Hisob-kitoblarga koʻra, bugungi kunda dunyoda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 17 foizdan ziyodi gidroenergetika tizimi hissasiga toʻgʻri keladi. Ammo tan olish kerak, bunday elektr energiyasi hozirgi vaqtda faqat daryolar yoki boshqa suv omborlariga ega joylardagina ishlab chiqariladi.
Agar osmondan yogʻilayotgan suvlarni elektr energiyasiga aylantirishning yoʻli topilsami...
Xotirjam boʻling, Sinxua (Xitoy) universiteti olimlari bu orzuni haqiqatga aylantirish imkonini beruvchi ulkan kashfiyot arafasida turishibdi.
Tadqiqotlarda aniqlanishicha, osmondan yomgʻir boʻlib yogʻayotgan suvlar parvoz chogʻida oʻzidan uncha katta boʻlmagan energiya chiqarar ekan. Xitoylik olimlar yaratgan triboelektrik nanogenerator esa mazkur kinetik energiyani toʻplab, elektr energiyasiga aylantirib bermoqda.
Olib borilgan izlanishlar natijasida olimlar hozircha bir kvadrat metrga teng suv panellarining quvvatini 200 Vtgacha chiqara olishdi.
– Garchi D-TENG (qurilma nomi) bir zumda yuqori quvvatga chiqish imkoniga ega boʻlsa-da, uni megavatt quvvatga olib chiqish hozircha ilojsiz boʻlib qolmoqda, – deydi Sinxua universiteti aspiranti Li Szun. – Ammo kelgusida shunday panellarni birlashtirgan holda bu natijaga ham erishishni moʻljallab turibmiz.
Xitoylik gidroenergetiklarning insoniyatga toza, ishonchli va barqaror energiya yetkazib berish boʻyicha vaʼdalari koʻplab innovatsion yondashuvlarga ham keng yoʻl ochdi. Muhimi, bular orasida mamlakatimizda qoʻllash mumkin boʻlgan suzuvchi va shu tufayli qayta tiklanuvchi manbaga ega gidrostansiya loyihasi ham bor.