Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartish kiritish haqidagi Qonun maʼqullanmadi

    Mamlakatimizda 4 Avgust 2022 2194

    Senatning yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2061-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Muhokamada Qonunni ishlab chiqishda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholining daromadlari, ularning ijtimoiy-psixologik holati, shuningdek, oilalarni saqlab qolish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tashkilotlarning takliflari inobatga olinmaganligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

    Xususan, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik masalalari boʻyicha qonunchilikni ishlab chiqishga doir BMT tavsiyalarida oiladagi zoʻravonlik sodir etganlikda ayblangan shaxslarga jarima solishni jabrlanuvchiga tushadigan yuk sifatida qarash va shuning uchun huquqbuzarlar uchun nomaqbul jazo turi sifatida qarash kerakligi nazarda tutilgan.

    BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qoʻmitasi Oʻzbekistonning 6-davriy hisoboti boʻyicha yakuniy tavsiyalarida himoya koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun tegishli tiyib turuvchi jazo choralarini qoʻllash kerakligi taʼkidlangan.

    Shuningdek, “Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyasi”ning 35-tavsiyasida himoya choralarini qoʻllash zoʻravonlikdan jabrlangan yoki zoʻravonlik natijasida jabrlangan xotin-qizlarga moliyaviy, byurokratik yoki shaxsiy xususiyatga ega haddan ortiq yukni qoʻllashni nazarda tutmasligi bayon etilgan.

    Muhokama jarayonida tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun belgilangan jazo amalda jabrlanuvchiga yuk sifatida tushayotganligi qayd etildi.

    Mahalliy hamda xorijiy ekspertlarning fikriga koʻra, tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxsni himoya orderini buzgani uchun jarimaga tortish Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida konvensiyasining 2-moddasi (xotin-qizlarga nisbatan har qanday kamsituvchi xatti-harakatlar va harakatlarni sodir etishdan oʻzini tiyish) boʻyicha Oʻzbekistonning oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarini buzishiga olib kelish ehtimolini kuchaytiradi.

    Bu esa, oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi koʻrsatkichlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

    Hukumatning 2020-yil 4-yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 3-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 18-bandida ham tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan shaxsning zimmasiga zoʻravonlikdan jabrlanuvchini davolash, maslahat berish, yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus markazga joylashtirish xarajatlarini, moddiy zararni qoplash hamda maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish majburiyati yuklangan.

    Majlis davomida oiladagi tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish uchun nafaqat javobgarlikni oshirish, balki birinchi navbatda maʼnaviy, tarbiyaviy hamda oilani kelgusida har tomonlama moddiy va barkamol jihatdan yashab ketishini taʼminlash uchun tegishli tizimli va mantiqiy bogʻliq boʻlgan ketma-ket choralarni keltirib chiqaruvchi qonun normalarni ishlab chiqish zarur ekanligi taʼkidlandi.

    Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2061-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi Qonunni rad qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.