Unga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar soni qariyb 12 million nafarni tashkil qilmoqda. 235 ta bolalar shifoxonasi ular salomatligini ta’minlash uchun mas’ul. Shundan 23 tasi respublika, 212 tasi viloyat, tuman va shahar darajasidagi tibbiyot muassasalari hisoblanadi.
Yurtimizda Respublika va hududlardagi perinatal markazlari, hamda bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida jami 29 ta shoshilinch perinatal va pediatrik mobil navbatchi reanimasiya brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Chaqaloqlarda audioskrining tadbirlari orqali ularning eshitishdagi nuqsonlarini erta aniqlashi va davolash jarayonini erta boshlash bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilyapti.
Birlamchi tibbiyot tizimida reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va bolalarning patronaji tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Oilaviy poliklinikalarda reproduktiv salomatlik va xavfsiz onalik xonalari, prenatal diagnostika, shuningdek tuman va shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarida bolalar bo‘limlari tashkil etilgan.
Bolalarda D vitamini tanqisligi va yetishmovchiligining oldini olish borasida ham profilaktik ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Andijon va Jizzax viloyatlarida A vitamini tanqisligiga qarshi saplementasiya dasturlari davom ettirilayotir.
Qolaversa, ayni paytda tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan 2000 nafar bolaning operasiyasi uchun davlat tomonidan 64 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qator murakkab amaliyotlar o‘tkazilyapti.
Bundan keyin ham bolalarning aqliy hamda jismoniy, rasional va sog‘lom rivojlanishi, chaqaloqlarda tug‘ma nuqsonlarning oldini olish, ularni bekamu-ko‘st voyaga yetishlari uchun amalga oshirilayotgan tizimli tadbirlar davom ettiriladi.
Albatta, bulardan ko‘zlangan pirovard maqsad O‘zbekistonni to‘laqonli baxtiyor bolalar mamlakatiga aylantirishdir, — deyiladi vazirlik bayonotida.