Bu boʻyicha Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 23-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 1-martdagi PQ–108-son qarori ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari haqida»gi 458-son qarorida belgilandi.
Qaror bilan:
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi:
- aktuar hisob-kitoblar asosida sugʻurta tariflari qayta koʻrib chiqilib, sugʻurta summalari va mukofotlari bozor tamoyillariga muvofiqlashtirildi;
- 2026-yil 1-yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta summasini 80 mln soʻmgacha (amalda 40 mln soʻm) oshirilishi belgilandi, bu oʻz navbatida YTH natijasida jabrlangan shaxslarning mol-mulkiga, hayotiga va sogʻligʻiga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻning bugungi kun talabiga mos ravishda boʻlishiga xizmat qiladi;
- haydovchilar soniga qarab cheklangan va cheklanmagan polislarni rasmiylashtirish mexanizmi belgilandi. Bunda aybdor deb topilgan sugʻurta qildiruvchining sugʻurtalovchisi tomonidan sugʻurta daʼvolari va boshqa nizolarni koʻrib chiqish tartibi aniqlashtirildi;
- Sugʻurta toʻlovlarini kafolatlash jamgʻarmasiga transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtasi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan huquqiy maslahat hamda YTH toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan bogʻliq adjasterlik xizmatini koʻrsatish funksiyasi qoʻshildi;
- majburiy sugʻurtalash majburiyatining bajarilishini nazorat qilish uchun masʼul organlar va Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yuritish tartibi aniqlashtirildi;
- manfaatdor davlat organlari bilan majburiy sugʻurta boʻyicha elektron maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi;
- 2026-yil 1-apreldan Yagona sugʻurta billing tizimi joriy etiladi. Bu polislarni rasmiylashtirishda sugʻurta mukofotlari tushumlarining markazlashtirilgan hisobini yuritilishini taʼminlaydi;
- fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilmagan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.