Matbuot anjumanida Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralar, matbuot vakillari va tashabbuskor fuqarolar ishtirok etdi.
Anjumanda korrupsiyaning oldini olish va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan omillarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilganligi maʼlum qilindi. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza natijalari boʻyicha yuqoridagi sohalarni tartibga soluvchi 226 ta qonunchilik hujjatining 75 tasida (33 foizi) 302 ta korrupsiyaviy omillar mavjudligi aniqlandi.
Mazkur Prezident qarori amaldagi qonunchilik hujjatlarida aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazish tizimini takomillashtirish hamda keyingi 5 yil davomida barcha normativ huquqiy-hujjatlarni kompleks tarzda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish maqsadida qabul qilinganligi maʼlum qilindi.
Yangi qarorga muvofiq, korrupsiyaga qarshi ekspertiza sohasida quyidagi yangiliklar joriy etilganligi aytib oʻtildi:
‒ barcha normativ-huquqiy hujjatlar “korrupsiyadan holi qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqiladi;
‒ 2022-2026-yillar davomida amaldagi 21 mingdan ortiq qonunchilik hujjatlari toʻliq korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkaziladi;
‒ qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi qonunchilik hujjatlarida aniqlangan 302 ta korrupsiyaviy omillar bartaraf etiladi;
‒ ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari vakillari hamda jismoniy shaxslar, yaʼni mustaqil ekspertlarga qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ilmiy va mustaqil ekspertizadan oʻtkazish huquqi berildi;
‒ har yili davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish faoliyati baholanadi;
‒ Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi ekspertiza boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy yordam koʻrsatish hamda oʻquvlar tashkil etishni amalga oshiradi.
Bundan tashqari, fuqarolardan normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan, korrupsiyaga sabab boʻladigan omillar mavjudligi haqidagi takliflarni bevosita qabul qilishga moʻljallangan adliya_korrupsiyasizqonun_bot telegram boti ishga tushirilganligi taʼkidlab oʻtildi. Mazkur telegram bot orqali aholi amaldagi qonunchilik hujjatlaridagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etish imkoniyatini yaratadigan normalar, byurokratik toʻsiqlar va asossiz xarajatlarga olib keluvchi normalar va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni Adliya vazirligiga yuborish imkoniyatiga ega boʻldi.
Shuningdek, matbuot anjumanida OAV vakillari hamda fuqarolarning qaror boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga tegishli vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari tomonidan javob berildi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.