Tadbirda TurkPAga aʼzo mamlakatlar parlamentlari rahbarlari, shuningdek, TurkPAning kuzatuvchi aʼzolari delegatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar “yashil” iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, yashil energiyani joriy etish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va bu borada parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Yalpi majlisda soʻzga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi “yashil kun tartibi” boʻyicha parlamentlar darajasida hamkorlik keng istiqbollarga ega ekanligini alohida qayd etdi.
Tanzila Narbayeva yigʻilish mavzusining dolzarbligini taʼkidlab, parlamentlarning ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlari, tegishli qoʻmitalarning muntazam hamkorligini taʼminlash zarurligiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi. Shuningdek, birgalikda tadqiqotlar oʻtkazish, ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va hukumatlarga taqdim etish amaliyotini keng joriy etish boʻyicha fikrlarini bayon qildi.
Shuningdek, yalpi majlisda qayta tiklanadigan energetika sohasidagi imkoniyatlar va ekologik toza energiya resurslaridan samarali foydalanishning ahamiyati koʻrib chiqildi. Bunda anʼanaviy energiya resurslariga qaramlikni kamaytirish va ekologik nuqtayi nazardan ijobiy natijalarga erishishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Ishtirokchilar energiya xavfsizligi masalalarini hal etishda “yashil energiya”dan foydalanish, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni qoʻllashni ragʻbatlantirish boʻyicha davlatlardagi ijobiy tajribalarni muhokama qildilar.
TurkPA XIII yalpi majlisi yakunlari boʻyicha Boku deklaratsiyasi qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.