Fransuz tili oʻqituvchilari malaka oshirish uchun Fransiyaga yuboriladi

    Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda fransuz tili oʻqituvchilarini Fransiyaning oliygohlariga stajirovkaga yuborish yuzasidan yangi loyihaga start berildi.

    Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlim vaziri axborot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, ayni paytda butun Respublika boʻylab ushbu loyihaning birinchi bosqichi boʻlib oʻtgan.

    Bunda barcha hududlardan fransuz tili ustozlari Ev@lang platformasi orqali Pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlarida test topshirishdi.

    Test natijalariga koʻra tanlab olingan oʻqituvchilar fransiyalik tajribali mutaxassislar tomonidan 30 soatlik offlayn hamda 15 soatlik onlayn malaka oshirish kurslarida oʻqitiladi.

    Maʼlumot oʻrnida: ushbu loyiha 4 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Yakuniy natijalarga koʻra, eng yuqori natijalarni qayd etgan fransuz tili ustozlari 2024-yilning yakuniga qadar Fransiyaning nufuzli oliygohlariga yuboriladi.

    Mazkur loyiha boʻyicha joriy yilda 200 nafar ustozlarni qamrab olish rejalashtirilgan.