Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Yunusobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.M.L.” MCHJ masʼul shaxslari avtotransport vositalari sotuvi bilan shugʻullanib kelib, 4 nafar fuqaroga 2 ta Spark, Cobalt va Nexia-3 rusumli avtomashinalarni 2-yildan 3-yilgacha muddatli toʻlov asosida sotishga kelishib, fuqarolar tomonidan 2019—2023-yillar davomida toʻlovlar toʻliq toʻlangandan keyin avtomashinalarni ularning nomiga oʻtkazib bermasdan, jami 34 882 AQSH dollari va 118,5 million soʻmini qoʻlga kiritgani aniqlandi.

Bundan tashqari, MCHJ masʼul shaxslari kreditorlarning oldida 6,1 mlrd soʻm qarzdorligi mavjud boʻlsa-da, avtotransport vositalarining sotuvidan tushgan 471,9 mln soʻmni hisob-raqamiga kirim qilmasdan korxonani toʻlovga qobiliyatsizligini qasddan yuzaga keltirganliklari maʼlum boʻlgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 181-1-moddasi (qasddan toʻlovga qobiliyatsizlikka olib kelish) bilan bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.