Shunday asarlar borki, vaqt oʻtishi bilan uning qimmati yanada oshib, unda koʻtarilgan mavzular zamon, davr chaqirigʻiga hamohang yangraydi. Agar u Vatan, unga boʻlgan sadoqat, fuqorolik burchi, masʼuliyati haqidagi oʻlmas mavzular haqida boʻlsa, hamohanglik yuz karra baland jaranglaydi.
Said Ahmadning “Ufq” romani ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Shuning uchun boʻlsa kerak bu asarga qayta-qayta murojaat qilinveradi. Bunday asarlar har bir kitobxon, har bir oʻquvchida oʻzgacha talqinga ega boʻlganidek, uni sahnalashtirishda ham rejissiyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, Qoraqalpogʻiston sanaʼat arbobi Marat Azimov oʻziga xos yoʻl tutgan. U romandagi voqealarni shunchaki sahnada jonlantirish bilan cheklanmay, romanning eng shiddatli oʻrniga Vatan va Inson taqdiri kesishgan nuqtasiga eʼtibor qaratgan.
“Ufq”ning sahnadagi talqini romandagi gʻoyaviy-badiiy ifoda bilan hamohang boʻlsa-da, biroq romandagi tasvirdan farq qiladi. Albatta, bu – teatr, sahna talabidan kelib chiqadi. Chunki romanning imkoniyati keng boʻlib, hayotning badiiy ifodasini bor boʻy-u basti bilan koʻrsata oladi. Shuning uchun romanda Ikromjon birinchi gal oʻgʻli bilan uchrashganda oʻgʻliga qarab: “Sen yaramasning jazoingni yurt bersin!” deb uni qishloqqa olib ketmoqchi boʻladi. Ammo Tursunboy otasini turtib yuborib, qochadi. Shunda Ikromjon unga qarata oʻq uzadi. Oʻq tegmaganini koʻrib: “Xayriyat, tegmabdi”, deydi. Said Ahmad romanda Ikromjonning Ota va Inson sifatidagi tuygʻulari va iztiroblarini ana shunday tasvirlaydi. Keyin oʻgʻlining itdek xor boʻlib, qochqinda, yolgʻizlikda oʻlib qolganini koʻrib, unga goʻr qazib koʻmadi.
Sahnada esa, Ikromjon oʻgʻlini otib oʻldiradi. Sahanadagi bu talqin sahna va teatr imkoniyatidan kelib chiqadi. Rejissiyor Marat Azimov sahnada “Ufq”ni ana shunday talqin qiladi. Garchi “Ufq”ning sahna varianti romandagi tasvirga aynan mos kelmasa ham, romanda ilgari surilgan gʻoyani ifodalay oladi. Chunki sahnada berib boʻlmaydigan holatlarni qahramonlarning nutqida ifodalangan iztiroblar, ularning xatti-harakatlari, yuz ifodalari, ovozlaridagi mahzunlik, oʻkinch, armon ohangi sahnada koʻrsatish qiyin boʻlgan oʻrinlarni toʻldiradi.
Tomosha yakunida tomoshabin VATAN eng muqaddas qadriyat ekanligi, unga qilingan xiyonat kechirilmasligini anglab yetadi. El-yurt nafrati xiyonatkorni oʻtdek kuydirishi, undaylardan hatto oʻz yaqinlari ham nafrtalanishini his qiladi.
Ismoiljon Xojaliyev,
FarDU professori, filologiya fanlari nomzodi.
Hikmat Doʻsmatov,
FarDU dotsenti, filologiya fanlari doktori.