Oilaning darz ketishi jamiyat zavolidir

    Ijtimoiy hayot 27 Dekabr 2021 3843

    Ajrimlarni oldini olish oyligi doirasida davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi tizimidagi 21 ta fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida keng targʻibot ishlari uyushtirildi.

    Unda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi. Sharʼiy nikoh asosida yashayotgan yuzlab xonadonlar qonuniy asosda nikohlari qayd etildi.

    Yashab turgan shu jamiyatimiz uchun bir dona ajrim ham koʻp aslida. Chunki har bir raqam ostida minglab taqdirlar yashirin. Fargʻonadagi FHDYO boʻlimlarida tashkil etilgan targʻibot tadbirlarida esa keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda, yangi oila qurish istagidagi yoshlar, ajralish arafasida turgan oilalar ishtirok etdi.

    Tadbirlar davomida nikohning muqaddasligi, ajrimlarning asl sabablari va mohiyati ochiqlandi. Uzoq yillar birga tinch-totuv yashagan, hayotning turli sinovlaridan matonat va sabr bilan yashab kelgan piru badavlat oilalar, nuroniylar va kayvoniy onalar yoshlarga oʻrnak qilindi.

    Taʼkidlash joizki, joriy yilning shu davriga nisbatan ajrimlar soni viloyatda 3 ming 225 tani tashkil qilgan. Bu esa oʻtgan yilga nisbatan 1 yarim barobarga koʻp.

    — Bizningcha, ajrimlarni jamiyatda kamaytirish uchun asosiy eʼtiborni nikohga qaratish lozim, — deydi Fargʻona tuman 2-son FHDYO boʻlim boshligʻi Shaxnoza Imomova. — Uning qadr qimmati imkon qadar oshirish lozim. Nega? Chunki bizda nikoh arzongarov boʻlib qolgan. Asosiy eʼtibor toʻy va toʻygacha boʻlgan marosimlarga qaratiladi. Marosimlar birinchi oʻringa qoʻyiladi. Kim nimaga qiyinchilik bilan erishsa, uni shunchalar qadrlashi tabiiy, albatta. Hozirda esa oʻzimizning shaxsiy orzu-havaslarimiz tufayli yoshlarimizga nikoh va kelin boʻlmishni osongina berib qoʻyayotgandekmiz.

    Toshloq tumanining “Qamchipurush” MFY da istiqomat qiluvchi bir farzandli Qudrat Mahmudjonovich turmush oʻrtogʻi Kamolat Mirzaaliyeva bilan 5 yildan buyon yashab kelayotgan edi. Ushbu fuqarolar ajrimga qaror qilgan oilalardan. Ularning muammolari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda muhokama qilindi. Ajrimga sabab boʻlayotgan muammolari oʻrganilib tahlil qilindi, oila vakillariga yana bir imkoniyat berildi.

    Shu tumanning Togʻliq qishlogʻida istiqomat qiluvchi, 2 nafar farzandlarni tarbiya qilayotgan yosh oila — Anvarjon Siddiqov va Soxiba Halilovalar ham ajrimga ariza bergan edi. Masala shundaki, uchinchi shaxsning aralashuvi hamda maishiy muammolar sabab ajralish yoqasiga kelib qolgan. Keng jamoatchilik vakillari bilan birga ularga 4 oy davomida tushuntirish ishlari olib borildi. Targʻibot tadbirlari davomida hayot tajribasiga ega namunali oila vakillari oʻz hayotlari davomida uchragan ana shunday vaziyatlardan misollar keltirib, tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Oila vakillari yarashtirilib, ular hayotga butunlay yangidan qadam qoʻydilar.

    Oila kodeksining 13-moddasiga asosan, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Raqamlarga eʼtibor bersak, viloyatda oʻtgan davr mobaynida rasmiy eʼtirofsiz, sharʼiy nikoh bilan 1 ming 200 dan ortiq farzandlar dunyoga kelgan.

    Sharʼiy nikoh bilan yashash oʻtgan yilga nisbatan salmogʻi kamaygan. Lekin sharʼiy nikohlab qoʻyish holatlari hali ham davom etyapti. Buning asosiy sababi — ajrimlarning koʻpligida. Bu ikki masala esa bir biri bilan chambarchas bogʻliq. Ajrashib uylanganlar ajrim uzoq jarayon ekanligi uchun ikkinchi nikohni deyarli qonuniylashtirmaydi. Bu bor haqiqat. Bundan tashqari, ajralishayotgan oilalarning aksariyati sudda yoki FHDYO boʻlimlarida oʻzaro kelisha olmaydi. Jarayon shu bilan uzoq davom etaveradi. Bu kabi holatlar esa qonuniylashtirmasdan, sharʼiy nikoh asosida yashashga keng yoʻl ochadi.

    Yulduzxon Ashurova 5 yildan buyon sharʼiy nikoh asosida turmush oʻrtogʻi bilan yashab keladi. Targʻibot tadbirlari davomida ularning hayotlari rasman qayd etilib ularga qonuniy nikoh rasmiylashtirib berildi. Yulduzxonning esa hayajoni cheksiz.

    — Sharʼiy nikohda ham turmush oʻrtogʻim bilan baxtli yashay oldik, — deydi Yulduzxon Ashurova. — Biroq qonuniy tan olinmasangiz, qonuniy huquqlaringiz himoya qilinmagan boʻlsa, yuragingizning bir cheti kemtik boʻlib turaverarkan. FHDYO boʻlimi xodimlarining yordami bilan mana bu nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomaga ega boʻldik. Endilikda chinakamiga baxtli boʻla oldim, deb ayta olaman.

    Fargʻona viloyatining 19 tuman va shaharlaridagi 21 ta FHDYO boʻlimlarida tashkil etilgan targʻibot va tashviqot tadbirlari oʻz samarasini berdi. Keng jamoatchilik vakillari hamda FHDYO boʻlimlari xodimlari, mahalla faollari ishtirokida viloyatda jami 40 dan ortiq ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi.

    Oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasining birdan bir yoʻli esa bu turmushdan avval oila qurish yoshidagi yoshlarga toʻliq tushuncha koʻnikmalarni berish va targʻibot ishlarini yoshlar orasida, mahallalarda izchil olib borish kerak.

    Elyorjon EHSONOV,

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi, Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi yetakchi maslahatchisi.