Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, “Oʻzbekiston temir yoʻllari“ AJ va pudratchi “Koʻprikqurilish“ AJlar ishtirokida “Metropoliten”ning 1 va 2-bosqichlari oraligʻida joylashgan “Texnopark — Qipchoq” bekatlari oʻrtasidagi uchastkada olib borilayotgan qurilish ishlari joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqilgan.

Oʻrganish jarayonida qator kamchilik va xato holatlar aniqlanib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish, amalga oshirilayotgan ishlar loyiha talablariga toʻliq muvofiq holda qayta koʻrib chiqilishi va belgilangan muddatlarda sifatli yakunlanishi boʻyicha masʼul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berilgan.

Qurilish ishlarining shaffofligi, yoʻlovchilar xavfsizligi va transport infratuzilmasining barqarorligini taʼminlash mazkur yoʻnalishdagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Mazkur sohadagi ishlar doimiy nazorat ostiga olingan, — deyiladi xabarda.