Siyosiy nazariyaga ko'ra, davlat rahbarining Parlamentga murojaati hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi tarmoqlari o'rtasidagi munosabatlarning tarixan shakllangan shakli hisoblanadi. Shu ma'noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi an'anaviy tus olgani xalqimiz siyosiy qarashlariga o'zgacha shakl va mazmun berishi barobarida, Yangi O'zbekiston siyosiy nazariyasida avvalgilariga o'xshamagan janrga asos soldi.
Mamlakatimiz etakchisining bu galgi Murojaatnomasi nafaqat Parlamentga, balki O'zbekiston xalqiga ham qaratilgan bo'lib, u milliy taraqqiyotimizning joriy yil va kelgusidagi strategik yo'nalishlari aniq belgilab berilgan dasturiy hujjat bo'ldi. Zero, oltita ustuvor yo'nalishdan iborat ushbu Murojaatnomada siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, parlamentning qonunchilik faoliyatiga daxldor takliflar to'liq qamrab olingani bilan g'oyatda ahamiyatlidir.
Avval inson...
Jonajon O'zbekistonimizda inson — eng oliy qadriyat. Uning manfaatlari, haq-huqularini ta'minlash, qadrini ulug'lash islohotlarning yangi bosqichida bir necha pog'ona yuqoriladi. eng quvonarlisi, bu jarayon izchil davom etirilib, asosiy Qonunimiz ham ma'no-mazmuni inson qadrini ulug'lash ruhi bilan boyitilmoqda. Gap shundaki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiya takomillashtirilyapti. “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat”, degan ezgu g'oya bunda asosiy mezon qilib olingan.
Bosh Qomusimizga o'zgartirishlar kiritish orqali milliy davlatchiligimizning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash siyosati Murojaatnomaning mazmun-mundarijasini mohiyatan o'zgartirib yubordi. Chunki joriy yilning belgilangan har bir ustuvor yo'nalishi va ijrosi, eng avvalo, Konstitutsiya talablariga javob berishi shartligiga urg'u berildi. Sodda qilib aytganda, endilikda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy jabhalarda belgilangan har bir vazifa ijrosi bevosita asosiy Qonunga kiritilishi mo'ljallangan normalar talabiga mos bo'lishi lozim. Bu Konstitutsiya, qonunlar va real amaliy hayotning uyg'unlashayotganidan dalolat. Hisob bo'yicha beshinchi bor yo'llangan Murojaatnomaning oldingilaridan farqli tomonlari ham shunda.
SHuningdek, u bir yilga emas, balki 2023—2026-yillarga mo'ljallangan bo'lib, bu davrda Yangi O'zbekiston Strategiyasining konseptual yaxlit mundarijasidan kelib chiqqan holda, Yangi O'zbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yilida mamlakat ichki va tashqi siyosatining davlat—jamiyat—xo'jalik qurilishi va boshqaruvidagi islohotlarni amalga oshirish belgilab berilgani bilan barchaning qalbidan chuqur joy olayotgani ayni haqiqatdir.
Yangi O'zbekiston Konstitutsiyaviy islohotlar samarasi o'laroq tom ma'noda ijtimoiy uyg'un davlat bo'lishi kutilmoqda. Asosiy Qonunga kiritilayotgan o'zgarishlar aynan davlatning ijtimoiy maqomini konstitutsiyaviy rasmiylashtirishdan boshlanayotgani sababi shunda. Aholiga munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish kuchli ijtimoiy siyosatga aylandi. Zotan, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag'allikni qisqartirish, demakdir”.
Ixcham va samarali boshqaruv
Demokratik islohotlar mezoni bo'lmish “Davlat — inson uchun” tamoyili xalqqa xizmat qilishning samarali vositasi hisoblangan davlat organlari va boshqaruvining tsivilizatsiyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Shuning uchun ham ixcham va samarali davlat boshqaruvi tizimiga o'tish joriy yildagi ustuvor vazifalarning birinchi yo'nalishi qilib belgalandi.
Ikki bosqichli “qo'l boshqaruvi”dan aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o'tish ko'zlangan. Bunday ma'muriy islohotlardan bosh maqsad esa hukumatning ish uslubini tubdan o'zgartirish, vazirlik va idoralar sonini kamaytirish, tarkibini tashkiliy-institutsional ixchamlashtirish, davlat xizmatchilarini 30—35 foizga bosqichma-bosqich qisqartirib, iqtisod qilinadigan mablag'larni ijtimoiy masalalarga yo'naltirishdan iborat.
Xabaringiz bo'lsa kerak, bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborildi. Prezidentimizning 2022-yil 23-dekabrdagi “Yangi O'zbekiston ma'muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq, vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga tushirildi.
Xo'sh, ma'muriy islohotlar tufayli qancha mablag' iqtisod qilinadi?
Dastlabki hisob-kitoblarga ko'ra, buning hisobiga 2,8 trillion so'm mablag' tejalishi kutilayotir. Jumladan, vazirlik va idoralar shtat birliklarini 30 foizgacha qisqartirish hisobiga 2,4 trillion so'm, tashkilot va idoralarni maqbullashtirish hisobiga bo'shagan 300 dan ortiq binolarni sotishdan 300 milliard so'm mablag' byudjetga tushadi.
Rahbar lavozimi qisqarishi tufayli 55 ta avtomashinani auktsionda sotishdan 16,5 milliard so'm, hududlarga xizmat safarlarini kamaytirish, onlayn qabul tizimini qo'llash hisobiga esa qariyb 17 milliard so'm mablag' tejalishi kutilmoqda. Davlat boshqaruvi apparatini saqlash bilan bog'liq xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga 22 milliard so'm iqtisod qilinadi. SHuningdek, rasmiy tadbirlarni o'tkazish bo'yicha maksimal narxlarni o'z ichiga oluvchi me'yorlarni belgilash orqali xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga 18 milliard so'm tejalishi rejalashtirilgan.
Ma'muriy islohotlarning ikkinchi bosqichida esa hududlardagi boshqaruv tizimi yangilanadi. “Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida”gi Qonunga ko'ra, bundan buyon davlat lavozimlariga faqat tanlov asosida ishga olinadi, faoliyat samaradorlik ko'rsatkichlari asosida baholab boriladi. Har yili 500 nafar mutaxassis eng nufuzli xorijiy oliygoh va markazlarda o'qitiladi. Tuman va shahar hokimligiga respublika idoralarida yuqori lavozimlarda ishlagan tajribali bilimdon menejerlar tanlanadi. Zero, yangi rahbarlar oldiga har yili kamida 40—50 million dollar xususiy investitsiyalar olib kirish talabi qo'yilayotir.
Najot — ta'limda
Yangi O'zbekiston — intellektual millat shakllangan ma'rifiy mamlakat. Zero, mamlakatimizda ma'rifatparvar jadid bobolarimizning “Najot — ta'limda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. CHunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”, degan qanotli so'zlaridan kelib chiqib, ta'lim sifatini yaxshilashga juda katta investitsiya kiritilyapti.
Bu haqda gap ketganda, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan sifatli qamrab olish darajasi 80 foizga yetkazilib, 600 ming yangi bog'cha o'rni yaratilgani, Prezident maktablarida 130 ta mamlakatda ma'qullangan “A-level” ta'lim dasturi yo'lga qo'yilgani, 198 ta oliygohdan 41 ta institutga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani, talabalar uchun imtiyozli ta'lim kreditlariga resurslar ikki baravar ko'paytirilgani, olimlarning ish haqi 4,5 baravar oshirilganini alohida ta'kidlash joiz.
Bu boradagi ishlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Chunki ta'lim sifatini oshirish — Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to'g'ri yo'li sifatida tanlab olingan. Shu bois ta'limni zamonaviy xalqaro andazalar darajasiga ko'tarish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ushbu maqsad yo'lidagi ishlar yangi darsliklar yaratish, ilg'or ta'lim standartlari va metodikalarini joriy etishdan boshlandi.
2023-yildan e'tiboran yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy ta'lim standartlari joriy etilsa, kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi. Shu tariqa Uchinchi Renessans bunyod etishga qodir intellektual millatni tarbiyalash va shakllantirish yo'lida mustahkam poydevor qo'yilyapti.
Jamiyatdagi yangilanishlar ko'zgusi
Mahalla o'zimizga xos bo'lgan, dunyoda o'xshashi yo'q institut. Ta'bir joiz bo'lsa, u jamiyat vijdoni, yangilanish va o'zgarishlarning chinakam ko'zgusidir. Boshqacha qilib aytganda, mamlakat hayotining barometri, davlatning mikro matritsasi hisoblanadi. Negaki, davlat va jamiyat hayotida nima sodir bo'lsa, u, avvalo, mahallada aks etadi. Davlat investitsiya dasturlarining mahalla darajasiga tushirilishining siyosiy-ijtimoiy sababi mahallaning ana shu nodir ijtimoiy fenomenida, desak, mubolag'a emas.
Endilikda mazkur yo'nalishdagi ishlar yangicha ma'no-mazmun kasb etib, ularning ko'lami kengaytiriladi. Bunga ishonch hosil qilish uchun Murojaatnomada eks etgan qator vazifalarga e'tibor qaratish o'rinlidir. Xususan, mahalla o'zining muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi, mol-mulk va er soliqlarining muayyan qismi mahallaning o'zida qoladi, har bir mahalla o'z kutubxonasi va sport maydonchasiga ega bo'ladi. Bu hukumat va aholi o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solib turishda mahalla institutlarining ahamiyati yanada oshishidan dalolatdir.
Huquqiy davlat — eng odil davlat
Inson o'zini qachon baxtli his etadi? Albatta, huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinganida. Yurtimizda ayni shu maqsad yo'lida boshlangan islohotlar davom ettirilib, u davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanmoqda. Murojaatnomada bu aniq-tiniq ko'rsatildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan huquq-tartibot idoralarini yangicha ishlashga o'rgatadigan, odil sudlov sifatini oshiradigan tizim yaratilyapti. Unga ko'ra, mulk huququni endi faqat sud cheklaydi, sudda ishlarni ko'rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Bundan buyog'iga sudlarga jinoyat ishi faqat ayblov xulosasi bilan emas, balki himoyachining fikri bilan birga qabul qilinadi. Tintuv o'tkazish, telefon so'zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga sanktsiya prokurordan sudga o'tkaziladi, ilg'or xorijiy tajribalar asosida ma'muriy sudlar faoliyati yanada takomillashtiriladi.
Bundayin tizimli yangilanishlar zamirida bitta maqsad mujassam. U ham bo'lsa, qonun ustuvorligini va inson huquqlari oliy qadriyatligini mudom ta'minlashdir.
Tabiat ishora bermoqda
Ma'lumki, O'zbekiston Osiyo va Yevropa tutash chegaradagi juda katta berk havzali, iqlimi quruq va keskin kontinental, turli tabiat zonalariga bo'lingan qurg'oqchil hududda joylashgan. Shu bois, ekologiya va suv mintaqamiz uchun azaliy muammolar sirasiga kiradi. Murojaatnomada ushbu global masala ham chetda qolmagan.
Tuproq, suv va havoning ifloslanishi, iqlim o'zgarishlari o'simlik hamda hayvonot dunyosi uchun tashvishli hol. Ustiga-ustak, 5,5 million gektardan ortiq maydonda Orolqum sahrosining paydo bo'lgani, har yili 100 million tonna qum va tuz havoga ko'tarilayotgani mintaqada tuproq tarkibining buzilishiga, unumdor erlarning qisqarishiga olib kelyapti. Ushbu egologik muammo ta'sirini kamaytirish, qurg'oqchilik va obihayot taqchilligini yumshatish uchun suv hisobini ochiq-oshkora yuritish tizimi joriy etilmoqda. Murojaatnomada kelgusi uch yilda 13 mingga yaqin suv xo'jaligi ob'ektini raqamlashtirish, 16 ta yirik nasos stantsiyasini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilib, muqobil energiyaga o'tkazish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni kuchaytirish nazarda tutilgani ham e'tiborga molik jihatdir.
Aytish joizki, qishloq xo'jaligi sohasi, xususan, paxtachilikda klaster tizimi joriy etilgach, suv resurslarini iqtisod qilish, sug'orishning tejamkor usullarini kengaytirish imkoniyati paydo bo'ldi. Natijida qishloq xo'jaligida foydalanishdan chiqib ketgan erlar ham o'zlashtirilmoqda. Joriy yilda paxta-to'qimachilik klasterlari tomonidan 300 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi ko'zda tutilgan. Buning hisobiga 2 milliard metr kub suv iqtisod qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, klasterlarda suv tejashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan lazerli tekislashga alohida e'tibor qaratilyapti. Shu yilning o'zida 200 ming gektar maydon ekin-tekinga shu usulda tayyorlanadi. Natijada tejalayotgan suv resurslari evaziga 90 ming gektar yer maydonlari qayta o'zlashtirilishi belgilangan. Bu tabiat berayotgan ishoralarga munosib javobdir, aslida.
Iqtisodiy tengsizlik barham topadi
Erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog'lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta'minlash, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlar yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Zotan, dasturilamal hujjatning beshinchi yo'nalishi ana shu maqsadga yo'g'rilgan.
E'tiborlisi, islohotlarning hozirgi bosqichida hududlar o'rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirishga alohida urg'u berilyapti. Ya'ni tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirishga yangicha yondashilib, ularning mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 toifaga ajratiladigan bo'ldi. Toifaga qarab, tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish istiqbollari belgilanadi, tadbirkor uchun subsidiya, kredit va kompensatsiyalar ajratiladi. Bu bejiz emas, albatta. Negaki, davlat tomonidan berilayotgan ko'mak joylardagi real holatdan kelib chiqib yo'naltirilsa, uning samarasi katta bo'ladi.
Shu bilan birga, nazorat qiluvchi va ruxsat beruvchi muassasalar faoliyati qayta ko'rib chiqiladi, davlat idoralarida tadbirkorlarga servis xizmati ko'rsatishni baholash tizimi joriy qilinadi. eng asosiysi, ilg'or tajribalar asosida soliq va bojxona ma'murchiligi engillashtiriladi. Jumladan, joriy yilda qo'shilgan qiymat solig'i stavkasi 15 foizdan 12 foizga pasaytirildi. Buning hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida kamida 14 trillion so'm mablag' qolishi hisob-kitob qilingan. Tabiiyki, bu mablag' biznesni rivojlantirish, yangi ish o'rinlari yaratish va ishchi-xodimlarning, demakki, aholining turmush farovonligi uchun yo'naltiriladi.
Iqtisodiyot qon tomiri
Investitsiya iqtisodiyotning qon tomiriga qiyoslanadi. Chindan ham, investitsiyasiz rivojlanish ham, taraqqiyot ham bo'lmaydi. Har qanday istiqbolli loyihalar ijrosi mablag'ga borib taqaladi. Shu bois Murojaatnomaning yakunlovchi oltinchi yo'nalishi aynan shu masalaga bag'ishlangani ayni muddao.
Unga ko'ra, iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko'paytirish uchun sharoitlar yanada yaxshilanib, jozibali investitsiya muhiti yaratiladi. SHundan kelib chiqib, marra ham baland olinmoqda. Joriy yil iqtisodiyotga 30 milliard dollar sarmoya, jumladan, 25 milliard dollar xususiy investitsiyalar jalb qilinadi. Natijada qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ortiq loyihalar ishga tushiriladi, 40 ta yangi yirik loyiha ish boshlaydi.
Mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligini ta'minlashda sanoat tarmoqlari katta o'rin tutadi. SHuning uchun so'nggi yillarda yurtimizda 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etildi. To'qimachilik, kimyo, qurilish materiallari, charm, farmatsevtika, elektr texnikasi kabi tarmoqlarni “drayver”ga aylantirish uchun 3 milliard dollarlik moliyaviy resurslar ajratildi. Sanoatni xomashyo bilan ta'minlash uchun geologiya-qidiruv ishlari 3 barobar ko'paytirilib, 600 tadan ziyod yangi kon aniqlandi. Natijada oxirgi besh yilda sanoat korxonalari soni 2 barobar ko'payib, 100 mingtaga etdi, ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga ko'paydi. Bu hududlar rivojiga ijobiy ta'sir qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan respublikamizning barcha hududlarida sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyotini ko'tarish uchun qo'shimcha ravishda yana to'rtta imkoniyat taqdim etilmoqda.
Birinchi imkoniyat — bank normativlari qayta ko'rib chiqilib, tijorat banklarida korxonalarga kredit ajratish uchun qo'shimcha 55 trillion so'm resurslar ta'minlanadi. Bu — bitta tumanda o'rtacha 20 million dollarlik investitsiyaga qo'shimcha manba, degani.
Ikkinchi imkoniyat — 2023-yilda sanoat zonalari va yirik investitsiya loyihalari infratuzilmasi uchun 1,7 trillion so'm yo'naltiriladi.
Uchinchi imkoniyat — joriy yildan boshlab, iqtisodiy rivojlanishi orqada bo'lgan to'rtinchi va beshinchi toifadagi 60 ta tumanga 27 turdagi soliq imtiyozi, subsidiya va preferentsiyalar berilganidir.
To'rtinchi imkoniyat — gilamchilik, uy tekstili, charm va zargarlik tarmoqlari uchun taqdim etilayotgan engilliklar. Unga ko'ra, 2023 yilda to'qimachilik loyihalariga qo'shimcha 300 million dollar yo'naltiriladi.
Bularning samarasi uzoq kuttirmaydi, albatta. Yaqin istiqbolda hudularning sanoat salohiyati ortib, iqtisodiyotimiz rivojida yanada jadallashadi, eksport imkoniyati tubdan kengayadi. Ta'bir joiz bo'lsa, Yangi O'zbekiston raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqariladigan sanoat markaziga aylanadi. O'tgan yili 2 mingga yaqin tadbirkorlar ilk bor tashqi bozorga chiqqan bo'lsa, ushbu raqam yil sayin ortib boraveradi. Binobarin, joriy yilda eksport hajmi ilk bor 23 milliardan ortishi, to'qimachilik, elektr texnikasi, charm-poyabzal va boshqa tayyor mahsulotlar eksporti kamida ikki baravar oshishi kutilmoqda.
Yangi O'zbekistonning ulkan maqsadlar sari dastlabki qadamlari katta bilim va tajriba to'plash bilan tashlandi. Bu esa ko'zlangan qutlug' manzil va marralarga etish imkoniyatini yanada kengaytirishi muqarrardir.
Sa'dulla TOJIYEV,
iqtisod fanlari nomzodi
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining (20.01.23, 13-sonida chop etilgan)