Yangi Oʻzbekiston: Yangicha taʼlim tizimi va yangicha yondashuvlar

    Ta'lim 11 Avgust 2021 42197

    Bugun Yangi Oʻzbekiston hayotining barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylangan. Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar haqida toʻlqinlanib soʻzlamaslikning iloji yoʻq.

    Amalga oshirilayotgan islohotlarning, avvalo, maktabgacha taʼlim va tarbiya sohasidan boshlanishi globallashuv jarayonida bolalar tarbiyasida eng asosiy boʻgʻin hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimining jamiyatimiz hayotidagi oʻrni va ahamiyati beqiyosligini nazarda tutadi.

    Shuningdek, bugun yirik shaharlarimizdan tortib, chekka tumanlar, qishloq va ovullarimizda yangi-yangi zamonaviy bogʻchalar barpo etilyapti. Qisqa vaqt, yaʼni toʻrt yil ichida respublikamizda bogʻchalar soni 3 barobar oshib, bogʻcha yoshidagi bolalarni qamrab olish darajasi 28 foizdan 54 foizga yetgani ana shunday amaliy harakatlarimiz natijasidir.

    Sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmi joriy etilishi tufayli 223 mingdan ortiq oʻringa ega boʻlgan 7 ming 400 ta xususiy bogʻcha tashkil qilindi. Bu maqsadlar uchun 1 trillion 850 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari yoʻnaltirilib, 20 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.

    Yaqin-yaqinlargacha oʻqituvchi-muallimlar, ayrim joylarda oʻquvchilar ham, toʻrt oylab paxta yigʻim-terimi, chopiq va yaganaga chiqarilgan, natijada oʻqituvchi bir oyda oʻrtacha 80 soat dars oʻtishi kerak boʻlsa, toʻrt oyda 320 soat yoʻqotadigan vaziyat vujudga keldi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida mana shunday salbiy holatlarga chek qoʻyildi.

    Soʻnggi toʻrt yilda maktab oʻqituvchilarining oylik maoshi bir yarim barobar koʻpaytirilganligi, davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ustozlar soni oshib borishi, oʻqituvchi tayyorlaydigan hisobotlar, qogʻozbozliklar soni keskin kamaytirilganligini oʻzi ham taʼlimning bu bosqichida ulkan ijobiy oʻzgarishlarga zamin boʻldi. Islohotlar, oʻzgarishlar natijasida respublika boʻyicha qariyb 15 ming nafar erkak oʻqituvchi maktablarga qaytdi.

    Maktab taʼlimini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom etmoqda.

    “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat Dasturida koʻzda tutilgan 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion soʻm ajratilishi, sohada yagona “elektron taʼlim” tizimini joriy etishga kelgusi 2 yilda 250 milliard soʻm yoʻnaltirish, boshqa tumandagi olis maktabga borib, dars beradigan oʻqituvchilar oyligiga 50 foiz, boshqa viloyatga borib ishlasa — 100 foiz ustama haq toʻlash kabi chora-tadbirlar sohadagi islohotlar samaradorligini taʼminlab beradi.

    Taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qismini, albatta, oliy taʼlim tizimidagi islohotlar tashkil etadi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi mazkur sohadagi yangi islohotlar uchun debocha vazifasini bajarib beradi.

    Ushbu hujjatga intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish singari vazifalar asos qilib olindi. Konsepsiya mazmuni mamlakatimiz oliy taʼlim tizimini isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlarini aks ettiradi. Unda oliy oʻquv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda taʼlim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va taʼlim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, xalqaro eʼtirofga erishish hamda boshqa koʻplab aniq yoʻnalishlar belgilab berilgan. Bularning barchasi taʼlim jarayonini yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun xizmat qiladi.

    Bugungi kunda yangi-yangi oliy oʻquv yurtlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil etilmoqda. Misol uchun, soʻnggi 5 yilda mamlakatimizda 47 ta yangi oliy taʼlim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarining soni 125 taga yetdi.

    Davlat-xususiy sheriklik tizimi asosida nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyati yoʻlga qoʻyilyapti. Aholi fikrini oʻrgangan holda, sirtqi va kechki taʼlim shakllari qayta tiklandi, qabul kvotalari oshirilyapti. Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 2020-yilda 25 foizga yetdi.

    Professor-oʻqituvchilarning xorijdagi oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot maskanlarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini taʼminlaydigan mexanizm yaratildi. Ularning oylik ish haqi miqdori
    2018-yilga nisbatan oʻrtacha 2,5 barobar oshirildi. Bu yildan boshlab 10 ta oliy taʼlim muassasasi oʻzini-oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazildi.

    Oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilganligi, oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazilishi oliy taʼlimga qamrab olish koʻlamini yana-da kengaytirdi.

    Taʼlim tizimidagi eng muhim yangiliklardan biri oliygohlar va taʼlim tizimining quyi boʻgʻinlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy oʻquv yurtlari tasarrufiga oʻtkazilishi, shuningdek, 187 ta texnikum ham oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktirilishi boʻldi.

    Demak, xulosa qiladigan boʻlsak, taʼlim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda oʻzining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yana-da keng koʻlamda davom ettirish davr talabidir.

    Axborot texnologiyalar asri deb nom olgan XXI asrda hayotning barcha jabhalarida — sanoat, qurilish, kimyo, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, mashinasozlik va boshqa sohalarda yuksak taraqqiyotni yuzaga keltirish uchun ilm-fanni rivojlantirish, bu borada yangiliklar yaratish hayotiy zaruratga aylandi. Bu jarayon endilikda dunyoda taraqqiyot yoʻlini tutgan barcha mamlakatlarda eʼtirof etilmoqda. Respublikamizda ham ana shu jarayonga alohida eʼtibor berilmoqda.

    Mamlakatimiz Prezidenti davlat rahbari sifatidagi faoliyatini yurtimiz akademiklari, yetakchi olimlari, umuman, ilm ahli bilan uchrashuvdan boshlaganligi, respublikamizda ilm-fan rivojini ishlab chiqarish taraqqiyoti bilan uygʻunlashtirishga qaratganligi bejiz emas. Davlatimiz rahbarining shundan keyin sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatini yaxshilash, kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitobxonlikni kuchaytirish, respublikada yangi erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, mamlakatni yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish, “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” ishlab chiqilishi, Imom Termiziy xalqaro markazini tashkil qilish borasida va shu kabi boshqa koʻplab qabul qilingan qarorlari, farmonlari, farmoyishlarida ilm-fanni yuksaltirish asosiy masalalardan biri sifatida belgilanishi ham ana shu eʼtiborning amaliy ifodasi edi.

    Ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, ularning yutuqlarini yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotga aylantirish jarayonida intellektual mulkning ishonchli himoya qilinishi alohida ahamiyat kasb etadi. Maʼlumotlarga koʻra, intellektual mulk ulushi Yevropada yalpi ichki mahsulotning 45, Xitoyda 12, Rossiyada 7 foizini tashkil etadi. 2020-yilning 12-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida boʻlib oʻtgan yigʻilish ham “Intellektual mulkni himoya qilish – Uchinchi uygʻonish davri uchun ishonchli poydevor boʻlib xizmat qiladi” mavzusiga bagʻishlangan edi. Oʻshanda davlatimiz rahbari patent egalari va tadbirkorlar oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.

    Shu maʼnoda Oʻzbekistonni 2030-yilga qadar global innovatsion indeks reytingida dunyoning 50 ta yetakchi davlatlari qatoriga kiritish boʻyicha ulkan maqsadga erishishda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan strategik reja eʼlon qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomalari va 2017-yil 7-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasini yana-da rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni, “Yoshlarga oid Davlat dasturi”, yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi OʻRQ-576-sonli qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-oktyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6097-son Farmonlari mamlakatimizda taʼlim va ilm-fan sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

    Xususan, taʼlim tizimida qabul qilingan eng muhim hujjatlardan biri bu – “Taʼlim toʻgʻrisidagi Qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi boʻldi. Mazkur Qonunga asosan taʼlim sohasidagi asosiy prinsiplar, taʼlim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab qoʻyildi.

    Shuningdek, Qonunga koʻra, davlat oliy taʼlim, oʻrta maxsus, professional taʼlim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, oʻrta maxsus, professional taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladigan boʻldi. Nodavlat taʼlim muassasalarini tashkil etish ularning taʼsischilari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziya Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladigan boʻldi.

    Shunga koʻra, mazkur Qonunning qabul qilinishi hamda amaliyotga joriy etilishi taʼlim sohasida qabul qilingan eng muhim hujjatlardan biri boʻldi deyishimiz mumkin.

    Hukumatimizning taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlari Namangan davlat universitetida ham izchil amalga oshirib kelinyapti. Xususan, keyingi uch yil ichida fakultetlar soni 9 tadan 15 taga, mutaxassislik kafedralari soni 27 tadan 46 taga, taʼlim yoʻnalishlari soni 31 tadan 52 taga, magistratura mutaxassisliklari soni esa 12 tadan 26 taga yetkazildi. Bunga mos ravishda ilm istagida boʻlgan universitet talaba yoshlari soni 5 100 nafardan qaryib 21 000 nafarga yetdi. Professor-oʻqituvchilar soni 470 nafardan 710 nafarga yetdi. Universitetda 2018-2019 oʻquv yiliga qadar ilmiy salohiyat 26 foizni tashkil etib, bironta ixtisoslik boʻyicha ixtisoslashgan kengash faoliyat olib bormagan. Keyingi yillarda ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash masalasiga ham katta eʼtibor qaratilib, ilmiy salohiyat 37 foizdan oshdi, taʼlim sifatini taʼminlash yoʻlida bugungi kunda 12 ta ixtisoslik boʻyicha 9 ta ixtisoslashgan kengash faoliyat olib bormoqda. Albatta, bu borada 17 ta tayanch doktoranturada tahsil olayotgan doktorantlar hisobidan universitet ilmiy-pedagog kadrlari saflarini salohiyatli kadrlar bilan toʻldirish maqsadi belgilab olingan.

    Yaqin-yaqingacha universitet asosan pedagogik soha uchun mutaxassislar tayyorlar edi. Bugungi kunda universitetda Arxeologiya, Madaniyat va sanʼat muassasalarini tashkil etish hamda boshqarish, Sotsiologiya, Yurisprudensiya (faoliyat turlari boʻyicha), Kutubxona-axborot faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha), Zooinjeneriya: baliqchilik, Mevachilik va uzumchilik, Dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik, Issiqxona xoʻjaligini tashkil etish va yuritish, Ijtimoiy ish (faoliyatning turli sohalari boʻyicha), Mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish va boshqarish, Turizm (faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha), 2021-yildan boshlab esa Davolash ishi, Pediatriya ishi kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlashni boshlaganligi oliygohimizni haqiqiy maʼnoda viloyatimizning aql markaziga aylanayotganligidan dalolat beradi.

    Universitet yirik ilmiy-tadqiqot markazi sifatida Namangan davlat universitetida media markaz tashkil etish, Akvakultura boʻyicha oʻquv-amaliy trenajer tashkil etish, “Dorivor oʻsimliklardan shifobaxsh ichimliklar tayyorlash”, Shifobaxsh profilaktik Sumalak ishlab chiqarish texnologiyasi, Fargʻona vodiysida tarqalgan kamyob va yoʻqolib borayotgan hamda endem turlarning tirik kolleksiyasi, elektron fotoalbomi va raqamlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazasini yaratish kabi yirik xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etyapti.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan oliy taʼlim tashkilotlari uchun akademik va tashkiliy, shuningdek, moliyaviy mustaqillikning berilishi hamda Kengashlar vakolatlarining kengayayotgani taʼlim sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, sifatli taʼlim xizmatlarini taʼminlash va bu borada Prezident hamda hukumatimiz belgilab bergan vazifalarni toʻla-toʻkis ado etish orqali mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab beruvchi salohiyatli kadrlar tayyorlashga keng imkoniyatlar yaratadi.

    Sobitxon Turgʻunov,

    Namangan davlat universiteti rektori,

    pedagogika fanlari doktori, professor.