Hamkorlikdan ko'zlangan maqsad O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi “2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni ijrosini ro'yobga chiqarish hamda mamlakatda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo'lida “uchinchi sektor” uchun kadrlarni tayyorlash va ularni malakasini oshirishdir.

Tadbir davomida joriy yilning 22-noyabridan 3-dekabriga qadar 50 nafar nodavlat notijorat tashkilotlar rahbarlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish kurslarini tashkil etishga kelishib olindi. Bu imzolangan memorandumning ilk amaliy natijasi bo'ldi. Yo'lga qo'yilgan hamkorlik doirasida 2025 yilga qadar jami 750 nafar nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarining tashkilotni samarali boshqarish, moliyaviy barqarorlikka erishish, davlat idoralari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, ta'sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda ijtimoiy menejment yo'nalishlarida bilim va ko'nikmalarini oshirish rejalashtirildi.

Ta'kidlash joizki, so'nggi 5 yilda fuqarolik jamiyati instutlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan:

– fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ilgari surilgan 2000 ga yaqin ijtimoiy tashabbuslar uchun davlat byudjetidan jami 190 mlrd. so'mdan ortiq mablag' yo'naltirildi;

– har bir viloyat markazida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etilishi 700 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlarining bino bilan bog'liq muammolarini hal etdi va ularning ijtimoiy foydali faoliyati qayta tiklanishiga imkoniyat yaratdi;

– ilk bor “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etildi va 126 nafar fuqarolik jamiyati institutlari faollari ushbu ko'krak nishon bilan taqdirlandi;

– nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini monitoring qilish va o'rganish bo'yicha aniq tartib joriy etilib, ularning faoliyatiga noqonuniy aralishish holatlariga chek qo'yildi hamda monitoring va o'rganishlar soni 65,3 foizga kamaydi;

– sohani tartibga soluvchi qonunchilik erkinlashtirilishi natijasida nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan o'tkazilgan tadbirlar soni bir yilning o'zida
10 665 taga, xorijiy donorlarning mablag'larini jalb etish ko'rsatkichi esa 82 foizga oshdi;

– fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning moliyaviy manbalari diversifikatsiya qilindi, buning natijasida nodavlat notijorat tashkilotlar sektorida 10 000 nafardan ziyod fuqaroning bandligi ta'minlandi, shuningdek, 2 000 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti moliyaviy barqarorlikka erishdi.