“Paxta xomashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori ijrosini ta'minlash, shuningdek, paxta xomashyosini yetishtiruvchilarni qo'llab-quvvatlash va ularga qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan.
O'rnatilgan tartibga ko'ra:
🗄 2023-yil hosilidan boshlab, paxta-to'qimachilik klasterlari tomonidan paxta xomashyosi to'liq elektron tarozi orqali qabul qilinadi;
🗄 qo'shilgan qiymat solig'ini paxta xomashyosi bo'yicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatiga qadar to'lash va hisobga olishga ruxsat etiladi.
2026-yil 1-aprelga qadar paxta-to'qimachilik klasterlari va qishloq xo'jaligi korxonalari (fermer xo'jaliklari) o'rtasidagi hisob-kitoblar hamda QQSni hisobga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- paxta-to'qimachilik klasterlari tomonidan paxta hosili uchun yakuniy hisob-kitoblar o'z muddatida amalga oshirilmagan taqdirda yuzaga kelgan soliq qarzdorligini QQS to'lovchisi hisoblangan qishloq xo'jaligi korxonalari (fermer xo'jaliklari)ga uch oy muddatga teng ulushlarda bo'lib-bo'lib to'lash huquqi beriladi;
- paxta-to'qimachilik klasterlariga qabul qilib olingan paxta hosili uchun elektron hisobvaraq-fakturada ko'rsatilgan QQS summasini qishloq xo'jaligi korxonalari (fermer xo'jaliklari) tomonidan QQS byudjetga to'lab berilganidan so'ng hisobga olishga ruxsat etiladi.
2023-yil 5-sentyabrga qadar hududlar va klasterlar kesimida paxta xomashyosini yig'ib olish bilan bog'liq ma'lumotlar shakllantiriladigan axborot tizimi ishga tushiriladi, 2023-yil 15-sentyabrdan boshlab esa “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Ushbu axborot tizimining “Agroplatforma”ga integratsiyalashuvi nima beradi:
⏺paxta yetishtirish sohasidagi turli ishtirokchilar o'rtasida ma'lumot almashish va muvofiqlashtirishni takomillashtiradi;
⏺bu sanoatda samaradorlik va shaffoflikni oshirishga olib keladi hamda bozor tendensiyalarini aniqroq tahlil va prognoz qilishga yordam beradi.