Olma-ota viloyati akimati delegatsiyasi Toshkentga keldi

    Xalqaro hamkorlik 1 Iyun 2023 721

    Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari Baxtiyor Rahmonov Olma-ota viloyati akimi oʻrinbosari Nurjan Kudayberganov boshchiligidagi akimat mutasaddilari bilan uchrashdi.

    Baxtiyor Rahmonov poytaxtda shaharsozlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Shuningdek, boshqaruv servis kompaniyalari ishi, chiqindi yigʻish punktlari, “Maxsustrans” va shu yoʻnalishdagi xususiy kompaniyalar faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtdi.

    Nurjan Kudayberganov Toshkent shahridagi oʻzgarish va yangilanishlar, poytaxt jadal surʼatlarda oʻsib borayotganligini, Yangi Toshkent qurilishi boshlanganligini eʼtirof etib, Olma-ota viloyatida yangi shahar markazi qurilishi rejalashtirilganligini va bu boradagi loyiha va ishlarni tashkil etishda Toshkent shahri tajribasi bilan oʻrtoqlashish muhim ekanligini qayd etdi.

    Baxtiyor Rahmonov Yangi Toshkent loyihasi xususida toʻxtalar ekan, u yerda maʼmuriy binolar qatori, turar joylar, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish obyektlari, IT markazlar, umuman, zamonaviy shahar markazi talabiga mos barcha inshootlar barpo etilishini aytib oʻtdi. Loyiha va hozirda shahar infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan mehmonlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

    Nurjan Kudayberganov Toshkent va Olma-ota oʻrtasida hamkorlik boʻyicha memorandum imzolash hamda birodarlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishni taklif etdi.

    Tomonlar amaliy muloqotlar davom etishini bildirishdi.