Prezidentimiz raisligida shu yil 5-fevralda ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda ilm-fan va innovatsiyalarga oxirgi yetti yilda 6 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilgani, lekin ilm-fanda “xarajat – tadqiqot – mahsulot” formulasi ishlamayotgani alohida qayd etildi.
Fargʻona politexnika institutini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida innovatsion faoliyatni “xarajat – tadqiqot – mahsulot” tamoyili asosida yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha aniq maqsadlar belgilab olindi.
Institutda ilmiy va innovatsion ekotizimni yaratish orqali ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga erishish asosiy vazifamizga aylangan. Tadqiqotchi va talabalarning ilmiy tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlanmalari natijalarini ishlab chiqarishga transfer qilish va tijoratlashtirishga yoʻnaltirishning eng samarali mexanizmlaridan biri oliy taʼlim muassasalarida ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etish orqali spin-off korxonalarini biriktirish hisoblanadi. Yuqoridagi fikrlarga tayanib institutda dolzarb va ustuvor yoʻnalishlardagi ilmiy tadqiqotlarga investitsiyalar kiritish, mahsulot ishlab chiqarish boʻyicha innovatsion infratuzilma ishlab chiqildi.
Prezidentimiz rahbarligida 2021-yil 16-iyun kuni oliy taʼlim tizimidagi ustuvor vazifalarga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektorda institut va universitetlarning har bir mutaxassislik kafedralari huzurida ilmiy tadqiqot markazlarini tashkil etish, ularning oʻziga daromad topish uchun zarur sharoitlar yaratib berish vazifasi yuklatildi.
Bugun institutimizda ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan 19 ta markaz faoliyat koʻrsatmoqda. Til oʻrgatish, tayyorlov va malaka oshirish, bino va inshootlarni loyihalashtirish, qurilish materiallari akkreditatsiyasi, media hamda AKT inkubatsiya markazlari, oʻquv-ishlab chiqarish majmuasi shular jumlasidan. Yana bir eʼtiborli jihati, faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qoʻllagan holda 14 ta spin-off korxonasi ochildi.
Markazlar xalqaro va milliy mehnat bozorlariga raqobatbardosh muhandis kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, Yaponiyaning Willtec kompaniyasi bilan birgalikda xalqaro miqyosda qurilish sohasida maqsadli kadrlar tayyorlash uchun “Yapon tili va yapon texnologiyalari” markazi ham tashkil etilgan.
Dolzarb muammolarga ilmiy yechim
Seysmik xavfsizlikni taʼminlashning yangi usullarini joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilish va ularga tayyorgarlik koʻrishning zamonaviy tizimini amaliyotga tatbiq etish butun dunyodagi eng dolzarb masalalardan biri.
Bu borada institutning qurilish fakulteti professor-oʻqituvchilari tomonidan tizimli ishlar qilinmoqda. Qurilish sohasida yangicha gʻoyaga ega boʻlgan bilimli va malakali, innovatsion taraqqiyot talablariga toʻliq javob bera oladigan zamonaviy mutaxassislar tayyorlash maqsadida 2022-yil boshida “FERPI HITECH ENGINEER” unitar korxonasi, qurilish sinov laboratoriyasi, geolaboratoriya hamda Geotopografik loyihalash ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etish uchun institutning innovatsion jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jami 844 million soʻm yoʻnaltirildi. Dunyodagi dolzarb muammolarga ilmiy yechim topishning ekotizimi ham aynan shu unitar korxona orqali amalga oshirilmoqda.
Mazkur korxonada 51 ta ish oʻrni yaratilgan. Bugun bu yerda 25 professor-oʻqituvchi, 10 doktorant, 4 magistr va 12 talaba faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 35 dan ortiq talaba hamda magistr va doktorant tadqiqot ishlari bilan band. Qurilish sinov laboratoriyasida esa talabalar oʻnlab yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar bilan mashgʻul. Bino va inshootlar konstruksiyalari zilzilabardoshligini baholash oʻquv-ilmiy laboratoriyasi uchun jami 33 nomdagi laboratoriya jihozlari roʻyxati tuzildi. Mazkur jihozlar asosida 50 dan ortiq laboratoriya ishi shakllantirilib, oʻquv dasturlariga kiritishga kelishib olindi. Ushbu laboratoriyaning xarid qilinishi bino va inshootlar zilzilabardoshligini baholash boʻyicha sinov natijalari samaradorligini oshiradi hamda seysmik jihatdan xavfsizligini taʼminlaydi.
Kichik GESning katta ishlari
Istiqbolli subyektlardan yana biri “FerPI GidroProj” markazidir. Ushbu muassasa 2021-yili Andijon viloyatining Marhamat tumanidan oqib oʻtuvchi Janubiy Fargʻona kanalida mikroGES qurishni loyihalashtirdi. Umumiy qiymati 1 milliard soʻmlik loyihani amalga oshirishni “FARPI-INNO” spin-off korxonasi oʻz zimmasiga oldi. Hozir quvvati 50 kVtgacha boʻlgan ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mikroGESning ilk namunasi Oʻzbekistonda birinchi boʻlib Marhamat tumanining “Rohat” MFY hududida qurilib ishga tushirildi.
Bugun u mahalladagi 240 xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlamoqda. Ayni damda dastlabki ishlab chiqarilgan 30 million soʻmlik elektr energiyasi Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotildi. Markaz tomonidan “Aholini arzon va muqobil energiya bilan taʼminlash maqsadida Janubiy Fargʻona kanalining Quva tumani hududidan oqib oʻtuvchi qismida charxpalak tipidagi mikroGES-200kVt–QUVA–1” loyihasi ishlab chiqilib, poydevor qoʻyish yakunlandi. Bu orqali yiliga 43200 kVt/soat elektr toki ishlab chiqariladi. Loyiha qiymati 3 milliard 369 million soʻm.
Oltiariq tumanida Malayziya investitsiyasi hisobiga quvvati 150 kVt boʻlgan mikroGESni loyihalash tugatilib, qurilish boshlanmoqda.
Soʻx daryosining Oʻzbekiston tumanidan oqib oʻtuvchi qismida gidroagregat tipidagi mikroGESlar kaskadi qurish loyihasi ishlab chiqilgan. Har biri 200 kVt quvvatga ega 6 ta mikroGESni oʻz ichiga olgan, qiymati 6,2 milliard soʻmlik mazkur loyiha tufayli yiliga 345600 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Soʻx daryosining Soʻx tumani hududidan oqib oʻtuvchi qismida ham 8 ta mikroGESni birlashtirgan kaskad tizimi yaratish taklif etilmoqda.
Hozir markazning Yevropa Ittifoqi tomonidan eʼlon qilingan “Sustainable, secure and competitive energy supply (HORIZON-CL5-2022-D3-03)” xalqaro grant loyihasida “Markaziy Osiyoda kichik gidroenergetika tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish” mavzusidagi loyihada ishtirok etish uchun topshirgan arizasi maʼqullangan. Umumiy qiymati 4,5 million yevroga teng loyiha mintaqa mamlakatlaridagi mavjud GESlarda (namuna tariqasida bittadan tanlab olinadi) avtomatik boshqaruv tizimini joriy etishga qaratilgan. Fargʻona politexnika instituti uning mintaqa boʻyicha koordinatori etib belgilangan.
Xorijiy korxonalar bilan hamkorlik
Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, “yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti bilan qoʻshma markaz tashkil etish rejalashtirilgan. Markazda energetika fakultetida tahsil oluvchi talabalarimiz xalqaro standartlar asosida bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish bilan bir qatorda xorij tajribalarini ham oʻrganadi. Ikki tomonlama samarali muzokaralar natijasida taʼlim muassasamiz professor-oʻqituvchilari hamda talabalari tomonidan taqdim etiladigan loyihalarga Shimoliy Xitoy texnologiya universiteti tomonidan yiliga umumiy qiymati bir million yuangacha boʻlgan miqdorda investitsiya ajratilishi belgilandi. Bu esa institut olimlarining xalqaro miqyosdagi loyihalarda ishtirok etishini taʼminlab beradi.
Taʼlim muassasamiz Belarus milliy texnika universiteti va uning huzuridagi Politexnik ilmiy-texnologik parki bilan hamkorlikda osteosintez, suyak va tizza boʻgʻimlari uchun yuqori texnologik implantlar va endoprotezlar yaratish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnopark ochishni rejalashtirmoqda.
Amaliyot, tadqiqot va daromad
Institut ilmiy tadqiqot, oʻquv ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish va uning moddiy-texnik bazasini boyitish, zamonaviy oʻquv laboratoriya xonalarini barpo etish, mavjudlarini taʼmirlash ishlarini amalga oshirdi. 2021/2022 oʻquv yilida mexanika-mashinasozlik fakulteti huzurida ilmiy tadqiqot, oʻquv ishlab chiqarish kompleksi tashkil etildi. Kompleksda kompyuter simulyatsiyasi, intellektual asboblarga asoslangan avtomatlashtirishni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya muammolarini, shuningdek, taʼlim, fan va ishlab chiqarishda reinjiniringni rivojlantirish, gazlantirishga asoslangan innovatsion quyish texnologiyasini joriy qilish va metall mahsulotlar ishlab chiqarish markazlari ish boshladi.
Hozirgi kunda kompleks tarkibidagi markazlarda 40 dan ziyod doktorant va mustaqil tadqiqotchi, 20 dan ziyod magistr ilmiy izlanishlar qilib, 1 nafar texnika fanlari doktori, 3 nafar texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy dissertatsiya ishlari muvafaqqiyatli bajarildi.
Bakalavriat taʼlim yoʻnalishining 240 talabasi ishlab chiqarish hamda malakaviy amaliyotlar oʻtamoqda. Tadqiqotchilarning ilmiy ishlari samarasi oʻlaroq Intellektual mulk agentligidan 20 dan ortiq dasturiy taʼminot guvohnomasi olindi.
Fargʻona politexnika instituti taʼsischiligida tashkil etilgan “FERPI MECH-TECHNO” unitar korxonasi tomonidan hududlardagi yirik sanoat korxonalarining ishlab chiqarishdagi muammolarini aniqlash, detallarni ishlab chiqarishda gazlantirishga asoslangan innovatsion quyish texnologiyasini joriy qilish hamda metall mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida amaliy ishlar qilinyapti. Korxonada texnologik jihatdan murakkab boʻlgan 28 turdagi mashinasozlik detallarini ishlab chiqarish imkoniyatlari yaratildi.
Murakkab yuzali detallarga ishlov berish va notexnologik detallar tayyorlashda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish hamda ishlab chiqarish korxonalari, hududlarda metall importini kamaytirishga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va tadbirkorlik subyektlariga loyihalashdagi muammolarni yechishga yordamlashish kabi yoʻnalishlarda izchil ishlar bajarilmoqda.
Ilm-fan amaliyot bilan uygʻunlashsagina kutilgan samarani bera boshlaydi. Ilgʻor xalqaro tajribalardan nafaqat xabardor boʻlib borish, balki ularni puxta oʻrganish ham muhim ehtiyoj hisoblanadi. Buning uchun esa katta platforma kerak. Fargʻona politexnika instituti ayni shu masʼuliyatli vazifani muvaffaqiyatli uddalamoqda.
Oʻktam SALOMOV,
texnika fanlari doktori,
professor