Tilsiz yov bilan kurashishda tanaffus bo'lmaydi

    Yurtimizga qish keldi: hammayoq oppoq qor, bayramoldi xursandchiliklar... Ammo ayrim sohalar borki, havo harorati pasaygani sayin ularning faoliyatida favqulodda holatlar sodir bo'lish ehtimoli ortadi. Shulardan biri — xonadonimizni charog'on qilayotgan elektr energiyasini etkazib beruvchi tarmoqlardir.

    Xalqimizda “Falokat — oyoq ostida” degan naql bor. Haqiqatan ham, kundalik hayotimiz xavf-xatarga to'la. Texnik yoki texnogen, aholining isitish tizimlaridan betartib foydalanishi, elektr iste'molining keskin oshib ketishi kabi sabablar bilan biz kutmagan vaqtda, kutilmagan joyda yong'in chiqish mumkin. Kattami-kichikmi talafot degan nomi bor. Ammo elektr tarmoqlarini qayta ishlab, butun respublika bo'ylab uzatuvchi podstantsiyalarda chiqqan yong'in iqtisodiyotga katta zarba berishi tayin.

    “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” tomonidan Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Toshkent-500” podstantsiyasida o'tkazilgan o'quv mashg'ulotida ana shu fikrlar ta'kidlandi. “16 noyabridan 16 dekabrgacha yong'in xavfsizligi ko'rik oyligi” doirasida bo'lib o'tgan tadbir avvalida turli toifadagi yong'inlarning kelib chiqish sabablari, ularni bartaraf etishda ishchi-xodimlarning harakatlanishi, unda ko'rsatiladigan birinchi yordam kabi mavzularda tushunchalar berildi. Shundan so'ng sun'iy ravishda chiqarilgan yong'in Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong'in xavfsizligi bosh boshqarmasi hamda podstantsiya xodimlari tomonidan bartaraf etildi.

    — Mazkur tadbirni o'tkazishdan maqsad, kuz-qish mavsumida sodir bo'lishi mumkin bo'lgan yong'inlar, havo gaz aralashmasi oqibatida bo'ladigan portlashlar, is gazi bilan zaxarlanish holatlaridan hududlardagi korxona va tashkilotlar xodimlarini ogoh etish va bu kabi hodisalarda qay tartibda harakatlanish bo'yicha o'quv-uslubiy bilimlar berishdir, — dedi “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” podstantsiya xizmati boshlig'i Erjan Mashenov. — 1991 yilda faoliyatini boshlagan “Toshkent-500” respublikadagi alohida kategoriyalangan eng yirik podstantsiyalardan biri hisoblanadi. 2001 yildan boshlab to'liq ishlay boshlagan ushbu ob'ektda bugungi kunda jami 59 nafar xodim mehnat qilmoqda, 9 yo'nalishga turli kuchlanishlarda elektr energiyasi etkazib beriladi. Mazkur podstantsiya Toshkent viloyati va shahrini elektr tarmog'i bilan ta'minlaydi. O'quv mashg'uloti uchun ushbu ob'ektning tanlanishiga sabab, bu safargi o'quv mashg'ulotlariga ko'proq ishchi-xodimlarning jalb qilinganidir.

    Tarmoqlar orqali elektr energiyasini xavfsiz uzatishni ta'minlash, o'zining elektr tarmoqlari xo'jaligi ob'ektlarida davlat standartlarida belgilangan elektr energiyasining sifat ko'rsatkichlarini me'yorida ushlab turish va texnologik sarfni me'yorlangan ko'rsatkichidan oshishiga yo'l qo'ymaslik hamda elektr stantsiyalari va tarmoqlarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalariga muvofiq o'zining elektr tarmoqlari xo'jaligi ob'ektlarini ekspluatatsiya ishlarini tashkil qilish va ta'mirlashni bajarish kabi vazifalar yuklatilgan “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” tomonidan korxona va tashkilotlardan elektr energiyasidan foydalanish me'yorlariga amal qilinishi ham nazorat qilib boriladi. Sababi, uzluksiz ishlaydigan bu kabi ob'ektlarda ishchi-xodimlarning yong'in xavfsizligi qoidalarini bilishi, amal qilishi va ogoh bo'lishi ham iqtisodiyotda, ham aholining tinch va farovon hayotida muhim o'rin tutadi.

    Sohiba MULLAEVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri