bir qator, jumladan temiryoʻl bilan bogʻliq ayrim muammolarni keltirib chiqaradi.

    Nega aynan talabalarni taʼkidlab oʻtyapmiz, chunki ular tez-tez viloyatlarga borib turadi, transportga ehtiyoj sezadi, ayniqsa, bayramlar arafasida, nafaqat talabalar, balki boshqalar ham bu borada temiryoʻl xizmatini afzal deb biladi (yurtimizning aksariyat aholisi oʻrta qatlam vakillari hisoblanadi), qolaversa, yurtimiz mehmonlari ham temiryoʻl orqali turli hududlarga safarni amalga oshirishni aksar holatlarda eng maqbul variant sifatida baholaydi.

    Ammo soʻngi yillarda temiryoʻl kassalaridan yoki onlayn chipta olish platformasidan (chipta.railway.uz) chipta xarid qilish anchagina muammoga aylangan, koʻp hollarda bilet topilmaydi. Reyslar qatnovi kam, bu esa 36 milliondan oshiq aholisi bor millat ehtiyojini qondira olmaydi. Qolaversa, chiptalarni xarid qilish, faqat temiryoʻlning oʻz kassalari orqali amalga oshiriladi, toʻgʻri, onlayn platforma yaratilgan, ammo biz aytmoqchi boʻlgan holat esa mutlaqo boshqa.

    Yuqorida soʻzimizni behudaga raqobat bilan boshlamadik, bu avval ham koʻtarilgan masala edi, ammo haligacha jamiyat bunga javob kutadi. Balki ayrim sohalarga, hech boʻlmaganda, ayrim yoʻnalishiga raqobatni olib kirish vaqti yetgandir, ayniqsa, majburan butun dunyo insoniyat ongiga kiritilgan tushuncha, yaʼni tabiiy monopoliyalarga ham. Bilamizki, tabiiy monopoliyalarga raqobatni joriy etish imkoni qonunan berilmagan, tadbirkorlik faoliyati subyektlari har qanday tabiiy monopol sohaga raqobatni olib kiraman degan taqdirda ham, qonun bunga yoʻl bermaydi. Ayrim sohalar davlat boshqaruvi ixtiyorida boʻlishi yaxshi holatdir, hozirgi jamiyatimiz uchun, ammo ular ham vaqti yetib, xususiylashtirishga ehtiyoj sezadi. Biroq, pochta xizmati, havo yoʻllari kabi sohalar qatori temiryoʻl ham ayrim yoʻnalishlarda raqobatga kirishish chegarasiga yetib keldi deb hisoblaymiz.

    Aslida monopol boʻlish yomon emas, negaki har bir subyekt yetakchi boʻlishga intiladi, ammo monopol yoki ustun holatni suiisteʼmol qilish yaxshimas. Tabiiy monopol subyektlar ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha xalqning ehtiyojini qondirishi kerak, chunki xalqning ulardan boshqa tanlovi qolmaydi. Xuddi shunday, bizda ham temiryoʻl sohasi boʻyicha boshqa tanlovimiz boʻlmagani bois, bizda bu borada qiyinchiliklar ham boʻlmasligi kerak.

    Tan olish kerak, lokomotiv ogʻir sektor, oʻz-oʻzidan xususiy subyekt uni rivojlantirishi qiyin masala boʻlishi mumkin, ammo bosqichma-bosqich amalga oshirish mumkinku. Birgina temiryoʻllardagi koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oladigan boʻlsak, anchagina past. Aynan xizmat koʻrsatish boʻyicha ham raqobatni olib kirish, hech boʻlmaganda, chanqogʻimizni biroz boʻlsada bosar edi.

    Germaniya, Avstraliya va sharqiy mamlakat Janubiy Koreya davlatlarida bu sohada allaqachon musobaqa muhiti yaratib berilgan. Temiryoʻl chiptalarini xarid qilish nafaqat onlayn tarzda tezlik bilan amalga oshiriladi, balki internet tarmogʻi bilan “chiqisha olmaydigan” yoshi katta insonlar uchun ham har qadamda kassalar joriy etilgan. Bu boradagi ularning tajribasi biz uchun ancha qulay.

    Nega bizda chiptalarni xarid qilish boshqa xususiy kassalardan amalga oshirilmaydi? Bilamizki, “Uzairways” AJ ham tabiiy monopol subyekt, ammo biletlarni xarid qilishda isteʼmolchida tanlov mavjud. Toʻgʻri, “Uzairways” AJ ham toʻlaqonli reyslarni amalga oshirib, bizni qiyin vaziyatlardan har doim olib chiqib keta olmaydi, ammo bu ham alohida yoritilishni talab qiladigan holat boʻlgani bois, birgina kassalarni xususiylashtirish nuqtayi nazardan kichik bir taqqoslashni amalga oshirdik, xolos. Ushbu holat arzimasdek tuyulsada, bugungi kunda, ayniqsa, bayramlar arafasida, koʻpchilik aholiga, jumladan, talabalar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltiryapti.

    Respublikamizning transport tizimini isloh qilishga biz har qachongidanda koʻproq zarurat sezyapmiz, nafaqat temiryoʻl, balki ommaviy transport vositalari, shuningdek, havo yoʻllarini ham.

    Xulosa oʻrnida, yuqoridagi har ikki holatga yechim sifatida biz faqatgina raqobatni ayta olamiz. Aynan temiryoʻl sohasiga demonopolizatsiyani olib kirish asta-sekin muammolarni kamaytiradi, shu orqali biz sifatga va rivojga yetisha olamiz.

    Sayohat Ahrorova,

    Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi.