Mamlakatning taraqqiyoti mazkur davlat hududida istiqomat qiluvchi fuqarolarning qonunlardan va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan qanchalik xabardorligi va ushbu qonunlarga nisbatan munosabatiga bogʻliq.
Albatta, aholining huquqiy madaniyatini doimiy ravishda yuksaltirib borish, respublikamizdagi barcha davlat boshqaruv organlarining asosiy vazifalaridan biridir.
Yoshlarning bilim olish huquqini kafolatlab qoʻyish maqsadida Konstitutsiyaning 41-moddasida “Har kim bilim olish xuquqiga ega. Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir“ deyilgan.
Konstitutsiya negizida tayyorlangan “Kadrlarni tayyorlash milliy dasturi“ hamda “Taʼlim toʻgʻrisida“ gi qonun bugunda taʼlim-tarbiya sifati, yoshlarning huquqiy bilimi va madaniyatini oshirish, ular orasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, taʼlim muassasalarining samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Taʼkidlash joizki, taʼlim tizimida tubdan oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar natijasi oʻlaroq Maktabgacha taʼlim vazirligi, 11 yillik oʻrta taʼlim tizimini joriy etildi. Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan isloh qilindi, yangidan ochilgan oliy taʼlim muassasalari, filiallar faoliyati tashkil etildi. Shuningdek, maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini tubdan yaxshilandi. Bolalarimizning qiziqish va intilishlarini hisobga olgan holda, ularga maktabgacha boʻlgan davrda har tomonlama puxta taʼlim va tarbiya berish, dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, qalbi va ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirish orqali ularni ona Vatanga muhabbat, pokiza orzular ruhida kamol toptirish bugungi kundagi eng muhim, eng dolzarb masalalardan biri ekanligiini amaldagi ishlar isbotlamokda.
Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, ularga bolalar qamrovini oshirish orqali maktabga sifatli tayyorlashga erishish mumkin. Oʻzbekistondagi qulay tadbirkorlik muhiti bu yoʻnalishda ham hamyurtlarimizga talay imkoniyatlar bermoqda.
Yosh avlod yetuk va komil shaxs boʻlib voyaga yetishi uchun yana bir muhim omil hayot tarziga aylanishi zarur. U ham boʻlsa kitobxonlik. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Ommaviy, ilmiy kutubxonalar, “Aybuk” tarzidagi kitob-kafe doʻkonlari va boshqalar soʻzimizning yaqqol misolidir.
Eng asosiy eʼtibor, bugungi kunda yoshlarimiz uchun ana shu konstitutsion huquqini himoya qilish borasida, yaʼni taʼlim olish huquqi sohasidagi oʻzgarishlar, islohotlar xalqimiz quvonchiga-quvonch qoʻshmoqda.
Jumladan, oʻxshashi yoʻq boʻlgan “Prezident maktablari“, “Temurbeklar maktabi“, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari, 10 mingdan ziyod umumtaʼlim maktablarida yaratilgan shart-sharoitlar yoshlarimizning kelajagi, istiqboli yoʻlidagi yangi islohotlardir. Shuningdek, parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi.
Quvonarli tomoni yana shundaki, yoshlar masalasiga eʼtibor shu darajada jiddiyki, hatto xorijdagi yoshlarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasi ham chetda qolmadi. Yurtimizda xorijiy mamlakatlarda oʻqiyotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ishlaydigan tashkilot tuzildi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida keltirilgan vazifalardan kelib chiqib, Adliya vazirligi muassasa shaklidagi “Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi“ nodavlat notijorat tashkilotini davlat roʻyxatidan oʻtkazganligi ham katta yutuq boʻldi. Mazkur nodavlat notijorat tashkilotining asosiy maqsad va vazifalari Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan va xorijiy mamlakatlarda oʻqiyotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan ish olib borish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishga qaratilganligidir. Davlatimizning yosh avlod kamolotiga qaratayotgan yuksak eʼtibori, mamlakatimiz yoshlari uchun har tomonlama yetuk, barkamol avlodlar safini kengayishiga, jahonda mamlakatimizning shon-sharafini mustahkam himoya qilishimizga turtki boʻlishiga aminmiz. Axir, bugun yurtimiz yoshlariga barchaning havasi ortmoqda.
Zero, bu yoshlarning qonida Imom Buxoriylar, Ahmad Fargʻoniylar, Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy va Amir Temur, Bahovuddin Naqshbandiy, Najmiddin Kubrolar qoni oqmoqda....
Odiljon ATAULLAYEV,
Nurafshon shahar “Chigʻiriq”
mahalla fuqarolar yigʻini
hokim yordamchisi