Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan “Oʻzbekiston koʻchmas mulk va ipoteka bozori” hisoboti tayyorlandi. Hisobot Biznesni rivojlantirish banki homiyligida tayyorlanib, respublika boʻyicha uy-joy narxlari, koʻchmas mulk bozorining joriy holati, kelajagi hamda fundamental va iqtisodiy omillarga asoslangan pufak xavfi toʻgʻrisidagi tahlillar bilan birgalikda 5455 kishi va 141 ta qurilish kompaniyasi ishtirokida oʻtkazilgan soʻrov natijalarini ham oʻz ichiga oladi.
Asosiy xulosalar:
Toshkent shahrida uy-joy narxlari uchun hisoblangan “pufak indeksi” narxlar pufak xavfi chegarasiga yaqinlashib borayotganini koʻrsatmoqda. Poytaxtda oʻrtacha taʼmirlangan 2 xonali xonadon sotib olish uchun talab etiladigan muddat (oʻrtacha ish haqiga nisbatan) 10-yilgacha yetgan. Bu borada Toshkent shahri Tokio, Parij va London shaharlariga deyarli yetib olgan (UBS, 2023).
Toshkent shahrida uy-joy narxlari oʻzgarishi va uning ijarasidan keladigan umumiy yillik daromad jismoniy shaxslarning chet el valyutasidagi uzoq muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasidan (2023-yil sentyabrda 5,3 foiz) ancha yuqori hisoblanadi.
Oʻtgan yillarda aholi sonining 1 foizga koʻpayishi uy-joyga boʻlgan talabning 0,8 foiz oshishiga olib kelgan.
2021-2023-yillarda Toshkent shahri va viloyatida oʻrtacha hisobda uy-joy sotib oluvchi har beshinchi kishi ipoteka kreditiga murojaat qilgan. Bu esa ushbu hududlarda aholi uy-joy sotib olishda asosan oʻz mablagʻlaridan foydalanayotganligidan dalolat beradi.
Hududlarda 1 kvadrat metr uchun kadastr hujjatlari chiqqandan keyingi narx kadastr olishdan oldingi narxdan oʻrtacha 19-20 foizga qimmatlashadi. Poytaxtda esa ushbu koʻrsatkich 35-39 foizgacha yetadi.
Uy-joy narxlarining 500 million soʻmdan oshishi aholining 80 foizdan ortigʻining uy sotib olish imkoniyatini pasaytirib yuboradi.
Aholining aksariyat qismi ipoteka krediti yoki uy-joy narxini boʻlib toʻlash uchun oyiga 4 million soʻmgacha toʻlash qobiliyatiga ega.