Ayniqsa, yolg'on chaqiriqlar sababli aksariyat hollarda tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga o'z vaqtida etib bora olmaydi. Oqibatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolg'on qo'ng'iroq egasi va uning manzilini aniqlashtirish bilan ovora bo'ladi. Bu esa og'ir bemorlar hayotini xavf ostiga qo'yishi aniq.
— Sohadagi ijobiy o'zgarishlar natijasida so'nggi yillarda “Tez yordam” xizmati faoliyatida yolg'on va asossiz chaqiriqlar soni anchagina kamaydi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek YUldashev. — Bu esa yurtdoshlarimizning tibbiy savodxonligi, shaxsiy mas'uliyati ortib borayotganidan dalolat.
Raqamlarni tahlil qilsak, 2022 yilning 9 oyida “103” xizmatiga jami 4 ming 452 ta yolg'on chaqiriq kelib tushdi. Quvonarlisi, mazkur ko'rsatkichni o'tgan yilning ayni shu davri bilan taqqoslasak, asossiz murojaatlar soni 2 barobarga kamayganini ko'rish mumkin. Ya'ni, 2021 yilning yanvar`-sentyabr` oylarida bunday chaqiriqlar soni 8 ming 27 tani tashkil qilgan edi.
Ammo ayrim hududlarda hamon yolg'on murojaatlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Tahlillar shuni ko'rsatadiki, joriy yilning o'tgan to'qqiz oyi davomida eng ko'p bunday chaqiriq Toshkent viloyatida qayd etilib, mazkur raqam 1 ming 208 tani tashkil etdi. Keyingi o'rinda 590 ta chaqiriq bilan Qashqadaryo viloyati joylashgan. Shuningdek, Farg'ona viloyatidan 587 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Ma'lumot o'rnida aytish kerak, 2022 yilning 6 oyida Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga kelib tushgan 2727 ta murojaat yolg'on chaqiriq deb baholangan edi, deb xabar beradi Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.