Joriy yilning oʻtgan uch oyi mobaynida yurtimizda jami sudlanganlar soni 13 907 nafarni tashkil etgan. Shundan 3 707 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bu haqida AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar berdi.
Mutaxassis ozodlikni cheklash jazosining oʻziga xos xususiyatlari haqida toʻxtaldi. Uning soʻzlariga koʻra, ozodlikni cheklash — sud tomonidan mahkumga nisbatan yashash joyini u yoki bu sabab bilan tark etishni butunlay taqiqlashdan yoki sutkaning muayyan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat.
U jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan davlat nomidan sud hukmi bilan qoʻllanadigan, mahkumni qonunda nazarda tutilgan muayyan huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasidir.
Maʼlumot uchun 2022-yilda sud tomonidan jami 56 542 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan 14 081 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Ozodlikni cheklash bir oydan besh yilgacha muddatga tayinlanadi hamda sud tomonidan belgilanadigan organlar nazorati ostida oʻtaladi. Ozodlikni cheklash, uni mahkumning yashash joyida oʻtash shartlari sodir etilgan qilmishning xususiyati va sud chiqargan qarorni ijro etishdan boʻyin tovlashining oldini olish maqsadida sud tomonidan belgilanadi.
Sud ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan shaxsning zimmasiga oʻzi yetkazgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplash, ishga yoki oʻqishga joylashish majburiyatlarini, shuningdek, uning tuzalishiga koʻmaklashuvchi boshqa majburiyatlarni yuklashi mumkin.
Qoʻllanilayotgan taqiqning (cheklash) xususiyatlarini hisobga olgan holda sud mahkumning zimmasiga quyidagi qoʻshimcha taqiqlarni (cheklashlar) yuklashi mumkin:
- muayyan joylarga bormaslik;
- ommaviy va boshqa tadbirlar oʻtkazishda ishtirok etmaslik;
- muayyan faoliyat bilan shugʻullanmaslik;
- muayyan buyumlarga ega boʻlmaslik yoki ularni oʻzida saqlamaslik;
- transport vositasini boshqarmaslik;
- mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyi, ish va (yoki) oʻqish joyini oʻzgartirmaslik, tegishli maʼmuriy hududdan tashqariga chiqmaslik;
- muayyan shaxslar bilan aloqa oʻrnatmaslik;
- aloqa vositalari, shu jumladan, internetdan foydalanmaslik;
- alkogolli ichimliklar isteʼmol qilmaslik.
Mahkum ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan oʻz zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud ozodlikni cheklash jazosining oʻtalmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkin.
Jazoni oʻtashdan boʻyin tovlash vaqti oʻtalgan jazo uning umumiy jazoni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
Agar ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jazoni oʻtash davrida oʻzining jinoiy qilmishlarini anglagan, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan, yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrnini qoplagan boʻlsa, sud mahkumga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlar) toʻliq yoki qisman bekor qilishi mumkin.
Ozodlikni cheklash jazosi harbiy xizmatchilar, chet el fuqarolari, mamlakatimizda doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.