Senat qoʻmitasida byudjet va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ijrosi muhokama etildi

    Moliya 14 Dekabr 2023 1000

    Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining yigʻilishida navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilayotgan qator masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

    Xususan, «2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama etilib, unda kelgusi yilda Davlat byudjeti daromadlari 270,4 trillion soʻmni, xarajatlari esa davlat maqsadli jamgʻarmalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trillion soʻmni tashkil etishi qayd etildi.

    Shuningdek, senatorlar Qonun yuzasidan muhokamalarda byudjet daromadlarini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratib, yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirish, byudjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablagʻlar natijadorligini taʼminlash yuzasidan fikr bildirdi.

    Keyingi yilda ham byudjet xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolinadi va taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat hamda sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan taʼminlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat byudjeti xarajatlarining 50 foizi yoki 151,5 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

    “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni muhokamasi jarayonida taʼkidlanganidek, hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga solik organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va solik auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishiga doir cheklovlarni bekor qilishni hamda sudga shikoyat qilish imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilyapti.

    Shuningdek “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarda tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda eʼlon berish talabi bekor qilinayotganligi qayd etildi.

    Ushbu Qonun tadbirkorlik subyektlari huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilganligini va uning bugungi kundagi ahamiyatini inobatga olib, Qonunni navbatdagi Senat yalpi majlisi kun tartibiga kiritish belgilandi.

    Shuningdek, Qoʻmita majlisida Namangan va Fargʻona viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” ijrosi muhokama etilib, unda mazkur viloyatlarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash va bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar holati muhokama etildi.

    Xususan, Investitsiya dasturlari doirasida Namangan viloyatida 705,4 million dollarlik 1 072 ta hamda Fargʻona viloyatida 518,1 million dollarlik 1 016 ta loyiha ishga tushirilgan, hamda Namangan viloyatida 639,5 million dollarlik va Fargʻona viloyatida 827,8 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilgan.

    Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida Namangan viloyatida 83 ta, Fargʻona viloyatida esa 76 ta obyekt foydalanishga topshirilgan. Bandlik dasturi ijrosi doirasida Namangan viloyatida 541,3 ming va Fargʻona viloyatida 558,6 ming kishining bandligi taʼminlangan.

    Shu bilan birga, majlisda aholi bandligini taʼminlash rejasini sifatli bajarilishini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan kredit mablagʻlaridan samarali foydalanilishiga erishish borasida hududlardagi yechimini kutayotgan muammolar ham mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

    Qoʻmita majlisida masʼul vazirlik va idoralarga viloyatlarda xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish, past quvvatda ishlayotgan sanoat korxonalari bilan ishlash, investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini oshirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash, muqobil energiyani joriy etish, suv tejovchi texnologiyalarni oʻrnatish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi hamda bu borada qator takliflar bildirildi.

    Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.