Aslida, bu gʻoya bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. Bu Shavkat Mirziyoyevning doimiy prinsipi, hayotda koʻrib-kechirganlariga asoslangan maqsadi.
U kishining davlat rahbari sifatidagi birinchi qarorlari esingizdami? Ha, ular 2017–2021-yillarda qishloq joylarda hamda shaharlarda arzon uy-joylar qurish toʻgʻrisida edi. Bu qarorlarning birinchisi 2016-yil oktyabrda, ikkinchisi noyabrda qabul qilingan. Demak, Shavkat Mirziyoyev oʻsha yili sentyabrda Prezident vazifasini bajaruvchi boʻlishi bilanoq, bu boʻyicha topshiriq bergan, hujjatlarni tayyorlashga bir-ikki oy vaqt ketgan.
Xoʻsh, davlat rahbari nima uchun bu masalaga bunchalik eʼtibor qaratdi? Chunki insonni qadrlashning birinchi omili bu uy-joy, munosib turmush sharoiti.
Shavkat Mirziyoyev xalq ichidan chiqqan, xalqning dardini yaxshi bilgan inson. Tugʻilgan qishlogʻida, borgan joylarida odamlar qanday yashayotganini sinchkovlik bilan kuzatgan rahbar. Oʻsha paytda uy olish, bolasini vatanli qilish yoshu qari uchun katta tashvish edi. Buni Prezidentimiz odamlarning koʻzlaridan uqardi.
Misol uchun, 1991-yilda Oʻzbekiston aholisi 20 million kishi boʻlgan. 2016-yilda esa 32 million atrofida edi. Yaʼni, aholi soni 50 foizdan ziyod koʻpaygan. Lekin uylar-chi? Shunga yarasha uylar qurildimi? Shuncha aholi, yosh oilalar qayerga koʻchib chiqdi? Shuning uchun ham bu muammo kattalashib bordi. Koʻplar bola-baqrasi bilan sigʻindi boʻlib yurdi. Oltmishga kirib oʻz uyi boʻlmagan, bir hovlida besh kelin qaynona-qaynotasi bilan yashayotgan oilalar ham bor edi.
Prezidentimizning oʻzi ham yoshligida koʻp qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazgan. Toshkentda 15 yil ijarada yashagan. Institutda muvaffaqiyatli ishlab, hatto Moskvada nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagandan keyin ham “propiska” berishmagan.
Shuning uchun davlatimiz rahbari odamlarning orzularini ushaltirishga jon-jahdini bagʻishladi. Koʻplab loyihalar, xususan, arzon uy-joylar dasturi asosida oxirgi besh yilda 140 mingdan ziyod yangi kvartira va yakka tartibdagi uylar qurildi. Bu koʻrsatkich undan oldingi besh yilga nisbatan 10 barobar koʻp! Ilgari yurtimizda hech qachon bunday katta koʻlamdagi qurilish boʻlmagan.
Yana bir jihati, sharoiti ogʻir oilalarga uy-joyning boshlangʻich badallari davlat byudjeti hisobidan toʻlab berilayapti. Yaʼni, mablagʻi yoʻq odam ham yangi uy ololadi va hayotdan umidi boʻlsa, asta-sekin oyoqqa turib ketadi.
Bunday ishlar davom etayapti. Xususiy kompaniyalar qurayotgan turar joylardan tashqari “Yangi Oʻzbekiston” massivlari degan katta harakat boshlandi. Joriy yilda Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda 29 ta shunday zamonaviy mavze barpo etiladi. Kelgusi besh yilda bunday massivlarda 250 mingdan ziyod oila uy bilan taʼminlanar ekan.
Endi oʻzingiz oʻylang, har bir oilada oʻrtacha 4–5 kishidan boʻlsa, 1 milliondan ziyod aholi obod manzillarga koʻchib chiqadi. Maktab, bogʻcha, poliklinika, sport maydoni, ish joyi va eng yaxshi xizmatlar yonida boʻladi. Bunday joyda odam mazza qilib yashaydi. Yoshlarning ongi baland, ertangi kunga ishonchi mustahkam boʻladi, inshoolloh.
Bu ham inson qadrimi? Albatta, inson qadri!
II
Jizzaxlik nuroniylar shunday gurung beradi: 1996-yilda Mirziyoyev hokim boʻlib kelganda Jizzaxda zavod u yoqda tursin, non sotadigan doʻkon ham yoʻq edi. Viloyatga mehmonlar kelsa, ovqatlanishiga tuzukroq oshxona topilmasdi. Byudjet, ish oʻrinlarini gapirmasayam boʻladi.
Shavkat Mirziyoyevning oʻzi ham qish oyida hokim etib tayinlangan. Yashash joyiga borsa, tomidan chakka oʻtayotgan boʻlgan. Shu ahvoldagi viloyatni oyoqqa turgʻizdi. Akkumulyator zavodini qurdi, truba zavodini tikladi, qishloq xoʻjaligi zarardan foydaga chiqdi.
Ayniqsa, hozir Jizzaxga borib koʻring! Har qadamda doʻkon, restoran, mehmonxona, sanoat korxonalari, maishiy xizmat uylari. Oxirgi besh yilda viloyatda 3 mingdan ziyod loyiha ishga tushirilgan. Ilgari ishbilarmonlar Jizzaxdan hech narsa soʻramagan boʻlsa, endi borib mahsulotlariga navbatda turibdi. Bazalt tolasi va armaturasi, plastmassa quvurlar, meva-sabzavotlar chet ellarga eksport qilinayapti.
Eng muhimi, qancha odam ishli boʻldi, uyiga oylik olib borayapti. Tadbirkorlik qilib, ekin ekib, daromad topayapti. Qoʻlida imkoni boʻlgandan keyin inson tinch, xotirjam yashaydi, farzandlarini oʻqitadi, sogʻligʻiga qaraydi. Inson qadri shu emasmi?!
Maʼlumki, kadlar siyosatida rotatsiya degan amaliyot bor. Lekin ilgari boshqa viloyatga ishga tayinlangan inson qayerda yashaydi, deb hech kim oʻylamasdi. Masalan, andijonlik prokurorni olib, Xorazmga yuborardi. Uning uyi, bola-chaqasi nima boʻlardi, oyligining qanchasi ijaraga ketardi?
Prezidentimiz bu borada ham tartib, adolatni joyiga qoʻydi. Davlat organlarining hududiy boʻlimlari rahbarlari, profilaktika inspektorlari uchun xizmat uylari qurildi. Hozir biron hokim boshqa hududga tayinlanadigan boʻlsa, ijaraga turar joy izlab yurmaydi, xotini, bolalari bilan chakka tomgan uyga bormaydi. Avval xizmat uyi bilan taʼminlanib, hamma sharoitlar yaratilib, keyin ishga qoʻyilmoqda.
III
Inson qadri yana tenglik, emin-erkin yashash ham demakdir. Lekin, sir emas, uzoq yillar mamlakatimizda fuqarolik va ichki migratsiya bilan bogʻliq koʻp cheklovlar bor edi. Toshkent shahrida “propiska” olish azob edi. Yurtimizda yigirma yillab yashab, bolalari ulgʻayib, lekin toʻla huquqli fuqaro boʻlmaganlar son mingta edi.
Muammoga taqiq qoʻyish oson. Soha vakillariga qoʻysa, yana 20 yil shu taxlit oʻtiraverardi. Davlatimiz rahbari har ikki masalada ham aholi tomon boʻldi. Aqlli, adolatli tizim yaratdi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni ishlatdi.
Bunga ishi tushmaganlarga bilinmasligi mumkin. Lekin oxirgi yillarda fuqarolik yoki “propiska” olganlar bilan gaplashing, ularning koʻziga qarang! Ular uchun bu hayot-mamotdek edi. Bugun yelkasidan togʻ agʻdarilgan. Bemalol uylar olayapti, ishga kirayapti, toʻylar qilayapti.
Shu oʻrinda bir misol: 1992–2007-yillarda, yaʼni 15 yil davomida respublikamizda bor-yoʻgʻi 482 kishi fuqarolik olgan boʻlsa, birgina 2019-yilda 5 ming 650 nafar yurtdoshimiz shunday baxtga muyassar boʻldi.
Oʻsha yili qonunchilikka oʻzgartirish kiritilib, 1995-yilgacha yurtimizga koʻchib kelganlarga Oʻzbekiston fuqaroligini toʻgʻridan-toʻgʻri berish tartibi belgilandi. Natijada 2020-yilning oʻzida 50 ming nafar vatandoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.
Oʻtgan yili bu boradagi imkoniyat yanada kengaytirildi. Yaʼni, 2005-yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston fuqaroligi beriladigan boʻldi. Bu oʻzgarish bilan yana 20 ming kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Tasavvur qilayapsizmi, qancha inson qadr topdi! Ilgari yelkasi qisilib, bekinib yurgan boʻlsa, endi hamma bilan teng, emin-erkin yashayapti. Bilimli yoshlar, iqtisodiy faol aholi erkin harakatlanib, oʻziga munosib ish topmoqda, bu bilan mamlakatimiz rivojiga hissa qoʻshmoqda.
***
Inson qadri gʻoyasi bugun paydo boʻlmagan dedik. Bular oxirgi besh yildagi ishlardan bir-ikkitasi, xolos. Majburiy mehnat tugatilgani, mahkumlar afv etilgani, “Mehr” operatsiyalari kabi yana koʻp xayrli ishlar ham borki, ularning zamirida minglab insonlar taqdiri yotibdi.
Hatto oʻsha, valyuta ayriboshlash, plastik kartochkadan naqd pul olish kabi oddiy-oddiy masalalar ham aslida koʻlamiga koʻra juda katta. Chunki bu qulaylik mamlakatimizdagi har bir oilaga, har bir insonga daxldor. Endi odamlar avvalgiday kartadagi pulini ishlatolmay yoki naqd qilolmay yurmaydi. Tadbirkorlar xohlasa soʻmda, xohlasa xorijiy valyutada biznes qilayapti. Tekshir-tekshir, taʼqiblar yoʻq. Qaytanga, tadbirkorning hisob-raqamida chet el valyutasida aylanma mablagʻ boʻlsa, davlat xursand boʻlayapti.
Bulardan ayonki, inson qadrini ulugʻlash, xalqparvar davlat degani quruq gap emas, aniq maqsad. Buning natijalarini allaqachon koʻrayapmiz, oʻz hayotimizda sezayapmiz.
Umuman, hamma jabhada jamiyat hayoti erkinlashdi, odamlar yengil nafas ola boshladi. Bu oʻzgarishlarni xalqimiz ham, dunyo ham ijobiy baholamoqda.
Oʻzimiz koʻrib, bahra olib turgan bunday islohotlar Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili, undan keyingi yillarda ham xalqimizga koʻp roʻshnolik olib kelishiga ishonch beradi.
Anvar SAMADOV,
jurnalist