Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqadagi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda barqaror rivojlanish bilan bogʻliq qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma sifatida tashkil etilgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti qisqa vaqt ichida gender tengligi va barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish, mintaqa ayollari oʻrtasidagi hamjihatlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori boʻlgan ayollarning muhim norasmiy koalitsiyasi ekanligini isbotladi.
Muloqot boshlanganidan buyon qator uchrashuvlar oʻtkazilib, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga oid koʻplab dolzarb masalalar, bu boradagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Muloqotda raisligi doirasida uni mintaqadagi ayollar oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali maslahatlashuvlar maydoniga aylantirish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirdi.
Oʻtgan davrdagi ishlarni sarhisob qilish, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari va institutsional rivojlanish istiqbollarini koʻrib chiqish, shuningdek, dunyoning boshqa mintaqalaridagi yetakchi ayollarning shu kabi uyushmalari bilan Muloqot aloqalarini oʻrnatish maqsadida 2021-yil 21-dekabr kuni Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining yillik yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi va “BMT-Ayollar” tashkiloti koʻmagida tashkil etildi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti aʼzolari, mintaqa parlamentlari va hukumatlari vakillari, BMT taraqqiyot dasturi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi va “BMT Ayollar” tashkiloti rahbarlari, “Rayedat” Tenglik uchun arab ayollari parlamentariylar tarmogʻi va Afrika yetakchi ayollari birlashmasi vakillari ishtirok etmoqdalar.
Tadbir davomida ishtirokchilar Oʻzbekistonning Muloqotda raisligining birinchi yili yakunlarini muhokama qildilar, mintaqaviy yetakchi ayollar birlashmalarining ayollar ishtiroki va yetakchiligini kengaytirish borasidagi tajribasini koʻrib chiqdilar, 2022-yilda Muloqotning ustuvor yoʻnalishlari va uning institutsional rivojlanish istiqbollarini belgilab oldilar.
2021-yil yakunida Oʻzbekistonning Muloqotda raisligida 10 dan ortiq tadbir oʻtkazilib, 8 ta yakuniy hujjat qabul qilingan. Buning natijasida Markaziy Osiyo ayollarining davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, taʼlim, fan, sanʼat, gender tengligi va umuman barqaror rivojlanish sohalarida oʻzaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan chora tadbirlar amalga oshirildi.
Xalqaro hamkorlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari va amaliy koʻmagi Muloqotni gender tengligini taʼminlash boʻyicha ilgʻor tajriba almashish uchun toʻlaqonli platforma sifatida tashkil etishga xizmat qildi. 2021-yilda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti barqaror rivojlanish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida mintaqa ayollarining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar jarayonlarda yanada faolroq rol oʻynashga intilishlarini yuqori darajada eʼtirof etish va qoʻllab-quvvatlashga muvaffaq boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.