“Uzbekistan GTL” zavodi nafta ishlab chiqarishni boshladi

    Choʻl bagʻrida qad rostlagan, dunyodagi eng gigant korxonalardan biri boʻlgan “Uzbekistan GTL” zavodida shu yil iyun oyining ikkinchi yarmida asosiy xomashyo hisoblangan sintez gaz tayyorlanishi yoʻlga qoʻyilib, sintetik neft hosil qilindi va uning asosida dizel yonilgʻiini ishlab chiqarish boshlandi. Kuni kecha esa, tayyorlangan 6000 tonnadan ziyod GTL naftasi uchinchi mahsulot sifatida ular safini toʻldirdi.

    Maʼlumki, yangi korxonada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan 1,5 million tonna qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yonilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi. Bu zavod mahsulotlarining mamlakat iqtisodiyotida tengsiz ahamiyatga egaligidan dalolat beradi.

    GTL TEXNOLOGIYASI VA JAHON TALABLARI

    Bugungi kunda GTL texnologiyasiga butun dunyoda talab kun sayin ortib boryapti. Uning asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlardan xomashyo sifatida foydalangan holda, yanada yuqori qoʻshilgan qiymatli yangi turdagi tovarlar tayyorlashni koʻpaytirishga ham eʼtibor qaratilmoqda. Shunday ekan, tabiiy ravishda saol tugʻiladi; GTL texnologiyasi oʻzi nima, bunday korxona qanday afzalliklarga ega?

    — Inglizcha Gas to Liquids, yaʼni gazdan suyuqlik hosil qilishni anglatuvchi ushbu tushuncha tabiiy gazdan ekologik toza va zamonaviy yonilgʻi turlari va boshqa qimmatbaho kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonini oʻzida mujassam etadi, — deydi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev. — Mazkur texnologiya asosida tayyorlangan zamonaviy mahsulotlar ekologik jihatdan sifatli va toza. Butun dunyo “yashil iqtisodiyot”ga oʻtayotgan, savdo-sotiqda shu borada talablar qoʻyayotgan hozirgi kunda unga ehtiyoj tobora ortib boryapti.

    Prezidentimizning gʻoyasi va tashabbusi bilan barpo etilgan “Uzbekistan GTL” majmuasi mahsulotlari ham jahondagi eng yuqori ekologik talablar va standartlarga toʻliq javob beradi. Bu yerda tayyorlanadigan sintetik yoqilgʻi anʼanaviysiga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qiladi. Buning hisobidan, yiliga 13 ming 500 tonna zararli gazlarning havoga tarqalishining oldi olinadi.

    Masalan, isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan GTL dizel yonilgʻisini oladigan boʻlsak, u ham yuqori texnik tavsifga ega va tarkibida oltingugurt miqdori deyarli yoʻq. Shu bois bu yonilgʻidan atmosferaga chiqit chiqmaydi. Uning toza va toʻliq yonishi esa dvigatellarning foydalanish muddatini uzaytirib, yonilgʻi-moylash materiallarini almashtirish oraligʻini oshirish imkonini beradi. Shu bois zavodimiz bu mahsulotni oʻzlashtirganiga yarim oy boʻlganiga qaramay, Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi platformalari orqali sotilyapti va unga talab tobora ortib boryapti. Shu kunga qadar 20 ming tonnaga yaqin yangi sintetik yonilgʻi xaridorlarga yetkazib berildi.

    Qayd etish joiz, 2022-yil 1-iyul kuni Shveysariyaning SGS kompaniyasi “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan sintetik dizel yoqilgʻisining mustaqil laboratoriya sinovlarini oʻtkazdi, Uning natijalari ushbu mahsulotning barcha parametrlari xalqaro va milliy standartlar talablariga muvofiqligini tasdiqladi.

    Ayni kezda rivojlangan mamlakatlarda neft mahsulotlaridan foydalanishda “Yevro 5” standartiga muvofiqligi talab etiladi. Tahlillar “Uzbekistan GTL” zavodida tayyorlanadigan shunday mahsulotlar hatto “Yevro 6” mezonlariga ham toʻla javob berishini koʻrsatyapti. Shu jihatdan Janubiy Afrika Respublikasining “Sasol” kompaniyasi vakili Yoxan Degenaarning fikrlari eʼtiborni tortadi:

    — Bunday yirik loyiha qurilishi tarixda ilk marotaba kuzatildi. Zavod kuniga 37 ming barrel suyuq yoqilgʻi ishlab chiqaradi. Shu tarzda Oʻzbekiston dunyo miqyosida mazkur yoʻnalishdagi yetakchi davlatga aylanadi.

    OʻZBEKISTON NEFT-GAZ SANOATINING YANGI DAVRI

    “Uzbekistan GTL” zavodi qiymat va miqyos jihatdan ulkan salohiyatga ega. Uning qiymati 3 milliard 420 million AQSH dollariga teng, inshootlar egallagan maydoni 135 gektar. Bunday yirik majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda — Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan.

    Zavodda Yaponiya, Koreya, Singapur, AQSH, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 24 ta davlatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda tayyorlangan 11 mingga yaqin uskunalar oʻrnatilgan. Texnologik yechimlar, uskuna va jarayonlarni qoʻllash uchun 140 ta xalqaro litsenziya va patentlar olingan. Ularning aksariyati dunyoda yagona va noyob hisoblanadi

    — Ana shunday oʻta murakkab texnologiya asosida ishlab chiqarila boshlangan GTL naftasi oʻz toifasidagi eng yaxshi mahsulotlar sirasiga kiradi, — deydi zavod direktori Fahriddin Abdurasulov. — Uni hosil qilishda tabiiy gaz, bugʻ va kislorod reaksiyaga kirishadi va 3000 gradus issiqlikda uglerod monoksidi va vodoroddan iborat boʻlgan sintez gaziga aylanadi.

    Soʻngra sintez gazi Fisher-Tropsh reaktorlariga yuboriladi, bu yerda innovatsion “Sasol Slurry Phase Distillatetm” (SPDtm) texnologiyasi natijasida u toʻliq sintetik parafin, yaʼni sintetik neft hosil boʻladi. U selektiv gidrokreking va fraksiyalarga ajratish jarayonidan oʻtib, GTL mahsulotlari - GTL dizeli, GTL kerosini, GTL naftasi va suyultirilgan uglevodorod gazi ishlab chiqariladi.

    GTL naftasi tarkibida deyarli aromatik uglevodorodlar yoki oltingugurt yoʻq. U etilen krekingi uchun eng samarali xomashyo hisoblanadi.

    Etilen esa neft-kimyo sanoatining asosiy tuzilma elementlaridan biri boʻlib, u polietilen, polistirol va boshqa plastmassa turlarini ishlab chiqarishda qoʻllaniladi.

    Parafin GTL naftasi tarkibining 98 foizini tashkil etadi. Mazkur miqdor 65-75 foiz atrofida boʻlgan standart tasnifli oddiy nafta koʻrsatkichidan sezilarli darajada yuqoridir.

    2021-yil 25-dekabr kuni davlatimiz rahbari “Uzbekistan GTL” zavodining ishga tushirilishiga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi va yana bir tarixiy loyihani amalga oshirishga start berdi.

    —Bu loyihaning qiymati 1 milliard 800 million dollar boʻlib, “Uzbekistan GTL” zavodi yonida quriladi, — deydi “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev. — Korxonada majmuada ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobidan yiliga 380 ming tonna polietilen va polipropilen tayyorlanadi, Yana mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Natijada qoʻshimcha 550 million dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

    Oʻz navbatida, ana shu mahsulotlarni yanada chuqur qayta ishlash orqali 2 barobargacha koʻp isteʼmol mahsulotlari tayyorlash mumkin. Misol uchun, 100 million dollarlik polimerlardan elektrotexnika, qurilish materiallari, avtomobil sanoati va boshqa sohalarda yiliga qoʻshimcha 200 million dollarlik mahsulotlar xaridorlarga taklif etiladi. Shuningdek, plastmassa va har xil turdagi qadoqlash buyumlari, suv taʼminoti uchun quvurlar ishlab chiqarish koʻpayadi. Yaʼni, ushbu mahsulotlarni ishlab chiqaradigan yana kamida 1 ming 200 ta yangi xususiy korxona va 12 mingta ish oʻrini tashkil etilishi uchun asos yaratiladi.

    Shu tariqa, Shoʻrtanda yurtimizdagi birinchi yirik gaz-kimyo klasteriga asos solinadi. Bu klasterda mahsulot ishlab chiqarish hajmi hozirgi 290 million dollardan 2025-yilga borib 1,8 milliard dollarga yetkaziladi. Yaʼni, 6 barobarga oshadi. Ushbu klaster tizimidagi korxonalar 1 dollarlik xomashyodan 10 dollarlik yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.

    Yangi loyiha ishga tushgunga qadar Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi savdolari orqali sotilishi yoʻlga qoʻyiladi.

    764,2 MING TONNA UGLEVODOROD XOMASHYOSI QAYTA ISHLANDI

    Taraqqiyot strategiyasiga koʻra, 2026-yilgacha sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2-marta oshiriladi. Bunga, avvalo, “drayver” sohalarda, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida, sanoat klasteri tizimini rivojlantirish orqali erishiladi. Xususan, tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ ham shu yoʻldan borib, uglevodorod xomashyosining qayta ishlash hajmini koʻpaytirish, zaxirani oshirish maqsadida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida jami 764,2 ming tonna uglevodorod xom ashyosini qayta ishlashga erishildi.

    — Respublika tovar-xomashyo birjasi savdolarini kuzatadigan boʻlsak, oʻtgan olti oy davomida isteʼmolchilarga sotilgan jami avtobenzinning 75-80 foizi, dizel yonilgʻisining 45-50 foizi jamiyatimiz hissasiga toʻgʻri kelganligini koʻrish mumkin, — deydi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimov. —Joriy yilning iyul oyidan “Uzbekistan GTL” zavodi oʻz ish faoliyatini boshlaganligi hisobiga, yuqori sifatli sintetik dizel yonilgʻisi birja savdolari orqali sotish yoʻlga qoʻyildi. Yil oxiriga qadar respublika isteʼmolchilarining bu mahsulotga boʻlgan etiyojini 18-20 foizi yangi turdagi yonilgʻi bilan qoplanishi rejalashtirilgan.

    Maʼlumot oʻrnida shuni takidlash kerakki, jahon bozorida “Brent” markali neft bahosining oʻzgarishi butun dunyoda benzin, dizel yonilgʻisi va boshqa turdagi mahsulotlari narxlarining oʻsishi yoki tushishiga taʼsir etuvchi muhim omil boʻlmoqda. Bugungi kunda, benzinning rekord darajada qimmatlashi natijasida Germaniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Islandiya, Gretsiya va boshqa koʻplab Uvropa davlatlarida uning narxi 1,2 – 2 barobarga oshdi.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan isteʼmolchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish hamda ularning narxlarini barqaror saqlab turish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida oʻtgan davr mobaynida tabiiy gaz, neft va gaz kondensati qazib chiqarish, neft-gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichlarining bajarilishiga erishildi.

    “Uzbekistan GTL”da nafta ishlab chiqarilishining yoʻlga qoʻyilishi ham mamlakat neft-gaz tarmogʻidagi yangi davr jarayonlari izchil davom etayotganligining yana bir amaliy tasdigʻidir.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi