Ayni kunda institutimizda 11 ta davlatdan 446 nafar talaba-yosh tahsil olmoqda.
Bu bejiz emas. Prezidentimizning “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, har bir oliy taʼlim muassasasi jahonning yetakchi ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatish, oʻquv jarayoniga xalqaro taʼlim standartlariga asoslangan ilgʻor pedagogik texnologiyalar, oʻquv dasturlari va oʻquv-uslubiy ishlanmalarni keng joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, pedagoglar uchun mahorat darslari oʻtkazish, malaka oshirish kurslariga xorijdan yuqori malakali oʻqituvchi va olimlarni jalb qilish asosida magistrant, yosh oʻqituvchi va ilmiy xodimlarning salohiyatini oshirish, qayta tayyorlash ishlari taʼlim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Shu kunga qadar bu yoʻnalishda 137 nafar professor-oʻqituvchimiz xorijiy OTM va tibbiyot markazlarida malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻldi. Ularning 8 nafari Germaniyadagi Kyoln universiteti klinikasi, Rossiyaning V.I.Kulanov nomidagi akusherlik, ginekologiya va perinatologiya ilmiy tekshirish instituti hamda Xitoyning “College of Agronomy and Biotechnology of Southwest University”ga va Slovakiyaning Koshitse universitetlarida malaka oshirib qaytdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligining buyrugʻiga asosan, institutimizning 3 nafar professor-oʻqituvchisi Olmaota shahrida oʻtkazilgan “OTMlarni tashqi akkreditatsiyadan oʻtkazish tartib-qoidalari” boʻyicha oʻquv kursida, shuningdek, “Taʼlim va sogʻliqni saqlash sifatini akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda taʼminlash Yevroosiyo markazi”da oʻquv-seminarda qatnashib, malaka oshirdi. 213 nafar xorijiy professor-oʻqituvchi bevosita oʻquv jarayoniga jalb etilib, talabalar, magistr va shifokorlar uchun oʻquv mashgʻulotlari hamda seminar-trening va mahorat darslari oʻtkazdi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan ishchi kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosi doirasida institutimizga soatbay asosda 7 nafar xorijiy professor-oʻqituvchi jalb etilgan.
Institutimiz respublika OTMlari ichida birinchi boʻlib Rossiya Kardioxirurgiya markazi bilan onlayn “Telekoʻprik” asosida ishlab kelmoqda. Shu maqsadda “Telemeditsina” markazi tashkil qilingan. Bugunga qadar bu yoʻnalishda 209 marotaba masofaviy videomaʼruza oʻtkazilib, kardioxirurgiya sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklar, amaliy ishlar yuzasidan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Respublikada birinchilar qatorida masofaviy xalqaro onlayn malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Hozirga qadar 171 nafar pedagog-xodim yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro sertifikatga ega boʻldi. Shuningdek, saksonga yaqin talaba, magistr va klinik ordinatorlar xalqaro va fan olimpiadalari, amaliyot oʻquv kurslari, “Erasmus+Talabalar mobilligi” dasturi, xalqaro konferensiyalar hamda “Talabalar almashinuvi” dasturlarida qatnashib kelmoqda.
Germaniyada malaka oshirishdi
Hamkorlik aloqalari haqida gap ketganda, Germaniyaning Bremen universiteti bilan olib borilayotgan ishlar eʼtiborni tortadi. Bugunga qadar bir guruh talaba va professor-oʻqituvchilarimiz Yevropada oʻquv va akademik mobillik dasturi boʻyicha safarda boʻlib, Yevropa, xususan, Germaniya standartlari asosida amaliyot oʻtab, bilim va koʻnikmalarga ega boʻldi. 2019-2020-yillar mobaynida institutimiz 2 ta xalqaro ilmiy-amaliy loyihani amalga oshirdi. Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) koʻmagi va qoʻllab-quvvatlashi bilan loyiha qiymati 130 ming dollarga teng boʻlgan Kislorod generatori (sexi) ADTI klinikasiga oʻrnatildi. Bu klinikamizning sof tibbiy kislorodga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplash imkoniyatini berdi. Ushbu tashkilot bilan hamkorlikda “Endoxirurgiya” markazi tashkil etildi. Universitetning yetakchi mutaxassislari bilan oʻquv, malaka oshirish va qayta tayyorlov kurslari yoʻlga qoʻyilmoqda. Xususan, Rostok universiteti bilan magistratura yoʻnalishida “Tibbiyot biotexnologiyalari” boʻyicha qoʻshma taʼlim faoliyati yoʻlga qoʻyilib, joriy oʻquv yilida ilk talabalar oʻqishga qabul qilinadi.
Zamonaviy tibbiyotda transplantatsiya va sunʼiy aʼzolardan samarali foydalanish borasidagi ish koʻlami ham kengaymoqda. Soha rivoji yoʻlida amalga oshirilayotgan yangi loyiha va amaliy ish tajribalar malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash imkoniyatini beradi. Shu maqsadda bir guruh mutaxassislarimiz Moskva shahridagi Akademik V.I.Shumakov nomidagi “Transplantologiya va sunʼiy aʼzolar” ilmiy tibbiyot markazida malaka oshirib qaytdi. Markaz direktori akademik S.Gotye bilan tibbiyot sohasida transplantatsiya jarayonlarini kengaytirish, mutaxassislar almashinuvini yanada rivojlantirish bilan bogʻliq qator kelishuvlarga erishdik.
Oʻtgan yili M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida boʻlib oʻtgan “Tibbiyotda simulyatsion taʼlim: tajriba, rivojlanish, innovatsiyalar.
ROSOMED-2022” xalqaro konferensiya va ROSOMEDning XI syezdida qatnashdim. U yerdagi maʼruza va mahorat darslaridan soʻng, Rossiyadagi koʻplab nufuzli tibbiyot muassasalari, qator taniqli mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib borish, tajriba almashish doirasida muzokaralar oʻtkazdik. A.V.Vishnevskiy nomidagi xirurgiya milliy-ilmiy tadqiqot markazi bilan imzolangan ikki tomonlama kelishuvga asosan “Yoʻl xaritasi” doirasida istiqbol rejalari belgilab olindi. Shu bilan birga, 2022-yil oktyabr oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Taʼlim, ishlab chiqarish va ilmiy samaradorlikni boshqarish” mavzusida III Oʻzbekiston — Rossiya taʼlim forumi doirasida institutimiz Rossiyadagi qator oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, oʻquv va ilmiy ishlar yoʻnalishlarida tajriba almashinuvini rivojlantirish boʻyicha manfaatli kelishuvlarga erishdi.
Andijon davlat tibbiyot instituti va Ural federal universiteti “Biomeditsinadagi nanotexnologiya”lar mavzusida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida oʻzaro hamkorlik shartnomasini imzoladi. Uning asosiy maqsadi kursantlar hamda talabalarga, pedagog-oʻqituvchilarga seminar (vebinar) darslar oʻtish. Faqat amaliy mashgʻulotlar emas, balki ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash asosiy oʻrinni egalladi. Yaʼni kasalliklarni
nafaqat klinitsist nuqtayi nazaridan, balki eksperimental mutaxassis tekshirish yoʻllari bilan isbotlash, klinitsist va eksperimentator oʻzaro hamkorligi yanada koʻproq foyda berishiga kelishib olindi. Bundan tashqari, UFU tomonidan hududlarimizda oʻsadigan dorivor oʻsimliklar tarkibini aniqlash, qoʻshimcha moddalar bilan boyitish yoʻli orqali yangi biologik faol dorivor preparatlar yaratish koʻzda tutilmoqda.
Akusherlik va ginekologiya sohasida ham qator kelishuvlar amalga oshirildi. Bunday amaliy hamkorlik aloqalari Belarus, qoʻshni Qirgʻiziston va Dogʻiston respublikasidagi nufuzli tibbiyot muassasalari bilan ham yoʻlga qoʻyildi. Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti bilan institutimiz oʻrtasida stomatologiya yoʻnalishida tashkil etilgan hamkorlik natijasida oʻqituvchi va talabalar oʻzaro amaliyot va tajriba almashmoqda. 2022-yilning mart oyida Andijon davlat tibbiyot instituti asosiy oʻquv bazasiga Janubiy Koreya davlat transport universiteti bilan “Parameditsina” yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi asosida fakultet ochish boʻyicha memorandum imzolandi. Bu nafaqat qoʻshma taʼlim, balki tibbiyotning biotexnologiya yoʻnalishini yanada rivojlantirish, ikki davlat oʻrtasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borish, talaba va institut professor-oʻqituvchilari malaka oshirish almashinuv loyihalarini oʻz ichiga olgani bilan katta ahamiyatga ega.
Institutimiz bilan Turkiyaning Hasetepe hamda Ege universitetlari bilan uzviy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Uni yanada mustahkamlash maqsadida qoʻshma ilmiy simpoziumlar oʻtkazish, akademik va talabalar mobilligi rivojlantirish boʻyicha kelishuvlar amalga oshirilmoqda. Turkiyaning “Alfa Omega med” tashkiloti bilan hamkorlik aloqasi oʻrnatildi. Bunda yurak, jigar, buyrak transplantatsiyasi sohalarida mutaxassislar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash uchun sharoit yaratish, mahorat darslari va treninglarni bosqichma-bosqich oʻtkazish yuzasidan manfaatli memorandum imzolandi.
Xalqaro yozgi maktab
Andijon davlat tibbiyot institutida respublikada birinchilardan boʻlib “Xalqaro yozgi maktab” tashkil etildi. 2019-yil Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning yetakchi tibbiyot universitetlaridan 12 nafar talaba qatnashgan boʻlsa, 2022-yilda 17 nafar talaba yozgi maktabdagi oʻquv-amaliy mashgʻulotlarda faol ishtirok etdi.
Bu yerda talabalar oʻquv yili davomida oʻzlashtirgan nazariy bilimlarini amaliy mashgʻulotlar doirasida mustahkamladi va turli vaziyatlarda oʻzlarini yoʻqotmay bemorga yordam bera olish koʻnikmasiga ega boʻldi. Yozgi maktabdagi faoliyati va berilgan vazifalar ijrosini professor-oʻqituvchilar doimiy nazorat qilib, baholab bordi. Mutaxassislar tomonidan Birlamchi va kengaytirilgan yurak oʻpka reanimatsiyasi boʻyicha maʼruza va interaktiv amaliy trening mashgʻulotlari oʻtkazilib, darslar qiziqarli va interfaol usullarga boy tarzda tashkil qilindi. Mazkur jarayonni yanada jonli, amaliy muloqotlarga boy qilish maqsadida olis va yaqin hududlarda mashgʻulotlar oʻtkazishga eʼtibor berilmoqda. Loyihani kelgusi yillarda ham davom ettirish maqsadimiz bor.
Boisi, amaliy mashgʻulotlarga boy maktablar talabalarimizga sohani yanada mukammal darajada egallashi va kutilmagan vaziyatlarda erkin harakat qila olish imkoniyatini beradi.
Taʼlim sifati va samaradorligini oshirish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da yanada rivojlanadi. 20232024 oʻquv yili Janubiy Koreya Milliy transport universiteti bilan ADTI qoshida “Parameditsina” yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish, Xitoydagi Shangdong birinchi tibbiyot universiteti hamkorligida “Stomatologiya” qoʻshma taʼlim yoʻnalishini amalga oshirish, Germaniyaning Rostok universiteti bilan “Tibbiyot biotexnologiyasi” magistratura (1+1) mutaxassisligi boʻyicha shartnomaga asosan tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Madamin MADAZIMOV,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori,
professor