Bugun yurtimizda xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan yangi davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda, avvalo, bebaho boyligimiz bo'lgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga eng muhim vazifa sifatida ustuvor ahamiyat qaratilayotir.
Shu bilan birga, 2022-2026 yillarga mo'ljallangan YAngi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda uni “Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bilan adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash, mamlakat xavfsizligini kuchaytirish borasida ichki ishlar organlari oldiga ham bir qator dolzarb vazifalar qo'yildi.
Shuningdek, joriy yilning 17-19 avgust kunlari Toshkentda O'zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida tuzilmaga a'zo davlatlar Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining to'rtinchi kengashi bo'lib o'tdi.
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po'lat BOBOJONOV bilan suhbatimiz ham ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlar, davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi hamda SHHTga a'zo davlatlar ichki ishlar vazirlari kengashi ishiga oid masalalar yuzasidan bo'ldi.
— Yaqinda poytaxtimizda SHHTga a'zo davlatlar Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari kengashi bo'lib o'tdi. Suhbatimiz avvalida ushbu nufuzli tadbirning maqsadi va vazifalari, shuningdek, erishilgan natijalar bo'yicha ma'lumot bersangiz.
— O'zbekiston tomoni raisligida o'tgan kengashda SHHTga a'zo va kuzatuvchi davlatlarning Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari rahbariyati va vakillari, shuningdek, SHHTning doimiy organlari ishtirok etdi. Tashkilotdagi kuzatuvchi davlatlar, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Interpol, MDHga a'zo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish byurosi, MDHga a'zo davlatlarning terrorizmga qarshi kurashish markazi vakillari yurtimiz mehmoni sifatida tashrif buyurdi.
Samimiy va do'stona ruhda o'tgan kengash davomida delegatsiyalar rahbarlari xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish masalalari borasida o'zaro fikr almashdi. SHuningdek, SHHTga a'zo davlatlar sa'y-harakatlarini birlashtirish zarurligi to'g'risida yuqori darajadagi kelishuvlarga erishildi.
Xalqaro maydonda yuzaga kelayotgan bugungi vaziyatni hisobga olgan holda, Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari yo'nalishi bo'yicha SHHT doirasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish masalasi ham kengash kun tartibidan o'rin oldi.
Terrorizm, ekstremizm va separatizm, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni rivojlantirish dolzarb hisoblanishi qayd etildi. Vazirlar bir ovozdan “Shanxay ruhi” tamoyillariga muvofiq transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ochiq muloqot va amaliy hamkorlik muhimligini ta'kidladi.
Tomonlar 2010 yil 11 iyunda SHHTga a'zo davlatlar hukumatlari o'rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik to'g'risida Toshkentda imzolangan bitimni amalga oshirish doirasi, Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklarining o'zaro hamkorligi orqali SHHTning kelishuv-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga alohida e'tibor qaratdi.
Tadbir ishtirokchilari O'zbekiston tomoni SHHTga a'zo davlatlar Ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining to'rtinchi kengashiga puxta tayyorgarlik ko'rganini va tadbirlar yuqori tashkilotchilik darajasida o'tganini e'tirof etdi. Tadbir so'nggida kengash bayonnomasi imzolandi.
Shuningdek, avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tadbir doirasida SHHTga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari rahbarlari o'rtasida alohida ikki tomonlama uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Xususan, Hindiston ichki ishlar davlat vaziri Nityanand Ray, Qozog'iston Respublikasi ichki ishlar vaziri Marat Ahmetjonov, Tojikiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Rahimzoda Ramazon Hamro, Eron Islom Respublikasi ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy va Qirg'iz Respublikasi ichki ishlar vaziri Ulan Niyazbekov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o'tkazildi.
Muzokaralar chog'ida jinoyatchilikka qarshi kurashish, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash borasida ikki tomonlama idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Jinoyatga qarshi kurashish sohasida, xususan, transchegaraviy xarakterdagi jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuvlarda hozirgi zamondagi jinoyatchilik turlari, xususan, axborot sohasidagi jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotik va qurol-yarog' savdosi, odam savdosi kabi jinoyatlarni hisobga olgan holda hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, O'zbekiston hamda Qirg'iziston Ichki ishlar vazirliklari o'rtasida uzoq muddatli hamkorlik chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi idoralararo aloqalar borasidagi bitim imzolandi.
Umuman olganda, Toshkentda tashkil etilgan barcha tadbirlar ishchanlik va konstruktiv ruhda, do'stlik, o'zaro ishonch muhitida o'tgani davlatlar o'rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
– Albatta, ichki ishlar organlarida qo'lga kiritilayotgan yutuqlarni, avvalo, tizimda kechayotgan islohotlar samarasi sifatida baholash lozim. YUrtimizda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Joriy yilning birinchi yarmida ichki ishlar organlaridagi tub islohotlar Prezidentimizning farmon va qarorlari hamda sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlari asosida izchil davom ettirildi. Bunda mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit, mutlaqo yangi tizimini shakllantirish va zamonaviy ish uslublarini joriy etishga alohida e'tibor qaratildi.
Avvalambor, har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash, bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga doir muammolarni bevosita joylarning o'zida hal etish choralari ko'rildi.
Misol uchun, turli nizo va kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo'lgan ijtimoiy-maishiy muammolarni bevosita mahallaning o'zida manzilli hal etish ishlariga profilaktika inspektori, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi va xotin-qizlar faoli jalb etila boshlandi.
Natijada 8348 ta oiladagi notinchlikka barham berildi, 3182 oila ajralib ketishdan saqlab qolindi, ichkilikka ruju qo'ygan 1938 kishi, 218 giyohvand va 1828 ruhiy bemor davolatildi, uyma-uy yurib, 8503 ayolning muammolari hal etildi.
Hududlardagi kriminogen vaziyatdan kelib chiqib, har bir mahalla “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratildi. Kriminogen vaziyat og'ir hududlarga hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda jinoyat o'choqlarini bartaraf etish uchun qo'shimcha kuch va vositalar jalb qilindi.
Shuningdek, sektor rahbarlari tomonidan jinoyatlar sabablarini “mahallabay” va “sohabay” hamda jinoyat sodir etgan shaxslarning qilmishlarini sud hukmlari asosida muhokama qilish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Natijada mamlakatimizdagi har ikkinchi yoki 4951 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo'l qo'yilmadi.
O'tgan davrda jinoyatchilikni jilovlash, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasida qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, sodir etilgan jinoyatlarning 94 foizi fosh etildi, tergov organlaridan yashiringan 2841 shaxs qo'lga olindi, bedarak yo'qolgan 252 kishi topildi.
Xodimlar tashabbusi bilan birgina korruptsiya sohasida 817 ta jinoyat aniqlanib, ular oqibatida etkazilgan 116,5 milliard so'm miqdoridagi zarar undirildi. Shuningdek, 1 tonnadan ziyod yoki o'tgan yildagiga nisbatan 4 barobar ko'p giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo'yildi hamda 220 ming donaga yaqin kuchli ta'sir qiluvchi psixotrop tabletka olindi.
Bu boradagi ishlar bundan buyon ham kuchaytirilgan tarzda olib boriladi.
– Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktika ishlari muhim ahamiyatga ega. Bu borada qilinayotgan ishlar xususida ham to'xtalsangiz.
– Juda to'g'ri ta'kidladingiz. Tizimda bu yo'nalish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, o'tgan davr mobaynida profilaktika inspektorlari tomonidan 887 mingdan ziyod ma'muriy huquqbuzarlik aniqlandi.
Bundan tashqari, respublika miqyosida “Xavfsiz hudud”, “Turmush” va “Nazorat” tezkor-profilaktika tadbirlari o'tkazildi. Mazkur tadbirlar davomida 11 mingdan ortiq oilaning muammolari, turmush tarzi o'rganilib, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar o'tkazildi.
Yoshlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish choralari ko'rilyapti. Jumladan, ko'chalarda nazoratsiz yurgan voyaga etmaganlar aniqlanib, oilalarga qaytarildi hamda ularning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish uchun sport sektsiyalariga, fakul`tativ to'garaklarga jalb etildi.
“Xavfsiz ta'lim muassasasi” tamoyili asosida umumiy o'rta ta'lim maktablarida voyaga etmaganlar masalalari bo'yicha inspektor-psixologlar faoliyat ko'rsatmoqda. Ular o'quvchilar bilan muntazam maxsus profilaktik tadbirlar o'tkazib kelmoqda.
Birgina joriy yilning birinchi yarimida 80 ming 274 o'quvchining yashash sharoiti o'rganildi. Farzandlarini tarbiyalash, ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatini bajarmagan ota-onalar ma'muriy javobgarlikka tortildi.
Joriy yilda respublikaning 3-sektorlarida yoshlar o'rtasida voleybol bo'yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqalari o'tkazildi. Bunda har bir mahalladan voleybol o'yiniga qiziqqan yoshlar tanlab olinib, ular tuman, so'ngra viloyat bosqichida o'tkazilgan qizg'in o'yinlardan o'tgach, “Jar” sport majmuasida respublika bosqichida bellashdi. Bu ham yoshlarning sportga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi, albatta.
Shu bilan birga, xotin-qizlar o'rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda oilalarda sog'lom turmush tarzini qaror toptirish borasida qator ishlar qilindi. Xususan, oilaviy zo'ravonlik va tazyiqqa uchragan ayollar oilalarida olib borilgan profilaktik ishlar va ko'rsatilgan psixologik yordam orqali 12 ming 843 oila yarashtirildi, 11 ming 640 ta oiladagi nizolar bartaraf etildi.
Shu o'rinda yana bir yangilikni alohida qayd etib o'tishni istardim. Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tarkibida 2022 yil 10 yanvardan qisqa “1259” va “1286” raqamli “ishonch markazi” tashkil etilib, unga qo'ng'iroq qilgan 5 ming 976 ayolga psixologik va huquqiy yordam ko'rsatildi.
– Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo'yicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan bo'lib, unda ichki ishlar organlari muhim o'rin egallaydi. Shunday ekan, jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qanday yangi uslub va mintaqaviy amaliyotlar qilinmoqda?
– Respublikaning har bir hududida Jamoat xavfsizligi kontseptsiyasi ijrosini ta'minlash maqsadida “sohabay” chora-tadbirlar amalga oshirildi. Aytish joizki, har kuni patrul`-post xizmatining 4 mingga yaqin xodimi piyoda va avtopatrul` yo'nalishlariga xizmatga jalb etiladi. Ular yarim yil ichida jamoat joyida sodir etilgan 651 mingdan ortiq huquqbuzarlikni aniqladi. Aynan ushbu soha vakillarining kasb mahorati tufayli respublika miqyosida o'tkazilgan yuz mingdan ortiq ommaviy-madaniy tadbir davomida jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi to'liq ta'minlandi.
Joriy yil 11 fevralda davlatimiz rahbari huzurida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida berilgan topshiriqlar asosida yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida islohotlarning yangi bosqichi boshlandi.
Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida barcha svetoforlar va yo'l belgilarini o'rnatish hamda yo'l chiziqlari chizish vazifasi vazirlikning Yo'l harakati xavfsizligi xizmati zimmasiga bevosita yuklatilib, uning huzurida “Xavfsiz yo'l va xavfsiz piyoda” respublika jamg'armasi tashkil etildi. “Yo'l harakati qoidalari” yangi tahrirda qabul qilindi.
Barcha hududlarda yo'l infratuzilmasini yaxshilash va xavfsiz harakatlanish uchun sharoitlarni yaratish maqsadida “Xavfsiz va ravon yo'l” umummilliy dasturi tasdiqlanib, 2022-2026 yillar mobaynida har bir hududda avtomobil` yo'llarida harakatni boshqarish tizimini hamda jamoat transportini raqamlashtirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Ushbu sohada ham profilaktik choralarga katta e'tibor qaratilmoqda. Yo'l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy boshqarmalarida umumiy o'rta va o'rta maxsus ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda xizmat olib boradigan katta inspektor lavozimi joriy etildi. Shuningdek, ta'lim muassasalarida “Yo'l harakati qoidalari yosh targ'ibotchisi” klubi tashkil etildi.
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta'lim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi. Bundan buyon mazkur ta'lim tashkilotlari faoliyatini reyting baholash yil yakunlari bo'yicha Yo'l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan inson omilisiz ta'lim tashkilotlariga doir ma'lumotlar asosida ularning reytingini hisoblashning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va uning natijalari jamoatchilikka e'lon qilinadi.
– Ichki ishlar organlarining faoliyatiga raqamli va axborot texnologiyalarini faol joriy etish, aholiga elektron davlat xizmatlarini ko'rsatish sifatini oshirish, byurokratik to'siq va g'ovlarga yo'l qo'ymaslik hamda idoralararo elektron hamkorlikni kengaytirish bo'yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Prezidentimiz joriy yil 3 may kuni Ichki ishlar vazirligida bo'lib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyatda barqarorlikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, uning oldini olishga zamonaviy raqamli texnologiyalar joriy qilinishi, kuch va vositalarni markazlashgan boshqaruv tizimlari bilan tanishgan edi.
Davlatimiz rahbari topshirig'iga muvofiq, ichki ishlar organlarining kunlik faoliyatiga inovatsion yoshndashuvlar va ilm-fan yutuqlariga tayangan holda yangi ish uslublarini tatbiq etish, inson omilini kamaytirish hamda faoliyatni raqamlashtirish choralari ko'rilmoqda.
Jumladan, 4 ming 670 ta tayanch punkti optik tolali aloqa tizimiga ulandi. Buning natijasida onlayn sud o'tkazish uchun 3 ming 805 ta joy tashkil etilib, 40 mingdan ortiq ma'muriy ish sud binosiga bormasdan turib onlayn tarzda ko'rib chiqildi. Shu tariqa olis hududlarda yashovchilarning ham vaqti, ham mablag'i tejaldi. Ayni vaqtda xodimlar bodikamera, planshet va zamonaviy radiostantsiya vositalari yordamida kunlik xizmat vazifalarini bajarib kelmoqda. Shuningdek, “102” tizimi to'liq ishga tushirilib, unga kelgan har bir xabarni tizimga kiritish va ijrosini elektron tarzda nazorat qilish imkoniyati yaratildi.
Bugungi kunda respublikaning deyarli har uchinchi tuman va shahar markazidagi aholi gavjum joylarga o'rnatilgan videokameralar ichki ishlar organlarining “Situatsion markazlari”ga integratsiya qilingan bo'lib, vaziyatni uzluksiz kuzatish imkoni mavjud. Mazkur tizimlar bosqichma-bosqich o'zaro integratsiya qilinib, jamoat xavfsizligi kuch-vositalarini boshqarish jarayoniga sun'iy intellekt imkoniyatlari joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, “E-voyaga etmaganlar” yagona axborot tizimi yaratilib, sinov tariqasida Toshkent viloyatidagi Voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazida joriy etildi. “E-inspektor”, “E-hisobot”, “Profilaktika inspektori faoliyatini baholash tizimi” va “E-huquq-tartibot” kabi jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda foydalanish uchun qator axborot tizimlarini yaratish yuzasidan texnik topshiriq loyihalari ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Probatsiya xizmatining real vaqt rejimida ozodlikni cheklash jazo muddatini o'tayotgan shaxslarni masofadan turgan holda nazorat qilish tizimi texnik topshirig'i loyihasi tasdiqlandi va hozir ishlab chiqilgan axborot tizimi vazirlik tomonidan yaratilgan YAgona boshqaruv platformasiga integratsiya qilindi.
“Oilaviy zo'ravonliklar to'g'risidagi xabarlar” telegram-boti orqali arizalar qabul qilinishi yo'lga qo'yildi. “Tazyiq va zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlar” axborot tizimi yaratilib, himoya orderini berish mexanizmlari raqamlashtirildi. Xotin-qizlarga himoya orderi berilishini elektron nazorat qilish amaliyoti ishga tushdi. Maishiy zo'ravonliklar va profilaktika inspektori murojaatini qabul qilish bo'yicha aloqa markazi tashkil etilib, ro'yxatga olish va nazorat bo'yicha veb platformalar joriy qilindi.
– Kelgusida vazirlik oldida turgan muhim vazifalar xususida ham ma'lumot bersangiz.
– Eng asosiysi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasidagi ishlarni kelgusida ham izchil davom ettiramiz. Xususan, jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash borasida ilmiy nuqtai nazardan asoslantirilgan yangi uslub va usullarni amaliyotga joriy etgan holda har bir hududda kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarni “xonadonbay” va “fuqarobay” usulida amalga oshiramiz.
Bu borada “qizil” toifadagi mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan manzilli profilaktik tadbirlar kuchaytiriladi. Kelgusida doimiy e'tibor qaratilishi lozim bo'lgan shaxslarning ro'yxati shakllantiriladi va “Huquqiy e'tibordagi shaxslar reestri”ga kiritiladi. Shu tariqa huquqbuzarliklarning psixologik va ijtimoiy profilaktikasi tashkil etiladi.
Probatsiya hisobidagi mahkumlar, aliment to'lovchi va ishsiz fuqarolarni mehnat bozorida ehtiyoj yuqori kasb-hunarga o'qitish orqali ular doimiy ish o'rinlari bilan ta'minlanadi. Narkologiya sohasini rivojlantirish borasida belgilab olingan kompleks chora-tadbirlar ijrosini to'liq ta'minlash orqali ichkilikka ruju qo'ygan, giyohvandlikka chalingan shaxslarni davolatish ishlari kuchaytiriladi. Jamoat joylarida o'tkir mast holatida bo'lib, atrofidagilarga xavf tug'diruvchi shaxslarga tumanlararo tibbiy yordam ko'rsatilishi ta'minlanadi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishda profilaktika inspektorlariga ko'maklashuvchi “Faol nuroniylar” jamoatchilik guruhlari faoliyatini yo'lga qo'ymoqchimiz. Profilaktika inspektori lavozimidan pensiyaga chiqqan tajribali mutaxassislarni yosh profilaktika inspektorlariga jamoatchilik asosida maslahatchi sifatida biriktirish ham rejamizda bor.
Avtomobil` yo'llarida inson xavfsizligini ta'minlash borasida har bir hudud kesimida yo'l infratuzilmasini yaxshilash, harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish, haydovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish bo'yicha “Xavfsiz va ravon yo'l” kontseptsiyasida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi to'liq ta'minlanadi.
Ichki ishlar vazirligining Situatsion-tahliliy markazi platformasiga davlat organlari axborot bazalarini integratsiya qilish, axborot texnologiyalarini ichki ishlar organlari xizmat faoliyatiga keng tatbiq etish va raqamlashtirish darajasini oshirish choralari ko'riladi. Xususan, jinoyatchilikni jilovlash, jamoat tartibini saqlash va sayyohlar xavfsizligini ta'minlash sohasiga raqamli tahlil va situatsion boshqaruv tizimlari respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi. Natijada sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, jinoyatlar hamda kriminogen vaziyatni sun'iy intellekt yordamida “mahallabay” situatsion tahlil qilish va prognozlash tizimi yaratiladi.
Bir so'z bilan aytganda, kelgusida ham jinoyatchilikni jilovlash orqali xalqimizni rozi qilish borasida mas'uliyat va shaxsiy javobgarlikni his qilgan holda faoliyatimizni takomillashtirib borib, xodimlarning ishga munosabatini tubdan o'zgartirishga va o'z kasbiga vijdonan yondashib, sadoqat bilan xizmat qilishiga alohida e'tibor qaratamiz.