Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir Oʻzbekistonda mehnat munosabatlari tizimida erishilgan natijalar sarhisobida hamda mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va gʻoyalarni ishlab chiqishda salmoqli oʻrin tutadi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha byurosi direktori Olga Kulayeva, Tashkilot Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiola va qator xalqaro tashkilotlardan mutaxassis va ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Jumladan, Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva soʻzga chiqib, quyidagilarni maʼlum qildi. “Bugun keng xalqaro hamjamiyat Oʻzbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha oʻziga xos milliy tajribasi koʻplab davlatlar uchun namuna boʻlishi kerakligini tasdiqlayapti. Shu bilan birga, belgilangan maqsadlarga erishish yoʻlida koʻplab ishlar amalga oshirilyapti. Majburiy mehnatning ayrim holatlariga hali ham duch kelyapmiz, ular boshqa sohalarda ham namoyon boʻlyapti, bu esa joylardagi ayrim rahbarlar, ish beruvchilar ongida haligacha saqlanib qolgan maʼmuriy-buyruqbozlik usullarining qoldiqlari ekanligining dalolati – bular biz ayovsiz kurashayotgan sovet oʻtmishining qoldiqlaridir. Bugungi kunda mamlakatimizda oʻrta va kichik biznes jadal rivojlanyapti, yangi ish oʻrinlari yaratish jarayoni toʻxtovsiz davom etyapti va biz ularni xalqaro standartlarga toʻliq javob berishini taʼminlashimiz kerak.”
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa qator xalqaro tashkilotlar bilan soʻnggi yillardagi amaliy hamkorligi mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlanishi va rivojlanishiga xizmat qildi, xususan, sohada 10 ta yuksak koʻrsatkichga erishildi. Jumladan, sohada mavjud muammolar belgilab olindi, ular keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatiga ochiq eʼlon qilindi va tez fursatda ularni yechimi boʻyicha amaliy ishlar bajarildi, inson huquqlarini taʼminlashning oʻziga xos mutlaqo yangi tizimi yaratildi hamda mamlakatda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha uch bosqichli tizim (Milliy komissiya – kichik komissiyalar – hududiy komissiyalar) shakllantirildi.
Shuningdek, xalqaro normalar asosida meʼyoriy-huquqiy baza takomillashtirildi, fuqarolik jamiyati vakillari monitoring faoliyatini olib borishda asosiy lokomotiv kuchga aylandi, xalqaro nohukumat tashkilotlari vakillari bilan mehnat masalalari boʻyicha muloqot va hamkorlik kengaytirildi va oʻzaro ishonch mustahkamlandi. Bundan tashqari xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni tizimli qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi, qishloq xoʻjaligi tizimi isloh qilindi, klaster tizimi yaratildi, tizimli bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berildi.
Muhimi, oʻzbek paxtasiga boykot bekor qilinib, AQSH Mehnat vazirligi tomonidan mamlakatda ishlab chiqarilgan paxtani “Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxati” dan chiqarildi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar tomonidan mehnat munosabatlari sohasida erishilgan natijalar va bugungi kunda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro maydonda yuksak eʼtirof etilishi va bu borada Oʻzbekistonning milliy tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi.
Ushbu masalalar Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining sobiq maslahatchisi K.Tapiola muallifligidagi monografiyada ham oʻz aksini topgan boʻlib, unda Oʻzbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat sohasiga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar va natijalar keng yoritilgan.
K.Tapiola erishilgan barcha yutuqlar – bu barchasi mamlakat xizmatlari, Oʻzbekistonning keng koʻlamli ishlari natijasi ekani, XMT esa bunda faqatgina koʻmak koʻrsatganini taʼkidlab oʻtdi.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha byurosi direktori O.Kulayeva, Tashkilot Bosh direktorining sobiq maslahatchisi K.Tapiola va qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari mazkur muhim nashr yuzasidan oʻzlarining xulosa va fikrlarini bayon qilib, mehnat sohasida Oʻzbekiston erishgan yuksak natijalarni xalqaro maydonda targʻib etish muhimligini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.