“Toshshahartransxizmat“ AJ axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent metropolitenining yer usti halqa yoʻnalishidagi “Quruvchilar“ va “Qipchoq“ bekatlari oraligʻidagi metro harakati profilaktika ishlari sababli, 2025-yil 8-iyun kunidan vaqtincha toʻxtatiladi.

Yoʻlovchilar tashish uzluksizligini taʼminlash maqsadida, ushbu oraligʻida 1m-sonli avtobus yoʻnalishi tashkil etiladi. Yoʻnalish faoliyati soat 5:00 dan 23:00 gacha belgilangan boʻlib, ushbu avtobus yoʻlovchilarga bepul xizmat koʻrsatadi.

Yoʻnalishda 5 ta “King Long” rusumli avtobuslar 6 daqiqalik interval bilan harakatlanadi. Yoʻlovchilarni avtobuslarga chiqish va tushirish faqat metro stansiyalarida amalga oshiriladi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Quruvchilar“ va “Qipchoq“ bekatlari rejali profilaktik ishlar amalga oshirilishi munosabati bilan yopilishi haqida xabarlar eʼlon qilingandi.