“Tez yordam” aholiga masofaviy tibbiy xizmat ham koʻrsatmoqda

    Salomatlik 27 Dekabr 2021 3097

    Kasallikni oʻzbilarmonlik bilan davolash qanday oqibatlarga olib kelishini koʻpchilik biladi. Qolaversa, muolaja olishni paysalga solish ham — hayot uchun xavfli. Ammo tibbiy xizmatdan foydalanishning oʻz tartib-qoidalari bor. Masalan, salomatligimizda oʻzgarish boʻlgani zahoti, eng avvalo, “tez yordam”ga murojaat qilib, tibbiyot  brigadasi kelishini talab qilishimiz qanchalik toʻgʻri? 

    — “103” qisqa raqamiga sutka davomida boʻladigan murojaatlarning 60-70 foizi soat 18:00 dan 24:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻiga toʻgʻri keladi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor BOʻRIBAYEV. — Bu bir qator omillar bilan bogʻliq.

    Birinchidan, kechki payt shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish muassasalaridan tashqari, koʻplab shifo maskanlari oʻz faoliyatini toʻxtatadi. Ikkinchidan, kunduzgi faol hayot jarayonida turli kasallik belgilari yaqqol namoyon boʻlmasligi mumkin. Kechki payt, vegetativ nerv tizimi boʻshashishi hisobiga ogʻriqlar kuchayishi, harorat, qon bosimi koʻtarilishi kuzatiladi.

    Uchinchidan, uyda oʻtiradigan katta yoshli insonlar yoki bolalar kechqurun farzandlari yoxud ota-onalari ishdan, oʻqishdan qaytishini kutib, “kun boʻyi mazam boʻlmadi” degan shikoyatlarini aytishadi. Natijada koʻpchilik ehtiyot shart sifatida “tez yordam”ga murojaat qilishni maʼlul koʻradi.

    Biroq ana shunday holatda barcha bemorlar ham aslida tez tibbiy yordamga muhtoj boʻlmasligi mumkin. Shularni hisobga olib “103” qisqa raqamli “Sall-markaz”imizda tibbiy maslahat xizmatini ham yoʻlga qoʻyganmiz. Unga malakali shifokorlar biriktirilgan.

    Misol uchun, yillar davomida surunkali kasalliklardan aziyat chekib kelayotgan bemorlar bor. Ular shifokor tavsiyasi asosida zarur dorilarni muntazam ichib yurishadi. Ana shu preparatlarni qabul qilish toʻxtatib qoʻyilsa yoki dorilar kombinatsiyasi oʻzgartirilsa, ularda kasallik belgilari kuchayishi mumkin.

    Tibbiy maslahat xizmati ana shunday pallada ularga masofadan turib qaysi dorilarni qancha miqdorda va qaysi payt ichish yuzasidan zarur koʻrsatma va tavsiyalarni berishyapti.

    Qolaversa, tana harorati 37- 37,5 darajaga koʻtarilgani yuzasidan ham murojaatlar boʻladi. Bunday mahalda, avvalo, holat sababi, harorat koʻrsatkichi, bemorning ahvoliga aniqlik kiritiladi. Soʻng isitma tushiruvchi preparatlarni qabul qilish tavsiya etiladi. Qon bosimi biroz oshgan vaziyatlarda ham avval shikoyatlar eshitilib, shunga koʻra, dorilar buyuriladi.

    Agar bemor holati yaxshilansa, ertasi kuni oilaviy shifokorga uchrashishi, salomatligida oʻzgarish boʻlmasa, yarim soat, bir soat oʻtib, “103” xizmatiga qayta murojaat qilishi tushuntiriladi.

    Bularning barchasidan koʻzlangan maqsad bitta — “tez yordam”ning faoliyati samaradorligini oshirish, asossiz chaqiruvlar sonini kamaytirish hamda, birinchi navbatda, haqiqiy shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlar dardiga darmon boʻlishdan iboratdir.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.