Ajrashib ketgan oilalar hozir afsusda...

    Ijtimoiy hayot 4 Fevral 2022 2135

    Fargʻona viloyati boʻylab ajrimlarning oldini olish doirasida qator tadbirlar boʻlib oʻtyapti. Ana shunday tashviqot tadbirlari Fargʻona shahri, Toshloq, Oʻzbekiston, Oltiariq tumanlarida boʻlib oʻtdi. Unda keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda turmush qurish boʻsagʻasidagi yoshlar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar, uzoq yillar tinch-totuv umr kechirgan namunali oila vakillari, imom-xatiblar ishtirok etdi.

    Tushuntirishlar va maʼruzalar davomida muqaddas nikoh tushunchasi, oilaning jamiyatda tutgan oʻrni va bugungi ajrimlar va ularning kelib chiqishi sabablari haqida soʻz bordi.

    Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida har kuni aholining tugʻilish va oʻlimni qayd qilish, nikoh, otalikni belgilash, farzandlikka olish, ajrimlar bilan bogʻliq holatlarni kuzatish mumkin.

    Tadbirlarda taʼkidlandiki, oilaviy kelishmovchiliklarning aksariyati er va xotin munosabatlariga uchinchi shaxsning aralashuvi hamda ortiqcha hoy havaslarga berilish sabab boʻlyapti.

    Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Jasur Mamajonov Dildora Shokirova bilan 5 yil birga yashadi. Ularning bir nafar farzandi bor. Yaqin kunlarda esa Dildora yana bir farzandini dunyoga keltiradi. Biroq boshqa shaxslarning aralashuvi, oʻzaro kelishmovchilik oqibatida oilaviy rishtalar dars ketdi. Targʻibot tadbirida ularning munosabatlari tushuntirish ishlari bilan qayta tiklanib isloh qilindi.

    Sharʼiy nikoh bilan yashash holatlari oʻtgan yilga nisbatan salmogʻi kamaygan. Biroq sharʼiy nikohlab qoʻyish holatlari hali ham davom etyapti. Buning asosiy sabablari – ajrimlar va ikkinchi turmush bilan bevosita bogʻliq.

    Avazbek Jabborov Guli Abdumamatova bilan uzoq yillardan buyon tinch totuv yashab keladi. Biroq bu oilaning nikohlari qonunan qayd etilmagan. Fargʻona shahrida boʻlib oʻtgan targʻibot tadbiri davomida ushbu oilaning nikohlari rasman qayd etildi.

    Dilbarxon Sharipova Qirgʻiziston Respublikasidan Oltiariq tumaniga kelin boʻlgan. Turmush oʻrtogʻi Muhammadjon Xidirov bilan mana 30 yildirki sharʼiy nikoh asosida hayot kechirdi. Farzandsizlik ularning tinch oilalariga raxna sola olmadi. Oʻzaro ishonch bilan ular bir birlariga mehr qoʻydi. 30 yildan soʻng esa oilaga qabul qilingan farzand hujjatlari uchun qonuniy qayd etilgan nikoh guvohnomasi zarur. Targʻibot tadbiri davomida ularga nikoh guvohnomasi tantanali topshirildi.

    Toshloqlik Yulduzxon Ashurova 5 yildan buyon sharʼiy nikoh asosida turmush oʻrtogʻi bilan yashab keladi. Toshloq tumanida boʻlib oʻtgan targʻibot tadbirida ularning baxtlari toʻkis boʻldi. Yulduzxonning qonuniy nikohlari qayd etilganligidan hayajoni cheksiz.

    — Erkak kishi qanday qabul qilishini bilmadimu, lekin qonuniy nikoh ayol kishi uchun alohida ahamiyatga ega, — deydi Yulduzxon Ashurova. — Chunki rasmiy nikoh ayol kishiga berilgan toʻliq ishonch degani. Guvohnomani qoʻlimga olganimda bu bir parcha qogʻoz men uchun “ishonch yorligʻi” boʻlishi bilan birga jamiyat va oʻz oilamning teng huquqli aʼzosi ekanligimni his qildim.

    Sanobarxon Oʻktamova va Otabek Yunusovlar ajrimga qaror qilgan oilalardan edi. Toshloqda boʻlib oʻtgan targʻibot tadbirida ularning muammolari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda muhokama qilindi. Ajrimga sabab boʻlayotgan muammolari oʻrganilib tahlil qilindi, oila vakillariga yana bir imkoniyat berildi.

    Bor-yoʻgʻi 8 oy yashagan Otajon Turdiyevlar oilasi moddiyat va maishiy muammolar sabab ajrim yoqasiga kelib qolgan. Hayot tajribasiga ega namunali oila vakillari tushuntirishlar davomida oʻz hayot yoʻllarida uchragan ana shunday vaziyatlardan misollar keltirib, tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Oila vakillari yarashtirilib, ular hayotga butunlay yangidan qadam qoʻydilar.

    Oltiariq tumanining Tinchlik shaharchasida boʻlib oʻtgan targʻibot tadbiriga, avvalo, namunali oila vakillari taklif etilib ularning umr yoʻllari yoshlarga oʻrnak sifatida keltirildi.

    Maʼmurjon ota Sayfiddinov Xosiyatxon ona bilan yarim asrdan ortiq totuv oila qurdi. Halol rizq bilan farzandlarni el qatoriga qoʻshdilar. Ularning hayot va umr yoʻllari esa bugun yoshlarga oʻrnak.

    – Bir-birimizni kamsitmadik, oʻzaro hurmat ruhini saqlab qola oldik, — deydi Maʼmurjon ota Sayfuddinov. — Turli moddiyatlar bilan bogʻliq vaziyatlarga eʼtibor bermadik. Yangi turmush qurganimizda bor yoʻgʻi 4 ta koʻrpa toʻshak, 6 ta yakandoz va bitta sandigʻimiz bor edi. Boriga qanoat qildik. Qolganini esa oʻzimiz halol peshona terimiz bilan topdik. Hozirda esa hamma narsamiz bor: Hurmat, eʼtibor, uy, mashina, farzand va nabiralar... Menimcha, 55 yil yil tinch va totuv, farovon hayot kechirganimizning siri ham oʻzaro hurmatda.

    Viloyatda tashkil etilgan targʻibot tadbirlari davomida ajrimlarni jamiyatda kamaytirish uchun asosiy eʼtiborni nikohga va uning qadr qimmatiga qaratish zarurligi, afsuski, hozirda asosiy eʼtibor esa toʻy va toʻygacha boʻlgan marosimlarga qaratilayotganligi taʼkidlandi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida tashkil etilgan tashviqot tadbirlarida ajrim yoqasiga kelib qolgan 46 oila yarashtirildi. Sharʼiy nikoh asosida yashayotgan 124 ta xonadonlar qonuniy asosda nikohlari qayd etildi.

    Elyorjon Ehsonov,

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi

    Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar

    shoʻbasi yetakchi maslahatchisi.