Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalasi tahlil etildi

    Ijtimoiy hayot 27 Iyun 2023 2205

    Joriy yil 26-iyunda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Majlisni Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

    Tadbirda Milliy komissiya aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

    Unda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.

    Qayd etilganidek, sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirildi. Birgina 2022-yilda 11 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishiga erishildi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda Mehnat kodeksiga mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid yangi normalar kiritilganligi, xususan, majburiy mehnatning, shuningdek bolalar mehnatining ularning sogʻligʻiga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilab qoʻyilganligi taʼkidlandi.

    Sohada yangi loyihalarni amalga oshirish, xalqaro reytinglarda Oʻzbekistonning pozitsiyasini yanada mustahkamlash maqsadida Milliy komissiya tomonidan tasdiqlangan “Yoʻl xaritalari” ijrosini taʼminlash borasida salmoqli natijalarga erishilganligi qayd etildi.

    Maʼlumki, 2022-yil majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan koʻplab taqiqlar olib tashlangan yil sifatida yodda qoldi. Bu esa tadbirkorlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochilishiga xizmat qilyapti.

    T.Narbayeva amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohada muammoli masalalar ham yoʻq emasligiga toʻxtalib oʻtdi.

    – Oldimizda mehnat munosabatlarini xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, qolaversa, gender tenglikni taʼminlash va boshqa shu kabi masalalar boʻyicha vazifalar turibdi. Tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”dagi vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash zarur. Ishlarimiz qaysidir raqamlarni toʻgʻrilash emas, balki aniq natijaga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim. Belgilangan choralar birinchi navbatda inson huquqlarini taʼminlashga, ularning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga, fuqarolar uchun xavfsiz, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan — dedi, Komissiya raisi.

    Tadbirda erishilgan natijalardan kelib chiqib, paxta-toʻqimachilik sanoatidagi korxonalar faoliyatiga xalqaro standartlarni keng tatbiq etish va bu orqali korxonalarda munosib mehnat tamoyillariga erishish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.

    2022-yilda ushbu tarmoq korxonalari faoliyatiga “Better work” hamda “BCI” xalqaro standartlarini tatbiq etish boʻyicha boshlangan ishlarni izchillik bilan davom ettirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

    Xususan, “Better work” dasturiga start berish boʻyicha Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Milliy uch tomonlama hamkorlar oʻrtasida imzolangan memorandum hamda “BCI” xalqaro standartlarini tatbiq etish boʻyicha “Better Cotton” tashkiloti, Milliy komissiya va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.

    Shuningdek, xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etish, oʻzaro tajriba almashish maqsadida Milliy komissiya qoshida Better Cotton standartlarini tatbiq etish boʻyicha Milliy maslahat Kengashini tashkil etish masalasi muhokama etildi hamda qoʻllab-quvvatlandi.

    Majlisda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha Ichki ishlar vazirligi, majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlari, hududiy komissiyalar vakillarining hisobotlari eshitildi hamda muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

    Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.