Qiynoqlarning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar oʻrganilmoqda

    Ijtimoiy hayot 21 Iyun 2023 2307

    19-21-iyun kunlari Toshkent shahrida ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarning oldini olish boʻyicha xalqaro standartlarga bagʻishlangan trening boʻlib oʻtmoqda.

    Oʻquv mashgʻulotlari Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamkorligida tashkil etildi.

    Ushbu trening Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalari vakillari uchun oʻtkazilyapti. Uning asosiy maqsadi jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomalalardan himoya qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini rivojlantirishdan iborat.

    Ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar va boshqa gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo turlarining oldini olish sohasidagi xalqaro standartlarni koʻrib chiqadi. Shuningdek, qiynoqlar haqidagi daʼvolarni hujjatlashtirish, qamoqqa olish joylarida shafqatsiz zoʻravonlik holatlarining oldini olishda tibbiyot xodimlari zimmasiga yuklatilgan burch va masʼuliyat mavzulari muhokama qilinadi.

    Trening davomida milliy ekspertlar Oʻzbekistonda qiynoqlarga qarshi kurash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham maʼlumot beradi. Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish va bartaraf etish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish borasida tizimli chora-tadbirlar izchil va bosqichma-bosqich asosda amalga oshirilyapti.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaz direktori Akmal Saidov taʼkidlaganidek, “Shafqatsiz muomala va qiynoqlarning taqiqlanishi – inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarda ham, butun dunyo mamlakatlarining milliy qonunchiligida ham eʼtirof etilgan asosiy huquqdir. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas”.

    Oʻz navbatida, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari boʻyicha katta maslahatchisi Nadya Yaklaf-Lalleman: “YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi istiqbolda Qiynoqlarga qarshi milliy preventiv mexanizm rivojlantirilishini qoʻllab-quvvatlashda davom etishga; Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilishda koʻmaklashishga; inson huquqlariga rioya etilishi va qiynoqlarga qarshi kurashish jarayonlarini monitoring qilishga hamda Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish borasida yordam berishga tayyor”, — deb qayd etdi.

    Mashgʻulotlarning interfaol qismida ishtirokchilar Nelson Mandela qoidalariga asoslangan amaliy tadqiqotlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, mahkumlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini himoya qilish, shafqatsiz muomalaning oldini olish choralarini koʻrish kabi mavzular har tomonlama muhokama etildi.

    Mazkurtrening “Oʻzbekistondainsonhuquqlarinihimoyaqilishmilliytiziminibarqarorrivojlantirishgakoʻmaklashish” loyihasidoirasidatashkiletildi.

    Inson huquqlari boʻyicha

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazi matbuot xizmati.