Soʻnggi kunlarda esa internetdagi turli platformalarda UzAuto Motors mashinalari uchun shartnoma sotilishi haqidagi eʼlonlar koʻpayib qoldi.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markaziga "Bugungi kunda baʼzilar avtosalonlardan shartnoma olib, boshqasiga maʼlum bir mablagʻ evaziga sotmoqdalar. Shu ish joizmi, degan savolga kelib tushdi.
«Yoʻq, bu ish sharʼan joiz emas. Chunki birinchidan, bu yerda bir qarashda shartnomaning oʻzi sotilayotganga oʻxshab koʻringani bilan, aslida shartnoma predmeti boʻlgan mashina savdo moli boʻlib, unga qilinadigan toʻlov shartnoma egasining nomidan amalga oshiriladi va mashina ham uning nomiga chiqadi. Yaʼni sotuvchi hali qoʻliga kirmagan mashinani ustiga foyda qoʻyib sotadi. Bu ish esa, sharʼan joiz emasdir.
Koʻchar mol-mulklarni savdosi ularni qoʻlga kiritishdan oldin joiz emasdir. Zero, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam qoʻlga kiritilmagan narsaning savdosidan qaytarganlar. Chunki bu savdoda sotilgan narsa (xaridor qoʻliga yetib borishidan oldin) halok boʻlishi, yaʼni unga talafot yetishi mumkinligi eʼtiboridan savdo kelishuvi buzilishi xavfi mavjud.
Ikkinchidan, mashinaga toʻlov qilayotgan shaxs shartnoma egasining nomidan toʻlov qilgani uchun mashina ham shartnoma egasining nomiga chiqadi. U notarial idora orqali xaridor nomiga oʻtkazib bermagunicha mulk ham uning ixtiyorida boʻladi va xaridor aldanib qolish ehtimoli mavjud. Bu esa shariatda man qilingan gʻarar – aldov ustiga qurilgan savdo hisoblanadi.
Uchinchidan, aksariyat holatlarda bu kabi shartnoma sotuvchilar bir nechta shartnomani qoʻlga kiritib, ularni sotishga harakat qiladi. Masalan, 134 mln 294 ming soʻmlik avtomashina ustiga shartnomani olib bergani uchun 1200 dollar ustama qoʻyadi. Tabiiyki, bu narsa avtoulov narxining oshishiga sabab boʻladi. Sunʼiy ravishda narxlarni oshirishdan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qaytarganlar», – – deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi javobida.