U milliy kandakorlik sanʼati, xususan, mis, latun, melxior kabi xomashyolardan turfa buyumlar yaratish yoʻlida samarali mehnat qilmoqda, izlanmoqda. Usta ijodiy ish amallari bilan bogʻliq koʻplab namunalar Oʻzbekiston hunarmandchiligi va amaliy sanʼati ensiklopediyasidan oʻrin oldi.
Oftoba, patnis, idishlar toʻplami, choy idish, kosa, qutilar yasalish uslubi, nozik va oʻziga xos koʻrinishlari bilan eʼtiborni tortadi. Ayniqsa, arab yozuvli bezaklardan mohirona foydalanishishi mahsulotlarni yana bejirim va benazir qiladi. Ustaning qoʻllarida metal goʻyoki jonlangandek, jimjimador naqshlar esa unga sharqona oʻziga xoslik bagʻishladi.
– Har bir mahsulot yaratilishi uchun misgardan alohida mehnat, qunt talab etadi, – deydi usta. – Bitta oddiy mis piyola tayyor boʻlguncha oylab vaqt sarflashga toʻgʻri keladi. Shu bos xar bir buyum oʻziga xos, bir-birini takrorlamaydi. Mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham oʻz oʻrnini topgan.
Zokirjon oʻz ijodiy faoliyatini taniqli kandakor usta Maqsudali Mamdaliyev qoʻlida boshlagan. Gʻamxoʻr ustoz shogirdiga metal oʻymakorligining barcha sir-sinoatlarini oʻrgatdi.
Shuningdek, respublika rassomchilik bilim yurti, Toshkent teatr va rassomchilik instituti sanʼatshunoslik boʻlimida olgan nazariy bilimlar yosh ustaning ijodiy faoliyatini yanada kengaytirdi, amaliyot bilan mustahkamladi.
Yosh hunarmandlarga koʻhna sanʼat anʼanalarini oʻrgatib kelayotgan mohir qoʻllar ustaxonasi yurtimiz va xorijdan kelgan mehmonlar bilan hamisha gavjum, fayzli. Bu hamkorlik ularni ijodkorlik va izlanishga undamoqda.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.