UNESCOda Saviskiy muzeyi kolleksiyalari nusxalarining koʻrgazmasi ochildi

    Madaniyat 27 Sentabr 2022 2151

    UNESCOning Parijdagi bosh qarorgohida I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat sanʼat muzeyida saqlanayotgan saralangan asarlar fotosuratlaridan iborat maxsus koʻrgazmaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda UNESCO rahbariyati, diplomatik korpus vakillari, UNESCOga qarashli ixtisoslashgan muassasalar mutaxassislari ishtirok etdi.

    Bir hafta davomida boʻlib oʻtadigan koʻrgazmada turli mualliflarning, asosan, oddiy odamlarning kundalik hayoti, xalqlar madaniyati va anʼanalari, oʻzbek xalqining buyuk ajdodlariga bagʻishlangan 26 ta surati taqdim etilgan. Koʻrgazma Oʻzbekiston hukumati tomonidan UNESCO Kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

    Tadbirning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida respublikada mamlakatimizning boy madaniy merosini avaylab asrash, koʻpaytirish va targʻib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. I.V.Saviskiy nomidagi Nukus muzeyi kolleksiyalarining oʻziga xosligi alohida taʼkidlandi

    Koʻrgazma ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

    UNESCO Bosh direktorining gumanitar va ijtimoiy fanlar boʻyicha oʻrinbosari Gabriela Ramos Oʻzbekiston hukumatiga Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyining noyob kolleksiyasidan koʻrgazma tashkil etishda koʻrsatayotgan yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

    — Bugungi tadbir Markaziy Osiyoning asrlar davomida shakllangan va Buyuk Ipak yoʻli boʻylab oʻzaro muloqot va almashuv tufayli shakllangan hamda taraqqiy etgan boy madaniyati va tarixiy merosini oʻzida mujassam etgan, – dedi Gabriela Ramos. – Koʻrgazma mintaqa azaldan Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy, ilm-fan va tijorat almashuvida muhim oʻrin tutganini koʻrsatdi.

    Koʻrgazma Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yil 15-16-sentyabr kunlari Xiva shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumida ishlab chiqilgan Xiva deklaratsiyasining bir yilligiga bagʻishlandi. Deklaratsiya Markaziy Osiyoda teng huquqli va inklyuziv jamiyatlarni rivojlantirish uchun siyosiy muloqotni rivojlantirishga qaratilgan “Xiva jarayoni” platformasini ishga tushirishga zamin yaratdi. Quvonarlisi, Gumanitar va ijtimoiy fanlar sektori Oʻzbekiston hukumatiga “Ipak yoʻli”, “Madaniyatlararo muloqot”, “Irqchilikka qarshi kurash”, “Yoshlar va sport” kabi qator dasturlar orqali tashabbusni amalga oshirishda yetakchi boʻlib xizmat qilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Qayd etish joizki, “Xiva jarayoni” platformasi UNESCO vakolatiga kiruvchi sohalarda Markaziy Osiyoda hamkorlikni faollashtirishga koʻmaklashish maqsadida ishlab chiqilgan. Ijroiya kengashining 212-sessiyasi doirasida dunyoning barcha mintaqalari vakillaridan iborat 23 davlat hammuallifligida “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” qarori qabul qilindi. 2021-yil 9-24-noyabr kunlari Parij shahrida boʻlib oʻtgan Bosh konferensiyaning (UNESCO bosh boshqaruv organi) 41-sessiyasida ham xuddi shu nomdagi maxsus rezolyutsiya maʼqullangan.

    UNESCOning yaxshi niyat elchisi, taniqli haykaltarosh Xedva Ser taniqli mualliflarning suratlari orqali Oʻzbekiston haqida muhim maʼlumotga ega boʻlganini, mamlakat aholisi va ularning kundalik hayoti haqida koʻp narsalarni kashf etganini taʼkidladi.

    — Tasvirlarning koʻpchiligi juda rang-barang, shuning uchun ular tomoshabinni oʻziga qattiq tortadi va diqqat bilan qarashga majbur qiladi, — dedi Xedva Ser. — Koʻrgazma Oʻzbekistonning boy va rang-barang madaniyatiga, ayniqsa, joriy yil noyabr oyida ushbu ajoyib mamlakatga safarim oldidan hayratimni yanada oshirdi.

    Xayfa al-Mogrin, Saudiya Arabistonining UNESCOdagi elchisi:

    – UNESCO “uyi”da oʻz madaniyatining bir qismini namoyish etayotgan Oʻzbekistondan minnatdormiz. Bugun men sanʼat tabiat, atrof-muhit, iqtisod va jamiyatlar evolyutsiyasi naqadar ifodali tarzda uygʻunlashganini his qildim, yorqin tasvirlarga guvoh boʻldim. Sanʼat odamlarning qanday birga yashab, qanday mehnat qilgani, ulugʻ ishlar va bunyodkorliklarni amalga oshirgani, hayotdan rohatlanib, baxtga erishgani haqida aniq-ravshan hikoya qiladi. Koʻrgazmada Oʻzbekiston va uning xalqi tarixi toʻlaqonli koʻz oldimizda namoyon boʻldi.