Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda O'simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati rahbari Sabina Sadinova quyidagilarni ma'lum qildi. Joriy yilning avgust oyidan bugungi kunga qadar respublika hududiga 110 ming tonna iste'mol kartoshkasi olib kirilgan. Shundan 104 ming tonna mahsulotga fitosanitar talablarga muvofiqligi to'g'risida sertifikat taqdim etilgan. Shuningdek, 3 525 tonna kartoshkada xavfli nematodalar aniqlangan va ular eksportyor davlatga qaytarildi. Yana 775 tonna mahsulot esa tadbirkorlik subektlari tomonidan qaytarish imkoniyati yo'qligi tufayli maxsus obektlarda yo'q qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda iste'mol kartoshkasi import qilinadigan asosiy mahsulotlardan biri hisoblanib, uning taxminan 400 ming tonnasi Rossiya, Qozog'iston, Pokiston, eron va Qirg'iziston kabi mamlakatlardan import qilinadi. Mahsulot hajmini e'tiborga oladigan bo'lsak, fitosanitar xavfsizlikni ta'minlash masalasi ustuvor ekanligi namoyon bo'ladi. Joriy yilning 25- sentabr kunidan boshlab eron va Pokiston davlatlaridan olib kirilayotgan iste'mol kartoshka mahsulotlarida O'zbekiston Respublikasi hududi uchun karantin ahamiyatiga ega o'ta xavfli zararli organizmlar – oltinrang va nimrang nematodalar bilan zararlanish holatlari tizimli ravishda aniqlanmoqda.
Ma'lumot uchun qayd etish joiz, oltinrang va nimrang nematodalar kartoshka va boshqa turdagi poliz ekinlari hosildorligini yo'qqa chiqaradi. Yana bir muhim jihat shundaki, nematodalarga qarshi kurashishda samarali kimyoviy vositalar mavjud emas. Zararkunandalar tarqalgan hududlarda 30 yilgacha kartoshka va poliz ekinlarini etishtirib bo'lmaydi. Bundan tashqari, pomidor, baqlajon, bulg'or qalampiri, kartoshka va boshqa mahsulotlarni Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga eksport qilish bilan bog'liq muammolar yuzaga kelib, cheklovlar joriy etilishi ehtimoli yuqori.
Xalqaro ekspertlarning hisob-kitobi shuni ko'rsatmoqdaki, nematodalarning qishloq xo'jaligi ekinlariga yillik zarari butun dunyo miqyosida 100 milliard dollardan oshmoqda.