Voyaga yetmagan shaxslar jinoyat sodir etganda qanday tartibda soʻroq qilinishi kerak?

    Ijtimoiy hayot 9 Noyabr 2022 3467

    Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga asosan voyaga yetmaganning jinoyatlari haqidagi ishni yuritishda qonuniy vakilning qatnashishi shart. Qonunchilikka koʻra, qonuniy vakil deganda, shaxsning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar yoki homiylar tushuniladi.

    Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi yoki tergovchining qarori boʻyicha voyaga yetmagan shaxsni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida birinchi soʻroq qilish paytidan boshlab yoʻl qoʻyiladi.

    Voyaga yetmagan shaxsni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida birinchi soʻroq qilishdan boshlab, surishtiruvchi yoki tergovchi ishda himoyachining ishtirok etishini taʼminlash choralarini koʻradi. Shu maqsadda voyaga yetmagan shaxsga va uning qonuniy vakiliga oʻzlari xohlagan himoyachini taklif etish huquqiga ega ekanligi tushuntiriladi. Agar himoyachi voyaga yetmagan shaxsning, uning qonuniy vakilining yoxud boshqa shaxslarning topshirigʻi yoki roziligi bilan chaqirilmagan boʻlsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini oʻz tashabbusi bilan taʼminlashga majbur.

    Voyaga yetmagan shaxsga ayblov eʼlon qilish vaqtida himoyachi bilan bir qatorda voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili ham ishtirok etadi.

    Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini va ayblanuvchini soʻroq qilish himoyachi, qonuniy vakil ishtirokida amalga oshiriladi.

    Himoyachi va qonuniy vakil gumon qilinuvchiga va ayblanuvchiga savollar berishga haqli. Soʻroq yakunlangach, himoyachi va qonuniy vakil bayonnoma bilan tanishishga va u haqda oʻz mulohazalarini bildirish huquqiga ega.

    Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini, ayblanuvchini soʻroq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda olti soatdan oshmasligi kerak.

    Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini soʻroq qilishda surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ixtiyoriga koʻra yoxud voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosiga binoan pedagog va (yoki) psixolog ishtirok etishi mumkin. Pedagogning va (yoki) psixologning ishtirokini taʼminlash jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning zimmasiga yuklatiladi.

    Voyaga yetmagan ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot choralari qoʻllanilgani toʻgʻrisida uning qonuniy vakiliga, agar bunday vakil boʻlmasa, boshqa qarindoshlariga xabar qilinadi.

    Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish yoki uy qamogʻi voyaga yetmagan shaxsga nisbatan faqat ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻlganda va unga besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin boʻlgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb eʼlon qilingan hamda ayblanuvchining munosib xulq-atvorda boʻlishini boshqa ehtiyot choralari taʼminlay olmaydigan taqdirda qoʻllanilishi mumkin.

    Maʼlumot uchun: Jinoyat protsessual kodeksining 236-moddasiga asosan Ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan boʻyin tovlashining oldini olish;

    uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish;

    uning ish boʻyicha haqiqatni aniqlashga xalal beradigan urinishlariga yoʻl qoʻymaslik;

    hukmning ijro etilishini taʼminlash maqsadida qoʻllaniladi.

    Ayblanuvchi, sudlanuvchi sodir etgan, Jinoyat kodeksi 15-moddasining toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatning xavfliligi tufayli u surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan yashirinishi mumkin degan oʻrinli taxmin ham qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asos boʻlishi mumkin.

    Ekspertiza oʻtkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilishini kutayotgan shaxslarga, shuningdek aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxslarga nisbatan ehtiyot choralari ularning qochib ketishining va boshqa ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish, shuningdek tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash haqidagi sud ajrimining ijrosini taʼminlash maqsadida qoʻllanilishi mumkin.

    Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qoʻllanilgan voyaga yetmagan shaxslar katta yoshdagilardan, shuningdek voyaga yetmagan mahkumlardan alohida saqlanishi lozim.

    Abbosxon Aʼzamxonov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    Inson huquqlarini himoya qilish

    boʻlimi boshligʻi.